Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Seni uydan quvmayin, otang o‘lsin bolam-ov...»

«Seni uydan quvmayin, otang o‘lsin bolam-ov...»

Foto: «Pxhere»

 Ey dil! Ul ne erur — og‘irdan-og‘ir?
Ayriliqdan yurak titrar zir.

«Farzandnoma»dan.

Ulfatchilikdan kayfi chog‘dan-da chog‘ bo‘lib, bilgan-bilmagan qo‘shig‘ini xirgoyi qilgancha bir-bir bosib ketayotgan Yusufboy bog‘cha yonidan o‘ta turib beixtiyor serrayib qoldi. Bog‘cha ostonasida o‘zlarini kutib turgan ota-onalari tomon shodon sakrab, qiyqirib chiqib kelar bolalar yomonam e’tiborini tortdi-ya... Jajji bolakaylarning «dadajon, ayajon» degan sho‘x-shodon so‘zlari Yusufboyning qulog‘idan kirib, yuragiga sanchildi.

Qancha turganini bilmaydi. Kayfi taroq, labidan sizib chiqqan so‘z «Bola-a-m» bo‘ldi...

«Uh» torta-torta ortga qaytdi, borar manzili — qo‘shni mahalladagi, bundan yetti yil burun o‘zi kuyov bo‘lib suzilmish uy bo‘ldi. Tanish xonadonga yaqinlashgan sari oyoqlaridan quvvat ketar, ich-ichidan takrorlamish «bolam-bolam» so‘zi dalda bo‘lib-dalda bo‘lib, sobiq qaynota-qaynonasi eshigi zulfini sekin-asta urar bo‘ldi.

Oltmishni qoralamish qaynonasi ancha vaqtdan buyon qorasini ko‘rsatmagan sobiq kuyoviga ko‘zi tushib, hayrondan-hayron bo‘ldi: «K-keling, bolam... Nechuk?».

Yusufboyning tili tanglayiga yopirash bo‘ldi. O‘zini qo‘lga olgandan so‘ng: «Bolam, Yunusjonimni ko‘rsam...», — deya, ko‘zda yoshi shashqator bo‘ldi.

Buni ko‘rgan qaynonaning ham ko‘ngli buzilmish, labini tishlab ohista aytari: «Yunusjon ayasi bilan ketgan-ku?» demish bir gap bo‘ldi.

Yusufboyning bo‘g‘zidan «Aa-a...» degan hirqiroq bir tovush sitilib chiqdi, kalovlanib so‘rori «Qayoqqa, nega?» degan gap bo‘ldi.

Qaynonaning ko‘zi yer chizdi, o‘zini gunohkor his etar bo‘ldi: «Oyimxolni erga berdik, o‘zi bilan bolasini ham olib ketdi».

Yusufboy bir bo‘zardi, bir gezardi.. So‘ng ko‘zda yoshi g‘iltillab, ayaga mo‘ltirar bo‘ldi: «Manzilini ayting...».

Qaynona endi uzib-uzib so‘zlar bo‘ldi. Uning achchiq-achchiq gaplaridan Yunusjon ayasi va o‘gay otasi bilan o‘zga yurtga doimiy yashashga ketganligi ayon bo‘ldi.

O‘h, g‘amning yuki og‘irdan-og‘ir bo‘ldi. Yusufboy birdan kichrayib qolganini his qildi. Entikib-entikib nafas oldi. O‘zini bir zum o‘g‘lining o‘rnida ko‘rdi. Tasavvuridan dod devormoqdan o‘zini arang tiydi: «Bolam bugun kimga sig‘indi? Kimning qo‘liga, ko‘ziga mo‘ltirab turibdi?».

Chora-yu ilojsiz sudralib borar, qo‘rg‘oshinday og‘ir o‘y surar, oxirgi marta bolasini qachon ko‘rganini eslar bo‘ldi: unda hali Yunusjon beshga qadam qo‘ymagan, sho‘xdan-sho‘x, shirindan-shirin bola edi.

Yana, yodiga kelgani — jahl ustida Oyimxolni «uch taloq» qo‘ygani, bolasi «dadam-dadam» deya, yig‘lay-yig‘lay onasiga ergashib ketgani, keyinchalik ota-onasi, mahalla-ko‘y, mahkama-sud yarashtirish uchun ko‘p uringani-yu, ularga «Hayot meniki, faqat o‘zim bilaman, o‘zim hal qilaman», degan o‘ta nodon-xudpisand javobi bo‘ldi.

Oyimxol va Yunusjonga qo‘shilib, ro‘zg‘ordan fayz, ishidan unum, hayotidan mazmun ketdi. Hamrohi sharob bo‘ldi.

Uh, sharob nimalar qilmadi uni?!

Keyin-keyin qilgan afsuslari o‘ziga dushman bo‘ldi: «O‘shanda shu aqlim qayda edi? Burgaga achchiq qilib, o‘z ko‘rpamni yoqdimmi?! Bolam begona uyda, boshqa birovni ota deb ulg‘ayarmi endi?!»

Jo‘yali biron-bir sababsiz xotinni haydab, o‘zini bolasidan, bolasini o‘zidan ayirganiga mingdan-ming pushaymon yeb, sog‘inchu-alamdan xo‘rligi kelib, firoqdan ohu faryod chekib, bo‘zlar bo‘ldi u:

Sabr nima bilmayin, jahl otini o‘zg‘itgan,

Mehr nima bilmayin, o‘z baxtini to‘zg‘itgan,

Izg‘in tortdirib seni, bugun o‘zi qon yutgan,

Seni uydan quvmayin, otang o‘lsin bolam-ov...

                                                 Xolmo‘min Yodgorov

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring