Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soch nega barvaqt oqaradi?

Soch nega barvaqt oqaradi?

Foto: «AIF»

Yosh o‘tgan sayin boshimizdagi oq sochlar ko‘payib boradi. Lekin ba’zan 20-25 yoshdagi yigit-qizlar sochiga ham oq tushishi mumkin. Bu odatda qanday ro‘y beradi?

Soch rangi organizmdagi melanin pigmenti bilan bog‘liq. Organizmda melanin ishlab chiqarilishi kamayganda soch tolalari oqara boshlaydi. Aslida sochlar o‘rta hisobda 35-40 yoshdan boshlab oqaradi. Ammo ilk oq soch tolalari 20 yoshdan oldin ham paydo bo‘lishi mumkin. Bunday paytda darrov xavotirga tushmaslik kerak. Avval soch oqarishining sababini aniqlash lozim. Chunki bu ichki organlardan birining faoliyati buzilganidan darak beradi. Sochning erta oqarishiga nasliy omillar, organizmda oqsil yetishmovchiligi, ayniqsa, oqsil tarkibidagi tirozin moddasining tanqisligi, asab tizimi yoki qalqonsimon bez kasalliklari, kamqonlik, «V» guruhi vitaminlariga ehtiyoji, ortiqcha darajada qahva va tuz iste’mol qilish, chekish sabab bo‘ladi.

Soch oqarishining oldini olish mumkin. Buning uchun avvalambor sog‘lom hayot tarziga rioya qilish kerak. Me’yorida uxlash, immunitet va asab tizimini mustahkamlash organizmda melanin moddasi yetishmovchiligining oldini oladi. Agar sochning erta oqarishiga qalqonsimon bez kasalliklari sabab bo‘lsa, eng avval ushbu kasallikni davolash kerak. Shunda soch oqarishi ham o‘z-o‘zidan bartaraf bo‘lishi mumkin. Chekishga ruju qo‘ygan odamlar bu zararli odatdan voz kechishi lozim. Kashandalik oqibatida to‘qimalar kislorodga to‘yina olmaydi va bu melanin ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi.

To‘g‘ri ovqatlanish ham soch oqarishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. V guruh vitaminlari bilan birga rux va mis minerallariga boy oziq-ovqatlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Bunday moddalar sut mahsulotlari, go‘sht, guruch, grechka, sabzi, apelsin, pomidor, jigar, yong‘oq va karam tarkibida ko‘p uchraydi.

Ba’zilar paydo bo‘lgan ilk oq soch tolasini yulib tashlaydi. Bu umuman noto‘g‘ri. “Bittasini yulsang battar ko‘payadi”, degan gapda jon bor. Qolaversa, oq tolalar yana o‘sib chiqadi. Oqargan sochlarning ko‘payib ketishining oldini olish uchun esa shifokorlar tavsiyasi bilan V guruhi vitaminlarini qabul qilish zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring