Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Soliq qarzi plastik kartalardan so‘zsiz undiriladi

Soliq qarzi plastik kartalardan so‘zsiz undiriladi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy banki boshqaruvining «Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olinadi.

Eng kam ish haqi miqdori qonun hujjatlariga muvofiq inkasso topshiriqnomasi yuborilgan sanada shu oy uchun belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. Agar eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda, o‘zgargan miqdordan kelib chiqib qayta hisob-kitob qilinadi.

Bank plastik kartalardan jismoniy shaxslarning mol-mulk, yer soliqlari va daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblangan soliq hamda tadbirkorlik maqomini yo‘qotgan va bankda hisobvaraq ochmagan yoki bank hisobvaraqlari yopilgan yakka tartibdagi tadbirkor-jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha soliq qarzi so‘zsiz undiriladi.

Jismoniy shaxslarning plastik kartalaridagi quyidagi pul mablag‘lariga nisbatan undiruv qaratilmaydi:

  • mayib bo‘lganlik yoki sog‘liqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik, shuningdek boquvchisining vafot etganligi sababli to‘lab berilgan zarar summalari;
  • xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida mayib bo‘lgan (yaralangan, shikastlangan, kontuziyaga uchragan) shaxslarga va mazkur shaxslar halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda ularning oila a’zolariga to‘langan summalar;
  • bola tug‘ilganligi munosabati bilan to‘langan summalar;
  • aliment majburiyatlari bo‘yicha to‘langan summalar;
  • mehnat sharoiti noqulay va o‘ziga xos bo‘lgan ishlar uchun to‘langan summalar, shuningdek radiatsiya ta’siriga uchragan shaxslarga va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda to‘langan summalar;
  • homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha to‘langan nafaqa summalari;
  • dafn etish marosimi uchun berilgan nafaqa summalar;
  • qisman haq to‘lanadigan ta’til davrida bolani parvarishlash uchun to‘langan summalar;
  • bola tug‘ilishi, qarindoshlar vafot etishi, nikoh tuzish munosabati bilan korxona, muassasa yoki tashkilot tomonidan to‘langan summalar;
  • xizmat safari, boshqa joyga ishga o‘tkazilganligi, qabul qilinganligi yoki yuborilganligi munosabati bilan to‘langan summalar;
  • mehnatga oid munosabatlar bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi tariqasida to‘langan summalar;
  • yoshga doir pensiya, bolalikdan nogironlik, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolar nafaqa summalari.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring