Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda o‘nlab imkoniyati cheklanganlar «Iyegova shohidlari»ga qo‘shilib ketgani aytildi

Samarqandda o‘nlab imkoniyati cheklanganlar «Iyegova shohidlari»ga qo‘shilib ketgani aytildi

Foto: «samarkand.uz»

Samarqand viloyati hokimligida aholi, ayniqsa, yoshlarni missionerlik va prozelitizm ta’siridan himoyalash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Viloyat kengashi deputatlari, prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar idoralari mutasaddilari, «Nuroniy» jamg‘armasi, «Mahalla» jamoat fondi, noislomiy diniy tashkilotlar rahbarlari, yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etgan yig‘ilishni viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.

- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugun mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik tamoyili asosida barcha din vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratilib berilgan, - dedi hokim. – Bu imkoniyatlarni suiiste’mol qilayotgan ayrim guruhlar «missioner»ga aylanib, yurtdoshlarimizni ham o‘zlari tomon chorlamoqda. «Iyegova shohidlari» tashkiloti g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan kitoblar asosida yig‘ilishlar o‘tkazib, millatimiz birdamligiga rahna solishga intilmoqda. Iyegova shohidlarining ochiqdan-ochiq ta’qiblari, xatti-harakatlaridan norozi bo‘layotgan yurtdoshlarimiz soni keskin oshmoqda. Mahalla oqsoqollarida bunday oqimlarga qarshi turish malakasi topiladimi? Shunday vaziyatda bu kabi murojaatlarga nima deb javob berishni bilishadimi? Deputatlar, siyosiy partiyalar vakillarida hafsala va jasorat namoyon bo‘ladimi?

Viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov, Samarqand shahridagi Avliyo Georgiy ibodatxonasi klirigi A.Ponomaryov, «Iyegova shohidlari»dan ozor chekkan fuqaro M.Karimov globallashuv zamonida boshqa dinni targ‘ib qilish, samoviy dinlarning barchasiga zid bo‘lgan g‘oyalarni yoyish, inson qalbi va ongini zabt etishga, o‘z dinidan voz kechishga qaratilayotgan missionerlik harakati xavfi o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini ta’kidlashdi.

- Bir qarashda, ushbu mavzu bo‘yicha ko‘p gapirganmiz, yig‘ilish va tadbirlar o‘tkazib, maqola va risolalar chop etib, ular hayotidan olingan filmlar yaratgan holda yurtdoshlarimizni missionerlikning ayanchli oqibatlaridan xabardor qilib qo‘ygandekmiz, - dedi Z.Eshonqulov. – Ammo e’tiborsizligimiz tufayli o‘nlab imkoniyati cheklangan (kar va soqov) yurtdoshlarimiz «Iyegova shohidlari»ga qo‘shilib ketishgan. Chunki biz ularni masjidga kirgizmaganmiz, muqaddas Islom dinimizda o‘z e’tiqodidan voz kechishlik murtadlik, kechirilmas gunoh ekanligini tushuntira olmaganmiz.

Viloyat rahbari g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid sifatida davom etayotgan missionerlik faoliyatini o‘z o‘rnida anglash, ulardan doimo ogoh bo‘lish, mazkur harakatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar zimmasiga vazifalar yukladi.

Ishtirokchilar hukmiga «Iyegova shohidlari»: Manqurtga aylantirish san’ati» nomli videofilm namoyish etildi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilar Prezidentimizning «Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash, masjidlarda jamoat tartibini saqlash, muruvvat, sahovat va mehribonlik uylarida xayriya tadbirlarini uyushtirish masalalarida ham o‘zaro kelishib oldilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring