Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qisqa raqamlarda kutish muammosiga Raqobat qo‘mitasi takliflar ishlab chiqdi

Qisqa raqamlarda kutish muammosiga Raqobat qo‘mitasi takliflar ishlab chiqdi

Foto: Xabar.uz

Raqobat qo‘mitasi aholining qisqa raqamlar orqali xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga murojaat qilishida kuzatilayotgan muammolarni o‘rganib chiqdi. Tahlillar mobaynida qisqa raqamlarning doimiy bandligi, operator bilan bog‘lanish uchun uzoq vaqt kutish, qo‘ng‘iroqlarga javob berilmasligi va navbat yetib kelganda texnik uzilishlar eng dolzarb muammolardan biri ekani qayd etildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mobil aloqa abonentlari eng ko‘p elektr, gaz, suv ta’minoti hamda boshqa hayotiy muhim xizmatlarning qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilgan. Ayrim holatlarda operator bilan bog‘lanish uchun o‘rtacha kutish vaqti 10–30 daqiqagacha yetgan.

Shuningdek, kommunal xizmatlarga oid murojaatlarning 80–90 foizdan ortig‘i Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch raqami orqali qabul qilingani aniqlangan.

O‘rganishlar kommunal sohadagi murojaatlar soni so‘nggi davrda sezilarli oshganini ko‘rsatdi. Xususan, gaz ta’minoti bo‘yicha murojaatlar 4,5 barobar, maishiy chiqindi xizmatlari bo‘yicha 2,4 barobar, ichimlik suvi va qurilish xizmatlari bo‘yicha esa 1,2 barobar ko‘paygan.

Tahlillar davomida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning aloqa markazlari faoliyatini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ham ma’lum bo‘ldi.

Qo‘mita fikricha, bu holat jismoniy va yuridik shaxslarning ishonch telefonlaridan samarali foydalanishiga to‘sqinlik qilib, fuqarolarning ortiqcha vaqt yo‘qotishi va muammolarini tez hal qilish imkoniyatini cheklamoqda.

Aniqlangan muammolar asosida Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish, aholining vaqt yo‘qotishining oldini olish va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga bo‘lgan ishonchni oshirishga qaratilgan takliflarni Raqamli texnologiyalar vazirligiga yubordi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-noyabrdagi 790-son qarorida belgilangan aloqa markazlari faoliyatini baholash tartibini aholi bilan ishlovchi barcha tashkilotlarga tatbiq etish, aniq kamchiliklar uchun javobgarlik belgilash hamda baholash natijalarini ochiq e’lon qilib borish taklif etilmoqda.

Qo‘mita ta’kidlashicha, mazkur takliflarning amalga oshirilishi qisqa raqamlar orqali murojaat qilish jarayonini tezkor va qulay qilishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring