Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shayx hazratlaridan bizga nima qoldi?

Shayx hazratlaridan bizga nima qoldi?

Foto: «Nuz.uz»

Bugun Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining jom’yelarini ziyorat qildim. Juda ham ko‘rkam va salobatli jom’ye bo‘libdi.Iloho, ustalarning qo‘llari dard ko‘rmasin. Bu ishga bosh qosh bo‘lganlarning umri uzoq bo‘lsin.

Men, Shayx hazratlari bilan birinchi bor 1990 yil, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ko‘rishganman. O‘sha paytda uyushma O‘zbekistondagi ja’mi inqilobiy o‘zgarishlarning o‘chog‘i edi.

Istiqlol g‘oyasi, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish g‘oyasi, demokratiya g‘oyalari, turli partiyalarni tuzish g‘oyalari aynan mana shu yerda tug‘ilgan, shakllangan, voyaga yetgan va amalga oshirilgan edi. Shayx hazratlari juda shijoatli, dovyurak va jasur inson edilar. Shuning uchun uyushmaga tez-tez qadam ranjida etar edilar. Yangi tuzilgan partiya rahbarlarining hammasi u kishini o‘z saflarida ko‘rishni, shu bilan o‘z partiyalarini quvvatlantirishni istar edilar. O‘shanda Shayx hazratlarining aytgan bir so‘zi hali hamon qulog‘im ostida jaranglaydi: «Sizlar meni o‘z partiyalaringga qo‘shib olishni istaysizlar, islom biron firqaga sig‘ib ketadigan narsa emas. Qachon ummonni bir ariqqa qo‘shilib ketganini ko‘rgansizlar. Islom, sizlarning ariqlaringga sig‘adigan narsa emas, islom bu butun koinotdan ham katta narsadir», degan edilar.

Shayx hazratlari qo‘li ham, qalbi ham, yuzi ham ochiq inson edilar. Hamma bilan hamma vaqt emin erkin so‘zlashib ketaverar edilar. Uyushmaga tez-tez kelar, shoirlar, yozuvchilar, talabalar, o‘z yurtining kelajagi uchun befarq bo‘lmagan fidoyi insonlar, olimlar bilan suhbatlashar, tap tortmas jangchidek odamlarning yuragiga olov yoqar, o‘zi ham mana shu olov bilan yashar edi. Bu olov Shayx hazratlarining yuragida bir umr yorqin alanga bilan yondi. Umrlarining so‘nggi daqiqasigacha u zot yengilmas jangchidek kurashdi, zotan u kishini ishdan olib tashlashgan, televideniye va radiolarga chiqarishmagan, vaqti kelganda o‘z diyoridan ketishga majburlashgan, «qora ro‘yxat»da saqlashgan, hamma taraflarini bekitishgan, bir umr qamalda saqlashgan va vafot etgan kunlari mag‘lub etdik deyishgan bo‘lsalar-da, hech shak-shubha yo‘qki, Shayx hazratlari bu dunyodan ulkan g‘alaba bilan ketdilar.

G‘alabalarining birinchisi, u kishining ilmlaridan, sa’yi harakatlaridan millionlab insonlar bahra oldi, ma’rifatli, dinu-diyonatli bo‘ldi.

Ikkinchisi, u zotdan ikki yuzga yaqin, million-million tirajdagi kitob qoldi va elimiz tomonidan sevib o‘qilmoqda, yana yuz yillar davomida bu kitoblar qancha-qancha insonlarni ma’rifat sari yetaklaydi...

Uchinchisi, u zoti babarakotdan solih va soliha farzandlar, minglab e’tiqodi mustahkam shogirdlar, Shayx boshlagan ishlarning davomchilari qoldi.

To‘rtinchisi, Shayx hazratlari O‘zbekiston nomini dunyo miqyosiga ko‘tardi va bizdan yana Buxoriylar chiqishi mumkinligiga asos solib ketdi.

Beshinchisi, mana shu qurilgan jom’ye ham Shayx hazratlarining bu hayotda katta g‘alabaga erishganlarining dalolatidir.

Kelinglar azizlar, qutlug‘ ro‘zai Ramazon kunlari ulug‘ Shayximizni xotirlab duo qilaylik. Olloh taolodan u zotning joylari behisht rizvonlarida bo‘lishligini so‘raylik. Zero, yomg‘ir bilan yer ko‘karar, duo bilan el ko‘karar deydilar. Shoyad, duolarimiz mustajob bo‘lsa! Shayx hazratlari butun umr sizu-bizni, ahli O‘zbekistonni duo qilib o‘tdilar. Zero, qutlug‘ oyda Ollohning marhamati cheksizdir!

Muhammad ISMOIL

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring