Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tashabbusli budjet»ning imkoniyatlari ko‘p, ammo...

«Tashabbusli budjet»ning imkoniyatlari ko‘p, ammo...

Iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek Rasulovning ta’kidlashicha joylardagi ijtimoiy muammolarni yechishda «Tashabbusli budjet» loyihasi aholini jamoaviy qarorlar qabul qilishga, jamoatchilik nazoratini kuchayishiga, mahalliy deputatlarni faollashuviga hamda davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanishga o‘rgatadi.

Budjet ochiqligini ta’minlash borasidagi islohotlarni amaliyotga joriy etilishi birinchidan, davlat budjetini samarali ishlatilishini ta’minlasa, ikkinchidan, jamoat nazoratini kuchayishiga olib keladi, uchinchidan, fuqarolar yordamida uzoq yillardan beri hal bo‘lmayotgan ijtimoiy muammolarni yechilishiga imkoniyat yaratiladi. Budjet ochiqligini ta’minlashning yana bir muhim bir jihati ayrim amaldorlar tomonidan xalqning pulini talon-taroj qilishga jiddiy to‘siq bo‘lishi bilan birga xalq manfaatlari uchun xizmat qilinishidir. Shuning uchun aholining turmush farovonligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarini hal etish, ularga munosib yashash sharoitlarini yaratish maqsadida budjetdan ajratiladigan mablag‘larni taqsimlash jarayonida fuqarolarimiz ishtirokini kengroq ta’minlanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuning uchun «Budjet ochiqligi» nima, «Tashabbusli budjet» aholiga qanday imkoniyatlar beradi, budjet ochiqligini ta’minlashda fuqarolarning roli va vazifalari nimalardan iborat degan savollarga quyidagicha shaxsiy munosabatimizni bildirib o‘tamiz:

birinchidan,  «budjet ochiqligi» bu – budjetga oid ma’lumotlarning keng jamoatchilikka  ochiqligi va shaffofligini ta’minlaydi;

ikkinchidan, budjet mablag‘larining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi;

uchinchidan, budjet ochiqligi tamoyillariga asoslangan holda «tashabbusli budjet» loyihasi orqali fuqarolarimizni davlat budjeti mablag‘larini maqsadli sarflanishida faol ishtirok etishlariga imkoniyat yaratadi;

to‘rtinchidan, budjet hisobidan qilinayotgan xarajatlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni domimy ravishda aholiga rasmiy veb saytlar orqali ma’lumot sifatida berib borishi ochiqlik siyosatini ta’minlaydi.

Biroq, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan ayrim mahalliy hokimiyat vakillarining davlat budjeti hisobidan qilayotgan xarajatlari, qabul qilayotgan qarorlari keskin e’tirozlarga, keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi. Ba’zi holatlarda respublikamizning ayrim hududlarida davlat budjeti mablag‘larini eng muhim ijtimoiy muammolarni hal etish uchun emas, balki mahalliy hokimiyat organlarining ayrim mansabdor shaxslari qarorlari asosida o‘zlari tanlagan loyihalarga yo‘naltirilayotgan holatlar uchrab turibdi. Bu esa aholida haqli e’tirozlarni keltirib chiqarishga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holatlarning oldini olish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida davlat budjeti sohasini isloh etish jarayonida yangi tizim joriy etila boshlandi. Bu tizim «Ochiq budjet» portali deb yuritiladi boshlandi. Endi bu portal imkoniyatlariga qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

«Ochiq budjet» portali orqali korxona va tashkilotlar, jumladan aholimizga davlat budjetining daromad va xarajatlari, davlat qarzi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilinib boriladi. Shu bilan birga aholimizni budjet islohotlarida faol ishtirok etishi uchun elektron plaftormada «Tashabbusli budjet» bo‘limi yaratilgan bo‘lib, ushbu bo‘lim orqali yurtdoshlarimiz o‘zlari yashab turgan mahallalarning infratuzilmalarini yaxshilash, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, bolalar bog‘chasi hamda maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin. Eng muhimi aholimiz davlat tomonidan berilayotgan bunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishi va faol ishtirok etishi talab etiladi.

 Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi «Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi PQ-5072-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran barcha tuman(shahar)larda tegishli budjetlarning tasdiqlangan xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga 2021 yil 1 iyuldan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori avvalgi 10 foizdan 30 foizga oshirildi.

Xususan, «Tashabbusli budjet» jarayoni mahalliy budjet mablag‘larini aholini qiynab kelayotgan muammolarga, fuqarolarning budjet jarayoni ishtirokini ta’minlashga va aholining o‘zi istagan tadbirni amalga oshirishga qaratilgan jarayon hisoblanib, bu jarayon openbudget.uz portali orqali amalga oshirilishi va yiliga 2 marta o‘tkazilishi belgilab berildi.

Endi biz mamlakatimizdagi tashabbusli budjetlashtirish jarayoni to‘g‘risida ayrim ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tsak. Bu jarayon mamlakatimizda 2019 yildan boshlab amaliyotda qo‘llana boshlandi. 2021 yil natijalariga ko‘ra tashabbusli budjetlashtirish loyihasi doirasida 1600 ga yaqin loyihalar uchun 407,1 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratildi. 2022-yilga kelib aholining «Tashabbusli budjet» loyihasiga bo‘lgan qiziqishi keskin ortdi.   

Tahlillarga e’tibor beradigan bo‘lsak, «Tashabbusli budjet» loyihasining 2022-yildagi birinchi bosqichida 6,7 millionga yaqin yurtdoshlarimiz qatnashdi. Ular tomonidan tashabbusli budjet bo‘yicha 40,2 mingga yaqin loyihalarga ovoz berilib, undan 2215 ta loyiha eng ko‘p ovoz olgan holda moliyalashtirishga tavsiya etildi. Buning uchun 1,1 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Shu bilan birga Davlat rahbarining 2022 yil 7 apreldagi PQ-197 sonli qaroriga asosan tashabbusli budjetlashtirish jarayonida 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha ravishda 85,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Mazkur imkoniyatdan eng ko‘p foydalangan hududlar sifatida Toshkent viloyati, Farg‘ona, Namangan hamda Surxondaryo viloyatlarini misol keltirishimiz mumkin. Bu hududlarda qaysi mahallaning fuqarolar yig‘ini ko‘proq faol bo‘lgan bo‘lsa, shu mahalalardan ko‘rsatilgan takliflar g‘olib bo‘lgan.  

Biroq mazkur tizim mamlakatimizda yangi joriy etilayotganligi sababli ayrim kamchiliklardan ham holi bo‘lmadi. Jumladan, ovoz berish jarayonida loyiha taklif etilgan joyda istiqomat qilmaydigan, mahallaga umuman aloqasi yo‘q fuqarolar ham ovoz berish holatlari kuzatildi. Bu holat nisbatan aholisi oz bo‘lgan hududlarni tanlovda g‘olib bo‘lish imkoniyatlarini keskin pasaytirdi. Shu bilan birga uzoq qishloqlarda internetni yaxshi ishlamasligi hamda aholi o‘rtasida yaxshi targ‘ibot qilinmaganligi ayrim loyihalarni yetarli ovoz olishda salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu yerda yana bir muhim masala «Tashabbusli budjet» loyhasiga kelib tushgan takliflarning mazmuniga qarab mamlakatimiz hudularidagi ijtimoiy sohaga oid qanday muammolar bor ekanligi hamda ularning qaysi viloyatlarga qanchadan to‘g‘ri kelishi borasida haqiqiy holatni bilish mumkin.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlash mumkinki «Tashabbusli budjet» bu birinchidan, aholini ijtimoiy muammolarini yechishning yagona yo‘li bo‘lmasa ham, biroq bu loyiha aholimizni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolarni hal etishda hamjihatlik bilan harakat qilishni, jamoaviy qarorlar qabul qilishni, birgalikda harakat qilib maqsadga erishish texnologiyalarini o‘rgatsa, ikkinchidan, jamoatchilik nazoratini kuchayishiga, mahalliy deputatlarni faollashuviga hamda aholini budjet mablag‘larini ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida taqsimlanishida faol ishtirok etishi va davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan yanada samaraliroq foydalanishni o‘rgatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring