Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uzoq kutilgan yangilik! Toshkent aeroporti hududi «kirakash»lardan tozalanadi (foto)

Uzoq kutilgan yangilik! Toshkent aeroporti hududi «kirakash»lardan tozalanadi (foto)

Sir emaski, shu vaqtgacha Toshkentga kelgan mehmonlarni aeroport tashqarisida kutib turuvchi xususiy taksichilar mijozlarni me’yoridan bir necha barobar yuqori narxlarda manzilga eltishga odatlangan, ba’zida ish firibgarlik darajasigacha yetib borgan. Bunday holatni ko‘rsatuvchi videolavha yaqinda internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.

Bundan tashqari, noqonuniy kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning o‘zini tutishi, kiyimi, muomalasi, madaniyati, uning boshqaruvida bo‘lgan avtoulovning texnik va gigiyenik holatini xam talab darajasida deb bo‘lmaydi.

Uzoq yo‘ldan charchab kelayotgan odam hali aeroport hududidan chiqmasidan «taksi kerakmi, falon so‘mga olib borib qo‘yaman» deya, uning qo‘lidagi yukiga yopishib, har tomonga tortqilash, hatto mijoz talashib, bir-birlari bilan yoqa bo‘g‘ishlar esa yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar va sayyohlarda yoqimsiz taassurotlar qoldirishi tayin.

Bunday noxush holatlarga barham berish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qator tadbirlar amalga oshiriladigan bo‘ldi. Jumladan, aeroport binosiga avtomashinalari belgilangan talablar asosida jihozlangan, haydovchilari xushmuomala, toza va ozoda kiyimda bo‘lgan taksi xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun maxsus joylar ajratildi. Taksi korxonasi nomi, xizmatlar narxi haqidagi o‘zbek, rus va ingliz tillarida ma’lumotlar joylashtiriladi.

Endilikda poytaxtimizga uchib kelgan mehmonlar, aeroport hududidan chiqmasdan turib o‘zlariga ma’qul bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlarining sifatli xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining axborot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish holatlariga barham berish maqsadida, Toshkent xalqaro aeroporti bilan hamkorlikda aeroport hududidagi avtomobillar to‘xtash joylariga noqununiy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari haqida eslatma tarzidagi axborot stendlari joylashtirildi.

Aeroport hududiga kirish nazorat punktiga, hududga kirib-chiqayotgan avtomobillarning davlat raqamlarini hamda avtoulov haydovchisining yuzini qayd etuvchi, yo‘lovchilarni kutish va kuzatish joylariga noqonuniy yo‘lovchi tashish xizmatlarini taklif qilayotgan shaxslarning xatti-harakatlarini yozib olishga mo‘ljallangan videokameralar o‘rnatildi.

Mazkur videokameralar yordamida olingan tasvirlar asosida huquqbuzarlarning avtoulovlari davlat raqamlari ro‘yxati shakllantiriladi hamda Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasi yordamida huquqbuzarlarning shaxsi va yashash manzili aniqlanadi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan huquqbuzarlar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi batafsil tushuntirilib, rasmiy ogohlantirish xati beriladi.

Agar shundan keyin ham huquqbuzarlik holatlari qayd etilsa, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-3-moddasiga asosan, eng kam ish haqining 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Mamlakatimizda bugungi kundagi eng kam oylik ish haqi 172 240 so‘m ekanini hisobga olsak, jarima miqdori 3 444 800 so‘mdan 17 224 000 so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ladi.

Shuningdek, monitoring natijalariga ko‘ra aniqlangan huquqbuzarlar haqidagi ma’lumotlar matbuot nashrlarida e’lon qilib boriladi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring