Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karantin vaqtida boshqa davlatlardan pochta jo‘natmalari qabul qilish va yuborish mumkinmi?

Karantin vaqtida boshqa davlatlardan pochta jo‘natmalari qabul qilish va yuborish mumkinmi?

O‘zbekistonda koronavirus  epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolarimiz, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha bir qator savollar va murojaatlar kelib tushmoqda.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati rahbari Sherzod Axmatov bugun eng ko‘p berilayotgan savollar va murojaatlarga javob berdi.

  1. Bugungi karantin holatida internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishda aholi uchun qanday imkoniyatlar yaratiladi? Telefon va internet uchun to‘lov kechiksa ham karantin davrida uzib qo‘yilmasligi haqidagi qarorni o‘qidim.

– Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 24-martdan boshlab fuqarolar tomonidan internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, qarorda Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Shu bilan birga, idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib («onlayn» rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralari ko‘rilishi ham belgilangan.

  1. Karantin vaqtida boshqa davlatlardan pochta jo‘natmalari qabul qilish va yuborish mumkinmi?

– Bir muhim jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Pochta xizmatini strategik ahamiyatga ega deb bemalol aytish mumkin. Chunki, har qanday ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik vaziyatlarda ham pochta xizmatiga bo‘lgan talab va taklif to‘xtab qolmagan, aksincha, doimiy ravishda o‘sib boradi.

Shu nuqtai nazardan, biz pochta tizimida xavfsizlikni ta’minlash, pochtalar orqali kelishi mumkin bo‘lgan turli epidemiologik holatlarni oldini olishga doimiy ravishda jiddiy e’tibor qaratamiz. Pochta sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan parallel ravishda ish olib boradi. Va eng muhimi, shu vaqtgacha O‘zbekistonda bunday holat kuzatilmagan.

Bugungi kunda «O‘zbekiston pochtasi» AJ boshqa davlatlardan barcha turdagi pochta jo‘natmalarini sanitariya-epidemiologik jihatdan xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rgan holda qabul qilmoqda va yubormoqda.

Lekin global xavfsizlik choralarining kuchayishi tufayli ko‘p mamlakatlarda havo va temir yo‘llari transportlari harakatlanish rejalari o‘zgartirilmoqda yoki kamaytirilmoqda. Ko‘plab yo‘nalishlarga havo transporti qatnovi butunlay to‘xtatilgan. Shu nuqtai nazardan ko‘p mamlakatlardan pochta jo‘natmalari kirib kelishida vaqt nuqtai nazaridan muammolar yuzaga kelishi mumkin.

Bu muammo bo‘yicha ham barcha ishlar amalga oshirilmoqda.

  1. Hozirgi kunda maktab o‘quvchilarining onlayn darsliklari ishlab chiqilib, internetga joylashtirilmoqda. Internet tezligi va sifatini oshirish bo‘yicha nima ishlar qilinmoqda?

– Birinchi navbatda, Xalq ta’limi vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tayyorlanayotgan videodarslardan bemalol foydalanish uchun internet provayderlar va mobil aloqa operatorlari tomonidan joriy yilning 1-may kuniga qadar eduportal.uz, kitob.uz, edumarket.uz, online-maktab.uz, talim.uzedu.uz, utube.uz, itschool.uz, coronavirus.uz veb-saytlarga kirishni bepul amalga oshirilishi ta’minlandi.

Bundan tashqari mahalliy internet-provayderlar va mobil operatorlar — Uztelecom, UCELL, MobiUz va Beeline tomonidan o‘z abonentlariga ommaviy axborot vositalari manbalaridan — uzreport.news, xabar.uz, daryo.uz, gazeta.uz, kun.uz, podrobno.uz, repost.uz, uznews.uz, spot.uz hamda «ZiyoNET» xizmatidan bepul foydalanish imkonini taqdim etildi.

Ikkinchi navbatda, karantin davrida internet trafik, mobil va telefon aloqa trafigi o‘zgarishlari doimiy nazoratga olingan. Yuklanish o‘ta yuqori darajada oshib ketadigan holatlarda amalga oshiriladigan ishlarning rejalari tayyorlangan.

Yana shuni aytish joizki, internet xizmati tezligi foydalanilayotgan texnologiya bilan chambarchas bog‘liqdir. Ya’ni optik tolali aloqa liniyalari orqali xizmat taqdim etilgan hollarda kompaniya yuqori tezliklarda, ya’ni 100 Mbit/soniyagacha tezlikda internet xizmatini ko‘rsatish imkoniyati mavjuddir. Shuningdek, abonentlar foydalanayotgan tarif rejasi ham internet tezligiga chambarchas bog‘liq. Ya’ni, 4 Mbit/soniya tezlikda internet xizmati taqdim etiladigan tarif rejasida undan katta tezlikda internetdan foydalanish imkoni mavjud bo‘lmaydi. Demak, ishonch bilan aytishimiz mumkinki, iste’molchining tarif rejasiga ta’sir ko‘rsatilmaydi. Bu borada barcha imkoniyatlar ishga solingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring