Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Xaspo‘shlash operatsiyasi

Xaspo‘shlash operatsiyasi

Xatolarni yashirishdan maqsad nima o‘zi?

Foto: «Jaberton»

Bir viloyatning bir tumanidan bir kursdoshim qo‘ng‘iroq qilib qoldi (manzili va ismini nega aniq yozmaganimni keyin tushunasiz). Jaydaricha qilib rosa gapirdi o‘ziyam!

– Kecha maylisda hokim meni turg‘azib, metallolom topshirmasang yumshoq joyingga boplab tepaman dedi. Eshitayapsanmi? Enamning erinikidan topamanmi metallolomni? Bo‘ynimni qiyshaytirib, bajaramiz dedim. Eh, jo‘ra, maktabga direktorlik qilaymi yoki temir-tersak yig‘ib yuraymi? Shu... sen kitob yozguncha shu haqda yozsang bo‘lmaydimi? Haqiqatni chiqar-da!

– Bo‘pti, menga hammasini qog‘ozga tushirib ber.

– A? Qog‘ozga tushirib?

– Rahbar shunday-shunday dedi deb yozgin. Diktofonga zapis qilgandirsan gaplarini? Uyam kerak. Asos bo‘lmasa qanday yoritish mumkin? Men borib hokimga uchrashganim bilan senga metallolom haqida topshiriq berganini tan olarmidi?

– Qiziq gaplarni gapirasan! Men rahbarning ustidan yozsam, kallam ketadi-ku? O‘zing bir nimalar deb to‘qib tashla-da!

– To‘qib tashlay? Nima deb asoslayman? Keyin qanday natija bo‘ladi? Nimadan qo‘rqasan buncha?

– Nimadan qo‘rqasan emish! Ishdan ayrilsam, ikkita xotinim, oltita bolamni sen boqasanmi? Tavba!

– Xotining ikkitami sening? Unda o‘shalar bilan metallolom topa qol!

– Obbo!..

Ko‘pincha shunday. Odamlar shikoyat qilishadi. Asosga kelganda esa... o‘n daqiqada «Kanada chegarasi»ga yetishadi! Ba’zida TV muxbirlarini haqiqatni yoritmaslikda ayblaydilar, kamera ob’yektivi to‘g‘rilanganda gapirish o‘rniga... o‘zlarini chetga olishadi, suvdagi baliq! Xuddiki muammolar faqat jurnalistlarga kerakdek! O‘zbekning maqoli shunga mos tarzda aytilgan: «Och qornim – tinch qulog‘im».

Xo‘sh, biz kamchiliklarni kimdan yashirayapmiz? O‘zimizdanmi, o‘zligimizdanmi? Yuqoridanmi yoki pastdanmi? Shuning oqibatida paydo bo‘lmaydimi illatlar? Yoki yo‘qotadigan narsasi yo‘q odam qo‘rqmaydimi faqat? Shikoyatchi o‘z halovatini o‘ylab jimgina yashashni afzal bilsa, jurnalist degani asos topolmasa, matbuotga berolmasa! Qars ikki qo‘ldan chiqadi axir! Asos yashirilgani, aytilmagani uchun ham masala ko‘pincha umumiy tarzda yoritiladi! «Bir viloyatning bir tumani...» qabilida.

Pedagog metallom izlab yursa-yu, qalamkash bu haqda yozolmasa, nima degan gap? Ayrim idoralar rost gapga ishonish o‘rniga «alibi» talab qiladi! Hammasi hujjatda aks etgan bo‘lishi shart! Eng qizig‘i, «alibi» so‘ralayotgan ish aslida haqiqatligini juda yaxshi biladi. Biladi-yu, baribir so‘raydi! Biz o‘zimizni umumiy, yaltiroq gaplar bilan aldashga o‘rganib qolganmiz. Idoralar emas, odamlar ham haqiqatni yoqtirmaydi go‘yo. Vaholanki, «yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon». Xatolarni yashirishdan maqsad nima o‘zi? Kamchiliklarni xaspo‘shlayotgan, xo‘jako‘rsinga ishlayotgan amaldorni yurt ravnaqi uchun jon kuydirayapti deb aytish mumkinmi, o‘zingiz ayting! Bunday operatsiyalar bilan ijobiy natijaga erishiladimi?

Yaqinda ustoz Habib Temirov bilan suhbatlashdik.

– Ko‘pchiligimizga so‘z erkinligi kerak emas, – dedi u kishi. – Aksariyat odamlarimiz yolg‘onchi! Ularga haqiqatning keragi yo‘q!

Ha, o‘z manfaati yo‘lida oq qandni qora ko‘mir deyishdan ham toymaydi ba’zilar. Bilgan-bilmagan yozib yotibdi ijtimoiy tarmoqda. «Mumkin»dan ko‘ra «mumkin emas» deydiganlar ko‘p! Ular bildirayotgan fikrlardan uyalib ketasan kishi! Bilib-bilmay... aldashayapti, yolg‘onni yozishayapti!

Jurnalist ayol rahbarining so‘kkanini qoralash o‘rniga uni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi. Maoshi, ishini o‘ylagan yana bir qalamkash hamkasbiga qarama-qarshi material yozadi. Haqiqatni shu tarzda toptaydilar, asliyatdan aldamchilikni ustun qo‘yadilar. Jamoatchilik nuqtai nazari, kasbga sadoqat degan tushunchalar zig‘ircha qiziqtirmaydi bu toifani!

Rossiyadagi OAV boykoti haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak? Jurnalistlar tomonidan jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan bir deputat etika bo‘yicha qo‘mita tomonidan aybsiz deb topilgach, bir nechta radiostansiya, sayt, telekanal va jurnallar Davlat dumasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Aniqrog‘i, hammasi bir yoqadan bosh chiqardi!..

* * *

Telefon qilgan og‘aynim yana ancha gapirdi. So‘zining oxirida esa xo‘rsinib iltimos qildi:

– Oshnajon, mayli, yozmay qo‘yaqol. Sening tanishlaring ko‘p, balki metallolom topishga yordam berarsan?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring