Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yoshlar bilan ishlash tizimi yangi bosqichga ko‘tariladi

Yoshlar bilan ishlash tizimi yangi bosqichga ko‘tariladi

Prezidentning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–163-son, 10.09.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilangan:

  • yoshlar muammolarini individual va manzilli hal etish orqali yoshlar yetakchilari faoliyati samaradorligini oshirish;
  • yoshlarning kasbiy qiziqishlarini barvaqt aniqlab, ularni mehnat bozoriga raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlash.

Farmon bilan yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari belgilandi:

  • yoshlarning o‘z kuchiga ishonchini oshirish va jamiyat uchun foydali loyihalarni mahalla darajasida amalga oshirish;
  • iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, “Besh tashabbus olimpiadasi”ni keng targ‘ib qilish;
  • yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali ularning bandligiga ko‘maklashish;
  • “Yoshlar daftari”dagi yoshlarga yordam ko‘rsatishda ijtimoiy hamkorlik tamoyiliga tayanish.

Yoshlar yetakchilariga asosiy vazifalarga aloqasi bo‘lmagan qo‘shimcha topshiriqlarni yuklash taqiqlanadi.

“Mahalla yettiligi” va ta’lim muassasalari birgalikda yoshlarni, ayniqsa maktab bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yadi. Muammoli o‘quvchilarni har oyda aniqlab, ularning qiziqishlariga mos yo‘nalishlarda rivojlanishi uchun yoshlar yetakchilari va mahalla raisiga ma’lumot taqdim etiladi. Shuningdek, mahallalarda ustoz-shogird tizimi tashkil etilib, yoshlarning fan, axborot texnologiyalari, sport va kitobxonlikka qiziqishi kuchaytiriladi.

2026 yil 1 fevralgacha “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” negizida “Yoshlar yagona elektron platformasi” yaratiladi. Unda yoshlar haqidagi yagona ma’lumotlar bazasi – “Yoshlar balansi” shakllantiriladi. Qiziqishlarini o‘rganish bo‘yicha so‘rovlar o‘tkaziladi va avtomatik tahlil qilinadi. Yoshlarga imtiyoz va imkoniyatlar haqida ma’lumot taqdim etiladi.

2026 yildan ijtimoiy yordam uchun ariza berish va qaror qabul qilish jarayonlari my.gov.uz hamda yoshlar platformasi orqali amalga oshiriladi.

2026 yildan boshlab har yili 30 iyun – Yoshlar kuni arafasida Yoshlarga oid davlat siyosatining milliy ma’ruzasi e’lon qilinadi.

Ushbu farmon mahalla darajasida yoshlar bilan ishlashning yangi, tizimli va samarali mexanizmlarini joriy etib, ularning bilim, kasb va hayotiy yo‘lini qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring