Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tepsa-tebranmaslar dastidan dod!» — Buxoro tumanidagi mahalla aholisi muammolarga «ko‘milib qoldi»

«Tepsa-tebranmaslar dastidan dod!» — Buxoro tumanidagi mahalla aholisi muammolarga «ko‘milib qoldi»

Buxoro viloyati, Buxoro tumanidagi «Gulshanobod» MFY, Jonbobo aholi punktidagi muammolar haqida avval ham so‘z yuritilgandi.

Tahriyatimizga ushbu aholi punktidan navbatdagi murojaat keldi. Unda qayd etilishicha, mazkur hududda 2012-yilda namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylar 2014-yilda foydalanishga topshirilgan.

«Botib qolgan» qishloq

«Bu uylar qurib topshirildiyu, kamchiliklar to‘g‘risida biror mas’ul rahbar bosh og‘ritishni istamadi. Aholi sifatsiz qurilgan uylarni har yili ta’mirlash va rahbarlarga murojaat qilishdan charchashdi. Yo‘llar abgor holatga kelib qolgan. Qishki mavsumda bu yo‘llardan piyoda yurib bo‘lmaydi. Yer osti sizot suvlarning yaqinligi hisobiga sho‘rlanish judayam baland, bu esa uylarga ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Ko‘chalarda yoritish chiroqlari yo‘q. Tunda daydi itlarning dastidan ko‘chaga chiqish qo‘rqinchli. Uylar qurilgan katta yo‘ldan markaziy kanalizatsiya tarmog‘i o‘tgan, lekin xonadonlar negadir bu tarmoqqa ulanmagan. Uylarning old va orqa tomonlari qurilish chiqindilariga to‘lib ketgan (o‘tgan yili ham bu haqda bong urilgandi). Aholining oldingi murojaatidan so‘ng uylarning old tomonidagi qurilish chiqidilarini tozalashga maxsus transport vositalari jo‘natildi va aholining o‘zi tomonidan yoqilg‘ilar olib berilib, qisman atrof tozalandi. Ammo chiqindi tashlanishi to‘xtamayapti» — deyiladi murojaatda.

Elektr tizimidagi «ishkallar»

«Eng qizig‘i shundaki, mazkur aholi punktining o‘zi Buxoro tumaniga qarashli bo‘lsa-da, xonadonlar «Kogon tuman elektr tarmoqlari»ga ulangan. Qishloq bir kunda 5-6 soatgacha elektr tarmoqlaridan uzilib qoladi. Bu holat anchadan buyon davom etmoqda. «Kogon tuman elektr tarmoqlari»ning birgina aholi bog‘lanishi mumkin bo‘lgan raqami esa doim band holatda», deb yozadi murojaat muallifi.

Shu aholi punktida yashovchi fuqaroning aytishicha, 2019-yilda uyidagi elektron hisoblagich «Kogon tuman elektr tarmoqlari» korxonasi tomonidan zamonaviy elektron hisoblagichga almashtirilgan. Shundan so‘ng uning muammolardan boshi chiqmay qolgan: «Yangi hisoblagich o‘rnatishgandan so‘ng har kuni chiroq o‘chishi bir tomon bo‘lsa, mening har oyda to‘laydigan to‘lovlarim bir tomon. Chunki bu ZAMONAVIY VA AQLLI» deb o‘rnatilgan hisoblagich bir oyda 200 000 so‘m, ba’zan esa 250 000 ming so‘mgacha elektr energiyasi sarflangan deb ko‘rsatadi. Vaholanki, uyda bir kunda 2-3 soat, ba’zan 5-6 soatgacha chiroq yo‘q. Shu masalada Kogon tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga bir necha marotaba ariza bilan murojaat qildim. Na bir xodim keldi, na arizamga javob qaytarildi. Joriy yilning 20.01.2021 kuni ham yana ariza bilan murojaat qilganimda, avvaliga aybni o‘zimga ag‘darishdi, go‘yoki mening uyimda qisqa tutashuv bor va bu hisoblagich shuning hisobiga ko‘p hisoblaydi deb. Vaziyatni yumshatishga harakat qilib, ertagayoq odam jo‘natamiz deb yuborishdi. Mana bir necha kun o‘tgan bo‘lsa ham, na bir sas, na bir sado bor», deydi u.

Bu maskanda haqiqatda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan, asosiylari:

  • Aholi maskanida yoritish tarmoqlari o‘rnatish;
  • Elektr energiyasidagi uzilishlarni hal qilish;
  • Kanalizatsiya tarmoqlariga ulash;
  • Yo‘llarni ta’mirlash;
  • Daydi itlarga chora ko‘rish;
  • Chiqindilardan tozalash.

Mahalliy aholi hech bo‘lmaganda shu muammolari yechim topishidan umidvor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring