Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senator «fermerlar qasamyodi» haqida: «Bu rahbariyat oldida obro‘ olishga urinish emasmi?»

Senator «fermerlar qasamyodi» haqida: «Bu rahbariyat oldida obro‘ olishga urinish emasmi?»

Foto: «xs.uz»

Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan «fermerlar qasamyodi»ga o‘z munosabatini bildirdi. Uning maqolasi O‘zXDP saytida e’lon qilindi.

«Mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlash, munosib hayot sharoitlarini yaratish, jamiyatimizda demokratik tamoyillarni tatbiq etish uchun izchil, tizimli ishlar olib borilmoqda. Ishlab chiqarishning har bir yo‘nalishiga ilg‘or texnika va texnologiyalarni olib kirish, innovatsiya yaratishni davrning o‘zi talab qilmoqda.

Shu jumladan qishloq xo‘jaligida ham mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, mamlakatga daromad keltirish, davlatni ham fermerni ham boy qilish maqsad muddaoga aylangan.

Shu kunlarda Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan «fermerlar qasamyodi» ham aslida yuqorida keltirilgan maqsadga erishish niyatida amalga oshirilgan. Lekin, bu qanchalik to‘g‘ri bo‘ldi va bu qasamyod bilan qishloq xo‘jaligidagi bugungi ahvolni yaxshilab bo‘ladimi?

«Qasamyod — harbiy yoki boshqa shu turdagi xizmatga kirayotganda, ma’lum bir statusni olayotganda (masalan, fuqarolik olayotganda yoki sudda guvohlik berayotganda), lavozimga tayinlanayotgandagi rasmiy va tantanali ont ichish marosimi. Qasamyod faqat ommaviy tarzda (omma ko‘z o‘ngida) amalga oshiriladi va qasamyod qiluvchiga uni — qasamyodni ado etmagani uchun yuridik javobgarlikni yuklaydi».

Demokratik tuzumlarda qasamyod mas’uliyat hajmi ulkan bo‘lgan, mas’uliyatsizlik oqibatida jamiyat katta talofat ko‘rishi mumkin bo‘lgan holatlarda hamda sudda — haqiqatni yuzaga chiqarishga safarbar etilgan idoradagina qo‘llanadi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, fermer bu — tadbirkor. U qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiradi va o‘z faoliyatini bozor talablari asosida yuritishi kerak. Fermerga qasam ichirish bilan biz unga «ma’naviy cheklov» qo‘ymoqdamiz, dehqonni qasamga tayantirish jamiyatimiz rivoji uchun foyda keltiradimi yoki zarar?

Bu holat rahbariyat oldida «yangilik» yaratib obro‘ olishga urinish emasmi?

Qishloq xo‘jaligidagi salbiy holatlar sanoqli bo‘lsa, barchaga «ommaviy» qasam ichirish zarurmi? Agar bunday holatlar ko‘p bo‘lsa, unda ularni keltirib chiqargan sabablarni tahlil qilish, tizimli choralar ko‘rilishi kerak-ku!

Mening fikrimcha, fermerlarimizning bu yilgi noqulay sharoitda mo‘ljaldagi hosilni yetishtira olmaganligi uchun nafaqat ob-havo yoki dexqonning dangasaligi, uddaburon emasligi aybdor emas, balki ishni tashkil qilishdagi tizimli kamchiliklarimiz sabab bo‘lgan. Tumanlarda bo‘lib fermerlar, tajribali dexqonlar bilan suxbatlashib quyidagi sabablarni aniqladik. Ya’ni, fermerlarda zarur darajada bilim yetishmasligi, texnikalar eskirgani yoki yetishmasligi, yerning meliorativ holatini to‘g‘ri baxolay olmaslik va unga chora ko‘rishdagi nochorlik, fermer xo‘jaliklarning aksariyatida agronomlar yetishmasligi, urug‘chilikning achinarli ahvoldaligi, sug‘orish ilmi unutilib borayotgani, suv taqsimotidagi xatoliklar va yana bir qator.

Menimcha, qishloq xo‘jaligidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun avvalo yuqorida keltirilgan kamchiliklarni qanday yo‘qotish mumkin degan savolga javob topish kerak. Balki mayda fermer xo‘jaliklaridan uyushma tashkil etib, ularda ish boshqaruvchi, agronom, buxgalter, traktorchi, suvchi kabi zarur lavozimlar joriy etilishi moliya ishlaridagi, agronomiya ishlaridagi, umuman ishni takil etishdagi kamchiliklarni oldini olar. Mana shunday fermer-dexqon uyushmalariga tajribali insonlar boshchilik qilsa fermerlarning ma’suliyat hissi bir qancha ko‘tarilar?

Bu mening shaxsiy fikrlarim, mutaxassislardan bu mavzuda takliflar berishlarini kutib qolaman», degan o‘z maqolasida Maqsuda Vorisova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring