Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hijratda yurganida onasining ta’ziyasiga qanday kelib-ketgan edi?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hijratda yurganida onasining ta’ziyasiga qanday kelib-ketgan edi?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.

Foto: «Azon.uz»

Muhammadjon Obidov shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning O‘zbekistonga onalari qabrini ziyorat etish uchun bir haftaga kelishi bilan bog‘liq xotiralarni yodga oldi. Jurnalistning xotiralari  «Daryo.uz» nashrida e’lon qilindi. Quyida maqolani aslicha keltiramiz.


Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining muborak nomlari yana dillardan tillarga ko‘chdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev buyuk alloma ruhiga ko‘rsatayotgan yuksak ehtiromdan qalbimiz hayajonda. Qani endi shunday izzat-ikrom barhayot chog‘larida bo‘lganida edi...

Hazrat vafot etgan kunlari barcha vatandoshlar kabi men ham iztirobda qoldim va ikkimiz uchun ham g‘oyat noqulay, ammo mas’uliyatli uchrashuv haqida kichik xotira yozgandim. Bugun uni siz bilan baham ko‘rgim keldi.

O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diniy idorasi muftiysi, men tanigan, bilgan insonlar ichidagi dunyoviy va islomiy ilmni mukammal egallagan ul zoti sharif bilan xizmat taqozosi yuzasidan bir necha bor uchrashgandim. Mustaqillikka erishilganida barchadan ko‘p quvonganlardan biri ham shu inson bo‘ldi. Taqdir ekan, bir vaqtlar kelib vatandan chiqib ketdilar.

Oradan bir necha yil o‘tib, shayx janoblarining volidalari bandalikni bajo keltirdi. Eshitishimizcha, Osiyo mamlakatlaridan birida istiqomat qilib turgan shayx davlat rahbariyatidan izn olib, ona qabrini ziyorat qilishga keladi. O‘shanda men O‘zbekiston televideniyesi «Axborot» direksiyasining Farg‘ona vodiysidagi maxsus muxbiri bo‘lib ishlardim. Bu xabarni eshitgach, alloma ziyoratiga bormoqchi bo‘lib turgan edim, «Axborot» rahbari qo‘ng‘iroq qilib, Andijonga, Xo‘jaobodga borishim, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bilan uchrashib, intervyu olish imkonini topishimni buyurdi. Men darhol Xo‘jaobodga, hazratning ota-onalari yashaydigan qishloqqa yo‘l oldim.

Katta yo‘ldan o‘ngga burilib qishloqqa kirib borar ekanman, har tarafdan bir ko‘cha tomon keksa-yosh oqib ketayotganini ko‘rdim. Hali manzilgacha chamasi biror chaqirim bo‘lsa-da, mashinalar zichlashib, tirbandlik yuzaga keldi. Tasvirchi Shuhratjon Mirzakarimovni shu yerda qoldirib, odamlar oqimiga qo‘shildim. Mana, nihoyat xonadonga yaqinlashdik. Qo‘shtabaqali eshikdan kiruvchilar ham, chiquvchilar ham nazarimda birdek edi. Navbat bilan asta-sekin men ham ostona xatlab ichkari kirdim. Hovli to‘la odam. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hamma bilan bir-bir quchoq ochib salomlashar, qadrdonlari kelganida bir daqiqa bo‘lsa ham hol-ahvol so‘rardi. Keksalar, asl shogirdlar ko‘zlarida yosh, hazratni quchoqdan qo‘yib yuborgisi kelmasdi.

Qatorda kelyapman-u, ichimdagi hayajonni bosa olmasdim. Meni tanirmikanlar? Gapni nimadan boshlayman? Azador allomaga topshiriq haqida qanday gapiraman? Harchand o‘ylamay, bironta ham savolga javob topa olmasdim.

Mana nihoyat oldimda borayotgan qariyani bag‘riga bosgan hazratning ko‘zlari menga tushdi. Nazarimda, menga qarab quyuq qoshlarini chimirib qo‘ygandek bo‘ldilar.

— Assalomu alaykum, Vatanga xush kelibsiz, hazrat.

— E-e, Muhammadjon janoblari, sog‘-omonmilar, — mahkam quchoqladi baquvvat qo‘llar.

— Olloh sabr bersin, o‘tganlarni rahmatiga olsin.

— Rahmat, rahmat, — quchog‘idan bo‘shatib, ikki yelkamdan ushladilar. — Ollohning irodasi, nima ham qila olardik.

Men odob bilan o‘zimni chetga oldim. Darvozaning o‘ng tomonida chog‘roq ayvon bor edi. Shu yerga kelib safga qo‘shildim. Hazrat turgan yerlarida esa yana necha odam ularni ziyorat qildi, hisoblab bo‘lmasdi. Hovli to‘lganida ziyoratchilar to‘xtatilib, ulamolardan biri Qur’on tilovat qilar, shundan so‘ng ichkaridagilar tashqariga, tashqaridagilar ichkariga tomon intilardi.

Chamasi, yigirma daqiqalardan so‘ng o‘qilgan Qur’onga fotiha tortilgach, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari eshik oldida kirish-chiqishni tashkillab turgan kishiga qarata qo‘llarini ko‘tardilar va «Bir nafas to‘xtab turaylik», dedilar-da, menga qarab kela boshladilar. Men ham hazrat tomon ildam yurdim. To‘qnashdik. Ular qo‘ltig‘imdan olib qulog‘imga shivirladilar:

— Menga nima xizmat bor?

Azoyi-badanim olov bo‘lib yonib ketdi. Vazifa haqida qay til bilan aytay?

— Hech, — dedim titroq ovozda. — Sizni ziyorat qilgani kelganmiz, xolos...

— Taqsir, vaqt g‘animat. Aytavering. Men sezib turibman, sizni tushunaman.

Qarasam, darhaqiqat gapni paysalga solib bo‘lmaydi. Shunda ham o‘zimdan qilib aytdim:

— Hech qanday xizmat yo‘q, lekin har ehtimolga qarshi tasvirchimni ham olib kelgandim.

— Sizlar mana bu xonaga kirib o‘tirib turinglar, o‘n-o‘n besh daqiqada kiraman, — dedi hazrat ayvonga tutashgan xonani ko‘rsatib va boyagi eshikbonga «ruxsat» degandek ishora qildilar. Yana odamlar oqimi kirib kela boshladi.

Mashina boya aytganimdek, ancha olisda edi. Tasvirchini olib kelguncha qora terga botdim. Qolaversa, videokamera ko‘tarib kelayotganimizni ko‘rgan odamlarning biri hayron bo‘lsa, boshqasining yuzida zaharxandalikni tuyush mumkin edi.

Biz aytilgan xonada uzoq kutmadik. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kira solib, «men tayyorman», dedilar. Tasvirchi bizni deraza yoniga turg‘azdi. Yorug‘likni mosladi.

—Avvalo ta’ziyamizni qabul qilsangiz. Hech bir insonga abadiy umr berilmagan. Hammasi yaratgandan. Toshkentdan Andijonga mashinada kelibsiz...

Suhbatdoshim nima demoqchi ekanimni fahmlab turardi, shuning uchunmi, so‘zimni bo‘lib gapira ketdi. Hazrat samolyotdan tushib, bir muddat poytaxtni aylanganini, u yerdagi ulkan qurilishlar, yangi-yangi inshootlar, keng ko‘chalar, obodonchilikdan xursand bo‘lgani, ayniqsa, odamlar kayfiyati chog‘, yuzlari nurli, ko‘zlarida kelajakka ishonchni his qilganlarini, bunday farovonlik, yurt osmoni tinchligi, iqtisodi barqarorligi, davlat rahbari — yurtboshining oqil, adolatli siyosati natijasi ekanini zavqlanib so‘zladilar. Shahar-qishloqlarda yuzlab masjidlar ochilib, hojilar safi yildan yilga kengayotganidan taskin izhor qildilar. Islom olamining buyuk namoyandalari yotgan joylar mukammal ziyoratgohga aylanganini eshitganliklari, shu kunlarda ularning har biriga borib, poyida Yaratganga shukronalar aytmoqchi ekanliklarini bildirdilar.

Olti–yetti daqiqalik suhbat shu qadar mukammal jumlalar, faxrga to‘la iboralarga qurilgan edi-ki, undan bir so‘z olib tashlab bo‘lmasdi.

Men hazratga minnatdorchilik bildirdim.

— Nasib qilsa yana uchrasharmiz, — dedilar bizni kuzatgan bo‘lib.

O‘sha yillar televizion texnika hozirgidek rivoj topmagan, suhbatni Andijonda montaj qilib, efir orqali Toshkentga uzata olmas edim. Mashinamiz o‘qdek uchib Toshkentga yetib keldi. Suhbat ko‘rib chiqildi va shu kuniyoq «Axborot»ning kechki dasturida bir oz qisqartish bilan namoyish qilindi. Men yosh bolalardek shod, tetikman. Andijondagi ruhiy bosim, yo‘l charchog‘idan asar ham qolmagan. Go‘yo, dunyoda mendan baxtiyorroq inson yo‘qdek edi o‘sha daqiqalarda.

Yillar o‘tib hazrat Vatanga butkul qaytdilar. Menga ulug‘ zotning suhbatlarida bo‘lish bir necha bor nasib etdi. Bu uchrashuvlarning har biri men uchun bitmas-tuganmas hayotiy saboq bo‘lib qoldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring