Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

U bo‘rini «bu – onam» derdi. Ustyurtda topilgan «Maugli»ning sirli taqdiri

U bo‘rini «bu – onam» derdi. Ustyurtda topilgan «Maugli»ning sirli taqdiri

Juma Jumayev. 1990 yil boshlari. Qizilqoya ruhiy kasalliklar shifoxonasi. Turkmaniston.

Suratni «Rodina» jurnali muxbiri Yuriy Kozirev olgan.

1957-yilda bir guruh geologlar vertolyotdan bo‘rilarni otib tashlash uchun Ustyurt sahrosiga (Turkmaniston bilan Qoraqalpog‘istonning chegarasida, Sariqamish ko‘li atroflarida) ovga chiqadi. Geologlar bo‘ri to‘dasiga quvib yetib oladi, ammo, qochayotgan hayvonlar orasida taxminan besh yoshli bolaning yugurib ketayotganini ko‘rib hayratdan qotib qoladi. Bola ham bo‘rilar bilan birga osmondagi dushmandan qochib qutulishga harakat qilar edi.

Odamlar bolani har tomonlama qutqarishga qaror qilishadi va barcha bo‘rilarni otib tashlab, vertolyotni yerga qo‘ndirib, bolani ushlashga harakat qilishadi. Lekin ularga bolani tutish osonga tushmaydi. Bola xuddi bo‘ri bolasi kabi irillab yaqinlaganni tishlab, tepar edi. Geologlar amallab tutib uni birinchi navbatda, shifokorlarga yetkazishadi. Kichkina bolaning bo‘rilar orasiga qanday qilib tushib qolgani va uning ota-onasi kim bo‘lgani noma’lum edi. Kasalxonada unga oligofreniya tashxisi qo‘yiladi va Toshovuz ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi.

Bundan keyin uning uchun odamlar turmushiga ko‘nikish kabi juda qiyin va fojiali turmush boshlandi. Bolaga Juma Jumayev deb ism qo‘yilib, insoniy odatlar o‘rgatila boshlaydi. Juma to‘rt oyoqlab bo‘riga o‘xshab harakat qilar edi, shu bois tizzalari va kaftlarida qadoqlar paydo bo‘ldi.

U asta-sekin yurishni, ichishni va ovqatlanishni, keyinroq tishlarini yuvishni, sochlarini tarashni, hojatxonadan foydalanishni va hattoki shaxmat o‘ynashni ham o‘rgandi. Ba’zi shifokor-ayollar kichkina bolaga rahmi kelib, uylaridan har xil pishiriqlar olib kelib, ovqatlantirib turdi, kiyimlarini yuvishdi.

O‘n besh yoshida Juma yozishni, o‘qishni va hatto bo‘rilar bilan qanday yashaganligini aytib berishni o‘rgandi. Jumaning so‘zlariga ko‘ra, bo‘rilar unga odamlar kabi munosabatda bo‘lishgan, unga oziq-ovqat va boshpana berishgan, odamlar esa aksincha uning “oilasini“ vayron qilib, vahshiylar kabi munosabatda bo‘lgan. U odamlar onasini, otasini, aka-uka va opa-singillarini (bo‘rilarni) o‘ldirishganini ko‘zlarida yosh bilan aytib, barmog‘i bilan osmonga ishora qilgan, ya’ni yuqoridan otib o‘ldirishganini tushuntirgan.

Bundan keyin Jumani bir kasalxonadan ikkinchisiga tinmasdan ko‘chirib turishdi. U Toshovuzdan Ashxobodga, so‘ng Ashxobod yaqinidagi tog‘lar orasidagi Kalininskiy qishlog‘iga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda, tog‘lar orasida moxovlar ham saqlanar edi. U, shuningdek, uran koni bilan tanilgan Qizilqoya (Krasnovodsk viloyati)ga ham yuborildi. Shu vaqtlarda turkmanistonlik kinorejissyorlar bu dahshatli joy haqida gapirishga harakat qilishdi, ammo ularga bunday qilish taqiqlandi.

90-yillarning boshlarida ommaviy axborot vositalarida turkmanistonlik Maugli haqida ma’lumot paydo bo‘lgandan so‘ng Moskvadan «Moskovskiy komsomolets» gazetasi, «Ogonyok» jurnali kabi yirik nashrlarning jurnalistlari u haqida material tayyorlash uchun Turkmanistonga tashrif buyurdi. Shu vaqtda ORTning «Vzglyad» dasturining boshlovchisi Vlad Listev Juma Jumayev haqida ko‘rsatuv tayyorlab, uning mashhurligini yanada oshirdi.

Kelgan jurnalistlar Jumani hayvonot bog‘iga olib borib, qafasda o‘tirgan bo‘rilarni ko‘rsatishar edi. Vlad Listevning so‘zlariga ko‘ra, Juma qafasdagi bo‘rilarni ko‘rganda juda hayajonlangan va uzoq vaqtgacha gapira olmay, bo‘rilar qafasiga kirishga jon-jahdi bilan uringan.

1992 yilda Jumani Ashxobodga olib kelganida, unga rejissyor Bulat Mansurov onasining rasmini chizishni iltimos qiladi. Ammo Jumayev bo‘rini chizardi. Juma yomon gapirganiga qaramay, unga nima deyilganini juda yaxshi tushungan. Mansurov unga: «Juma, bu bo‘ri» desa, u shunchaki jilmayib qo‘yib, ko‘zlarida yosh bilan «Bu – onam» deb javob bergan.

Ushbu suhbatdan keyin rejissyor Bulat Mansurov «Turkman Mauglisi» nomli filmni suratga olishga qaror qiladi, lekin birnecha materiallar olgandan keyin unga taqiq qo‘yiladi.

Juma 37 yoshida pasport va nafaqaga chiqish huquqini oladi, lekin u umrining oxirigacha ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqa olmaydi.

Jumaning navbatdagi joyi, avvalgi uran konlarida joylashgan Krasnovodskdan 300 kilometr uzoqlikdagi Qizilqoya tumani ruhiy kasalliklar shifoxonasi bo‘ldi. Bu joyda nurlanish kuchli edi. Moskvadan kelgan psixiatr shifokor shaxsan o‘zi nurlanish bor-yo‘qligini tekshirish uchun shaxtalarning biriga tushadi, lekin shundan keyingi qolgan 3 yil umrini o‘zi shifoxonada o‘tkazadi.

Kasalxonaning yangi bosh shifokori lavozimiga tayinlangan Mishenko Vladimir Panfilovich o‘z xizmatini birinchi navbatda shifoxona joylashgan butun hududni dozimetr bilan o‘lchashdan boshlagan. Keyin u o‘z bemorlari uchun xavfsiz yangi joydan shifoxona izlashni talab qiladi. Lekin, ko‘p o‘tmay u ham sirli ravishda o‘lim topadi.

So‘ng Juma maxsus maktab-internatga o‘tkaziladi. Jurnalistlarning oxirgi intervyusi 1996 yilda bo‘lib o‘tgan, shundan keyin kasalxona eshiklari hamma uchun batamom yopiladi va Juma haqidagi ma’lumotlar to‘liq maxfiy bo‘lib qoladi. Uning keyingi hayoti qanday kechgani qorong‘u. Qachon va qanday sharoitda vafot etgani noma’lum. Shuni ta’kidlash kerakki, Juma dunyodagi boshqa Mauglilarga nisbatan ko‘proq umr ko‘rdi. Boshqalar 40 yoshgacha hayot bo‘lgan bo‘lsa, Juma taxminan 50 yil yashagan. Lekin, u bo‘rilar bilan taxminan 5 yil va odamlar bilan 40 yildan ortiq yashaganiga qaramay, odamlar jamiyatini tushuna olmasdan ketdi. Juma Jumayev fenomeni fan uchun ham yangi kashfiyot bo‘ldi. Uning ismi ilmiy adabiyotlarga ham kiritildi.

– Ustyurtdagi Mauglini, ya’ni Jumani Qoraqalpog‘iston hududida, ya’ni Sariqamish ko‘li atroflarida tutgan, — deydi qoraqalpog‘istonlik yozuvchi O‘mirbay O‘teo‘liyev. – Men Ustyurtdagi cho‘ponlardan bu voqeani ko‘p eshitganman. Bo‘rilarda juda ko‘p karomat bor.

Yesimxon Qanoatov

Manba: uza.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring