Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatiladi

Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatiladi

Parlament Quyi palatasi majlisida deputatlar «Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi palata qarori loyihasini ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanishicha, Samarqandni «Millionli shahar»ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar-joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda. 

Shundan kelib chiqib, Oqdaryo tumanidan 1 410,6 gektar, Pastdarg‘om tumanidan 1 242,3 gektar, Samarqand tumanidan 13 308 gektar, Toyloq tumanidan 1 265,6 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilmoqda.

Shahardan 518 gektar va Samarqand tumanidan 1 551 gektar yer maydoni Pastdarg‘om tumani, Samarqand tumanining 28 295 gektar yer maydoni esa Toyloq tumani tarkibiga o‘tkazilmoqda. Bunda shahar va tumanlar tarkibiga o‘tkazilayotgan yerlarning amaldagi yer fondi toifalari o‘zgartirilmagan.

Ushbu chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahrining hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektarga kengayib, yangi loyihalar uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu orqali shahar aholisi 604 ming nafardan 882 ming nafargacha oshadi. Shuningdek, yangi uy-joy massivlarini barpo etish bo‘yicha «Shirin» shaharchasi, «Temir yo‘l orti» hududi va «Qorasuv-2» massivi hududlarida 309 ming aholi uchun 710 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi.

Samarqand shahrida yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bog‘lari kabi ko‘ngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etilib, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish obektlari va logistika markazlari quriladi.

Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Samarqand shahar, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mazkur masala yuzasidan qaror loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring