Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shifokor konditsioner borasida muhim ogohlantirishlar bilan chiqdi

Shifokor konditsioner borasida muhim ogohlantirishlar bilan chiqdi

Yozning jazirama kunlari barchamiz salqin va bahavo joy izlaymiz. Tabiiyki, bunday paytda konditsioner haqiqiy xaloskorga aylanadi. Biroq undan muntazam va noto‘g‘ri foydalanish turli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

— Issiq kunlarda konditsionerning salqin havo oqimi, ayniqsa, go‘daklar va yoshi katta kishilarga ijobiy ta’sir etadi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Durdona Alimova. — Sababi ularda tanani sovitish tizimi mukammal bo‘lmaydi. Biroq bu qurilma tagida uzoq vaqt o‘tirish har qanday inson salomatligida salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.

Eng avvalo, konditsionerdan muntazam foydalanish tufayli xonada namlik yo‘qolib, yopiq deraza va eshiklar sharoitida havo kislorod bilan to‘yinmaydi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan terining quruqlashib, yuzda ajinlar paydo qiladi. Qolaversa, terining doimiy quruqligi uning tashqi qatlamiga salbiy ta’sir etib, qichishish yuzaga keladi.

Shuningdek, salqin xonadan issiq joyga chiqish, ya’ni ikki xil ekstremal harorat tanada stress reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Bu o‘z navbatida yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini qo‘zg‘ashi mumkin.

Qolaversa, qon bosimi odatda issiqdan ko‘ra, sovuq havoda yuqori bo‘ladi. Chunki, salqin harorat qon tomirlarining siqilishi va spazmlarga olib keladi. Shunday ekan konditsioner tagida uzoq vaqt o‘tirish sistolik va diastolik qon bosimini ko‘taradi. Shu boisdan xona harorati tashqi havodan keskin farq qilmasligi, ya’ni 5-7 daraja past bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Konditsionerning yana bir salbiy tomoni, u tana haroratini tushirib yuboradi. Oqibatda bronxit, tomoq, bel va bo‘yin og‘riqlari yuzaga keladi. Ayniqsa, qurilmaning sovuq havosi insonga to‘g‘ri yo‘naltirilsa, nafas yo‘llari va mushaklar shamollashi, hatto, zotiljam kelib chiqishi mumkin.

Shu bois undan foydalanganda eng past haroratga qo‘ymaslik (xonadon va ofislarda o‘rnatiladigan konditsionerlarda +18 va +20 daraja oralig‘idagi harorat eng qulay hisoblanadi) va salqin havo oqimining xona bo‘ylab bir tekis tarqalishiga e’tibor qaratish zarur.

Bundan tashqari, konditsionerlarda nafas tizimi infeksiyalarini qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar to‘planib, bu holat allergik kasalligi bor insonlarga salbiy ta’sir etishi mumkin. Shu sababli uning tozaligiga doimo e’tibor qaratish va filtrlarni tez-tez tozalab turish lozim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring