Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

USAID hunarmand ayollar o‘rtasida biznes g‘oyalar tanlovini e’lon qildi

USAID hunarmand ayollar o‘rtasida biznes g‘oyalar tanlovini e’lon qildi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida hunarmandchilik korxonalari va yakka tartibdagi hunarmand ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida biznes g‘oyalar tanlovini e’lon qildi.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan mablag‘ korxonalar va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat qo‘shish, yangi bozorlarga chiqish, ish o‘rinlari yaratish, savdo hajmi va daromadni oshirish kabi maqsadlarda sarflanadi.

Tanlovga arizalar 2022-yil 15-fevraliga qadar qabul qilinadi. Tanlov shartlari va ariza namunasi bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Sir emas, iqtisodiy qiyinchiliklar aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, ayniqsa, qishloq ayollariga kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakatimizda qishloq ayollarining katta qismi odatda dehqon xo‘jaliklarida mavsumiy mehnat bilan shug‘ullanadi yoki malaka talab etilmaydigan qo‘l mehnati bilan bog‘liq ishlarni bajaradi. Bilim va moliyaviy resurslar yetishmasligi ayollarning fermerlik yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga to‘sqinlik qiladi.

USAID 2021 yilda Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi orqali o‘zbekistonlik ayollarni ish topish va yangi korxonalar ochishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratdi. Ma’lum qilinishicha, mazkur mablag‘larni samarali taqsimlash maqsadida tuzilgan jamg‘arma yakka tartibdagi hunarmand ayollarga 5 milliondan 50 million so‘mgacha, ro‘yxatdan o‘tgan hunarmandchilik korxonalariga 50 milliondan 200 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratadi. USAID xotin-qizlar va yoshlarni boshqaruv, texnik yoki boshqa turdagi rahbarlik lavozimlariga ishga qabul qilishni istagan korxonalar faoliyatini moliyalashtirishga ayniqsa katta qiziqish bildirgan.

Qayd etilishicha, ushbu tashabbus USAIDning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi besh yillik Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Xalqaro agentlik O‘zbekiston hukumati bilan iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va mintaqaviy savdoni oshirish, salomatlik uchun jiddiy xavf-xatarlar, jumladan, COVID-19ni bartaraf etish, hukumatning aholi ehtiyojlariga oqilona yondashish salohiyatini oshirish yo‘lida hamkorlik qiladi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston adliya vazirligi USAID bilan 10 million dollarli qo‘shma dasturni amalga oshirmoqda. 3 yillik dastur qonun ustuvorligini ta’minlash, qonunchilik va sud-huquq tizimini  isloh qilish hamda fuqarolik jamiyatini  rivojlantirish kabi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘tgan yil oxirlarida esa AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash doirasida O‘zbekistonga qo‘shimcha 2,5 million dollar ajratilishini ma’lum qildi. Shu tariqa mazkur mamlakatning pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha global chora-tadbirlar doirasida O‘zbekistonga ajratgan ko‘magi 16 million dollardan oshdi.

USAID «kambag‘allar kasalligi» deb atalgan sil xastaligining oldini olish, barvaqt aniqlash, davolashning zamonaviy usullarini amalga tatbiq etish bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring