Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qayd etilmaganlar…

Qayd etilmaganlar…

Foto: «Oxo.uz»

FHDYo organlari tomonidan tizimli o‘rganishlar natijasida tug‘ilish, o‘lim, nikoh va ajralish, ism va familiyani o‘zgartirish kabi fuqarolik holatini qayd etish jarayonlarida bir qator kamchiliklar aniqlandi. Bugungi kunda mamlakatimizda minglab bolalar va oilalar zarur davlat hujjatlarisiz qolmoqda.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu ijtimoiy muammoning kelib chiqishiga bir necha sabablar bor. Ular ichida — aholining huquqiy bilimlari va madaniyati darajasi yetarli emasligi, olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlar aholisi uchun davlat xizmatlari joylarga chiqib ko‘rsatishning keng va tizimli amaliyoti joriy etilmaganligi. Bunday fuqarolarga FHDYo organlariga borish uchun transport xarajatlari sezilarli.

Huquqlari cheklangan bolalar

Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma — har bir inson hayotida dastlabki rasmiy hujjat hisoblanadi. U fuqarolik pasporti kabi bolaning shaxsini tasdiqlaydi.

Bu muhim hujjatga ega bo‘lmagan ota-onalar farzandining manfaatlarini himoya qila olmaydi. Axir ma’nan, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga ega bo‘lmaslik — rasmiy qayd etilmaganlik demakdir, buningsiz esa — kishi umuman mavjud emas desa ham bo‘ladi. Bola ismidan boshqa hech narsaga ega emas, u ham bo‘lsa hech qayerda qayd etilmagan.

Guvohnomasiz bog‘chaga, maktabga joylashtirib bo‘lmaydi, davlat shifoxonalarida esa kasalga anketa ochilmaydi.

Masalaning dolzarbligi, shuningdek, e’tibordan chetda qolib ketsa kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy oqibatlar inobatga olingan holda, O‘zbekiston prezidenti tomonidan «Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qilindi.

Mazkur normativ-huquqiy hujjatda 2019-yil 1-iyulga qadar respublika bo‘ylab tegishli tartibda qayd etilmagan tug‘ilganlik holatlari aniqlanishi va to‘liq xatlovdan o‘tkazilishi belgilangan. Joylardagi davlat xizmatlari markazlari xodimlari ham bu tadbirlarda faol qatnashmoqda. Uyma-uy yurish natijasida, bugungi kunda ular tomonidan Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan haq-huquqlaridan to‘laligicha foydalana olmayotgan 4 mingdan ziyod bolalar aniqlandi.

«Birorta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas» va «Tug‘ilganlikning qayd etilishi — bola huquqlarini ro‘yobga chiqarilishining va fuqarolik bo‘lmasligining oldini olishning huquqiy asosidir» degan ezgu g‘oyalarga amal qilgan holda 2 500 dan ortiq kichik fuqarolarimiz zarur hujjatga ega bo‘lishdi.

Pasportida maxsus belgisiz

Yuqorida aytib o‘tilgan normativ hujjatda belgilangan muammolardan biri — uzoq muddat qayd etilmagan nikoh bilan yashab kelgan oilalarni aniqlash. Mamlakatimizning chekka hududlari aholisi, huquqiy savodxonlik darajasi pastligi tufayli, nikoh rishtalarini qonuniylashtirish muhimligi darajasini anglamaydi.

Rasmiy nikoh — o‘zida ko‘proq ijtimoiy emas, balki huquqiy maqomni aks etadi. Axir tegishli ro‘yxatdan o‘tmagan holda, birga 20 yil yashab turib, o‘rtada o‘zaro farzandlar bo‘lsa-da, yuridik nuqtai nazardan bu fuqarolar bir biriga begona. Nikoh tug‘risidagi guvohnoma bilan birgalikda, turli hayotiy holatlarda, kishida turmush o‘rtog‘ining hayoti va sog‘lig‘iga tegishli qaror qabul qilish, sud jarayonida unga qarshi guvohlik qilmaslik, shuningdek, avtomatik tarzda meros va otalikni tan olish huquqlari beriladi. Bola tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani olish, rasmiy nikohda bo‘lgan holda uning aksiga ko‘ra ancha oson.

Bugungi kunda 2 266 ta norasmiy nikoh bilan yashayotgan oilalar aniqlanib, ularning yarmidan ortig‘i mazkur zarur hujjatni qo‘lga kiritdi.

Kutilayotgan yechimlar

Yuqorida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab tegishli ro‘yxatdan o‘tmagan oila va bolalarni aniqlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli aksiya bo‘lib o‘tmoqda. Keyingi yilning o‘rtalarigacha bu kabi ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni to‘liq bartaraf etish rejalashtirilgan.

Hozirda mazkur xizmatlar bepul ko‘rsatilayotganiga, yig‘im esa faqatgina davlat hujjatlari bosilayotgan maxsus qog‘oz uchun undirilayotganiga qaramay, qarorda davlat boji stavkalari, gerb yig‘imlarini va FHDYo organlari tomonidan ko‘rsatiladigan pullik xizmat tariflarini optimallashtirish ko‘zda tutilgan. Asosiy maqsad —  har bir inson hayotidagi hujjatlarni olish fuqarolarning moliyaviy ahvoliga zarar yetkazmasligi kerak.

Ushbu sohadagi yana bir yangilik — FHDYo organlari bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek tug‘ilish va o‘lim haqida yagona noyob kodli unifikatsiyalangan elektron ma’lumotnoma berishning tartibini joriy etish. Bundan tashqari, 2019-yil 1-yanvardan boshlab tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning qayd etilishida chaqaloqlarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR) berilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozirda JSh ShIR fuqarolik pasporti bilan birga beriladi.

Davlat xizmatlari agentligining AKT bo‘limi mutaxassislari aholiga xizmatlarni ko‘rsatish jarayonini maksimal darajada soddalashtirish ustida tinmay ishlab kelmoqdalar. Kelgusida tezkor ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida sog‘liqni saqlash, FHDYo va davlat statistika organlarining elektron tizimlarini integratsiyalash rejalashtirilgan. Mazkur jarayon yakunlangach, mamlakatimiz aholisi davlat xizmatlarini «Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi» tamoyili bo‘yicha olishning qulayliklarini o‘zida his etadi.

Davlat xizmatlari agentligi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring