Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda kontrabanda yo‘li bilan kuchli narkotik olib kirganlar ushlandi

Toshkentda kontrabanda yo‘li bilan kuchli narkotik olib kirganlar ushlandi

Foto: «Guvd.uz»

2017-yil 26-dekabrda Toshkent shahar Shayxontohur tuman ichki ishlar boshqarmasiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLKK departamentining Toshkent shahar boshqarmasi Shayxontohur tuman bo‘limi hamda Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni tarqatish bilan shug‘ullangan uyushgan guruhni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazildi.

1986-yilda tug‘ilgan, yakka tartibdagi tadbirkor A.A., 1967 yilda tug‘ilgan I.O‘. hamda 1985-yilda tug‘ilgan X.X. uyushgan guruh tomonidan 1986-yilda tug‘ilgan K.Sh.ga kuchli ta’sir qiluvchi modda hisoblangan 1 500 dona «Tramadol» tabletkalarini jami 3 000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi. Ushbu tabletkalar chet elda ishlab chiqarilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan hamda hech qanday sifat sertifikatiga ega emas.

Shuningdek, tezkor qidiruv xodimlari tomonidan I.O‘.ning ish joyi ko‘zdan kechirilganda umumiy og‘irligi 1,27 grammga teng marixuanna saqlanayotgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-modda 1-qism (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar), 186-modda 3-qism «b» bandi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish), 2511-modda 3-qism (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish), 190-modda 2-qism «b» bandi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring