Toshkent viloyatida quriladigan yangi xalqaro aeroport haqida ma’lumot berildi

Kecha, 1-avgust kuni Prezident Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilgan va unda Toshkent shahriga avia yo‘lovchilar oqimi 2030 yilda 15 millionga yetishi kutilayotgani, biroq bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmasligi haqida aytilgani haqida xabar qilingan edi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning «O‘zbekiston 24» telekanaliga ma’lum qilishicha, yangi aeroport hozirgi aeroportdan 17 km uzoqlikda — Toshkent shahridan janubda joylashadi. U Samarqand bilan bog‘lovchi amaldagi avtomobil yo‘li va yaqin kelajakda quriladigan pulli trassaga yaqin joyda joylashadi.
«Uzbekistan Airports» kompaniyasi rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev hozirgi Toshkent xalqaro aeroporti yiliga 11 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega ekanligi, 2030 yilgacha aeroport kengaytirilsa ham, ko‘pi bilan 14 mln kishiga xizmat ko‘rsata olishi mumkinligini ma’lum iildi.
«2030 yildan so‘ng yo‘lovchilar soni 15 mln nafardan oshishi kutilmoqda. Aeroport atrofidagi infratuzilma ham bu yuklamalarga dosh berolmayapti. Ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bor, qolaversa, markazda joylashgani bois samolyotlarning manyovr imkoniyatlari cheklangan», – deydi Umarxo‘jayev.
Ma’lum qilinishicha, birinchi bosqichda u yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. 169 ta samolyotni bir vaqtning o‘zida joylashtirish imkoni bo‘ladi. Bir soatda kamida 40 dan ortiq parvozga xizmat ko‘rsatiladi. Terminal binosidan samolyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tish imkonini beradigan ko‘priklar soni avvalida 14 ta bo‘ladi, loyiha yakunida esa 45 taga yetkaziladi. Ya’ni, asosiy xizmatlar terminalning o‘zida amalga oshiriladi.
Hozircha loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi aytilmoqda. Loyiha qiymati va xususiy sheriklar haqida hozircha ma’lumot mavjud emas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter