Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda koronavirusni yo‘qotuvchi texnologiya yaratilgani aytilmoqda. U sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan

O‘zbekistonda koronavirusni yo‘qotuvchi texnologiya yaratilgani aytilmoqda. U sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan

Foto: «Xabar.uz»

Yurtimizga kirib kelgan koronavirus pandemiyasi mutaxassislarni unga qarshi tura oladigan turli texnologiyalar ustida bosh qotirishga undadi. Va ular tez orada buning uddasidan chiqishganini aytishmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, yangi, milliy texnologiya koronavirusni butkul yo‘qotishga qodir. Bu qanchalik haqiqat? Biz bu borada soha mutaxassislarining fikri bilan qiziqdik.  

Havoni mikrob, bakteriya, viruslar va boshqa ifloslanishlardan tozalashi ta’kidlanayotgan ushbu texnologiya qachon yaratildi?

Gulnoza Mirzayeva, Chilonzor tuman Sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazi rahbari:

— Pandemiya boshlangandan buyon xalqimiz orasida koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida tashkilotimiz tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning aprel oyida muhandislarimiz havodagi mikrob va bakteriyalarni yo‘qotuvchi yangi innovatsion texnologiyani yaratishdi. Ilk tajribalar o‘tkazilib, texnologiya takomillashtirildi. May oyidan boshlab intensiv sinovlar, jumladan, bakteritsid lampa, ozonator, ultrafiolet va kvarslarga nisbatan ham solishtiruv va imkoniyatlari tekshirildi. Texnologiya unumdorligi yuqori bo‘lgani, vaqt ziqligi, virusning borgan sari ko‘payishi sabab, shahar virusologiya laboratoriyasida koronavirusga qarshi sinab ko‘rishga qaror qildik.

Sinovlar aynan havodagi koronavirusni yo‘q qilishga mo‘ljallangan edi. Natijalarga ko‘ra, muhandislarimiz tomonidan yaratilgan texnologiya nafaqat havodagi, balki laboratoriya yuzidagi bakteriya, mikroblar va koronavirusni ham butkul yo‘qotdi.

Ushbu texnologiya shu darajada samarador bo‘lsa, nega tezroq ommalashtirilmadi? Bunga qanday to‘siqlar bo‘ldi?

Ergashali Rahimov, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti kichik ilmiy xodimi:

— Avvalo, har qanday yaratilgan qurilmaning texnik jihatdan inson hayotiga xavf solmasligi tekshirilishi darkor.

Texnologiyaning ishlashi fanga ma’lum bo‘lgan azonator tamoyiliga qiyoslandi. Mazkur qurilma azonator emas, uning ishlash quvvati va chastota diapazoni azonatordan keskin farq qiladi. Ishlash tamoyili ionizatornikiga o‘xshash, biroq ularning farqi yangi zaryadlangan aeronlar singari elektronlarda. Aeronlarning inson hayotiga xavf solmasligi tibbiyot, kimyo, biologiya va boshqa ko‘plab sohalarda o‘tkazilgan ko‘p sonli tajribalarda isbotlangan.

O‘tkazilgan sinovlar va takomillashtirishlar texnologiyani oddiy ionizatordan farqli ravishda turli kimyoviy moddalar molekulalari bilan qurollantirish va bu bilan havo hamda sirtlardagi zararli zarralarni (ya’ni, zaryadlangan virus, bakteriya, chang va boshqalar) tutib olib zararsizlantirish usulini ishlab chiqishga olib keldi. Klinik sinovlar nihoyasiga yetmagunicha, texnologiyaning ishlash tamoyili borasidagi formula sirlarini ochmaganimiz sababli, ba’zi ilm vakillarida katta qiziqish, boshqa birlarida esa, aksincha, salbiy xulosalarni uyg‘otishi tabiiy holat edi. Shu bois texnologiya bo‘yicha fikr bildirgan amaliy fan arboblarimizning aksariyati qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, nazariy fan arboblarimiz orasida sinov natijalarini ko‘ra turib, texnologiya tamoyilini butkul tekshirib ko‘rib, yangiligini norasmiy tan olgan holda, e’tiroz bildirganlar ham uchradi. Bularning bari biz uchun saboq bo‘ldi, qurilmani qayta va kuchaytirilgan tartibdagi tekshiruvlardan o‘tkazish uning samarali ekanini yana bir bor isbotladi.

Uning yangi koronavirusni havoda «o‘ldira» olishi qachon isbotlandi?

Dono Muhamedova, Toshkent shahar Sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazi, Virusologiya laboratoriyasi mudirasi:

— Pandemiya boshlangan paytdayoq hamyurtlarimiz tomonidan turli texnologiya va dorilar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Hatto, uyga ham bormay virus tarqalishining oldini olish masalasida keskin izlanish va tajribalar o‘tkazdik. May oyida bakteriya va mikroblarni mutlaqo bartaraf etuvchi, ko‘plab laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan, rasmiy tavsiyalarga ega, milliy texnologiyani virusga qarshi sinash uchun laboratoriyamizga olib kelishdi.

Virusologiya laboratoriyasi muayyan vaqt ichida dezinfeksiya qilib turiladi. Aynan shu fursatda mavjud texnologiyalar dezinfeksiyasidan keyin havo tarkibi, ish o‘rinlari, uskunalar, niqoblardan sinamalar oldik va koronavirus nafaqat havoda muallaq bir paytgacha, balki xonaning barcha qismi, yuzalarida ham saqlanib qolishiga amin bo‘ldik. Shundan so‘ng 30 daqiqaga yangi texnologiyani ishga tushirib, qayta sinovlarni o‘tkazdik. Boks ichidan tashqari, barcha joylardagi koronavirus bartaraf etilganining guvohi bo‘ldik. Bu bizlar uchun katta yutuqning ilk qadamlari edi. Oldinda ko‘plab sinovlar va texnologiyaning imkoniyatlarini yanada chuqurroq o‘rganish, klinik sinovlarni o‘tkazish natijalari turgan edi.

Texnologiya shunchalik samarador bo‘lsa, hozir qayerlarda qo‘llanilyapti?

Bobur Qurbonov, Toshkent shahar Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi rahbar o‘rinbosari, tibbiyot fanlar nomzodi:

— Yaratilgan texnologiya mukammal sinovlardan o‘tkazilgach, klinik sinovlarni davom ettirish maqsadida, birinchi galda, test olish markazlarida o‘rnatildi. Jumladan: Chilonzor tuman SEOM, Bakteriologiya laboratoriyasi, Uchtepa tuman test olish markazi, Yunusobod tuman test olish markazi, shahar virusologiya laboratoriyasi, Toshkent shahar sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazi, Respublika sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik agentligi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlarda foydalanib ko‘rildi. Muntazam ravishda texnologiyaning ko‘rsatkich va filtrlari tekshirib borildi. Barcha sinovlar intensiv, vaqtga nisbati, havo harorati o‘zgarishi kabi ma’lumotlarga alohida ahamiyat berildi. Mavjud kamchiliklari bartaraf etildi. Hozirgi kunda texnologiyani keng ko‘lamda ishlab chiqarish va tatbiq etish masalasi o‘rganilmoqda.

Bu texnologiyaning xorijda ham analoglari bormi?

Malika Qudratxo‘jayeva, Toshkent shahar Sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazi rahbari:

— Muhandislarimiz tomonidan ishlab chiqilgan milliy, yangi texnologiyaning klinik sinovlari davom etyapti. Shu kungacha ham turli sinovlar o‘tkazdik.

Jumladan, tibbiyot xodimlarimizning karantin vaqtida testlar olish uchun manzilli chiqishlarida yengil transport uchun yaratilgan modellar ham keskin tekshirildi. Samarasi juda yuqori.

Hozircha yaratilgan texnologiyaning chet elda analogi yo‘q. Lekin Yevropa, AQSh, Rossiya mamlakatlari mutaxassislari ham koronavirusni havo va havo tomchilari orqali tarqalishining oldini olish maqsadida o‘xshash texnologiyalar ustida ish olib borishyapti. Sinovlar jarayonida chet el farmatsevtika sanoati tashkilotlari tomonidan texnologiyani sotib olish takliflari ham tushgan edi. Rad etdik, sababi, avvalambor, mazkur texnologiya yurtimiz, xalqimiz uchun xizmat qilishi lozim. Ichki talablar qondirilgach, chet elga realizatsiya masalalari ko‘rib chiqiladi.

Tez kunlarda sinovlar nihoyasiga yetadi. Shundan so‘ng tibbiyot muassasalari, dorixona, maktab, oshxonalar, to‘yxona kabi aholi gavjum joylarda qo‘llanilishi uchun tavsiyalarni beramiz.

Inson tanasidagi virusni yo‘qotishda yoki u o‘rnatilgan binoda ishlayotgan odamlar sog‘lig‘i uchun zararli tomoni yo‘qmi? Masalan, qanchadir miqdorda nurlanish degandek...

Rabbanakul Avezov, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti bosh ilmiy xodimi texnika fanlari doktori, proffessor:

— Bilasizmi, inson salomatligi hamda uning ishchanligi biofizika tomonidan turli tashqi ta’sirlarga, ya’ni ma’lum miqdordagi zaryadli zarralarga bog‘liq. Masalan, elektroforez, darsenval va boshqa turdagi tabobat-fizologik uskunalari.

Atmosferadagi ma’lum miqdordagi zaryadli zarralar inson hayoti uchun foydali hisoblanadi. Buni birinchilardan bo‘lib biofizik olim Aleksandr Leonidovich Chijevskiy aniqlagan, u ishlab chiqargan qurilma (ionizator) inson faolligini oshiradi va immunitetini ko‘taradi. Hozirda ham bunday ionizatorlardan ko‘pgina maqsadlarda foydalaniladi.

Biz yaratgan texnologiya prinsipi shunga yaqin bo‘lgani bilan, virusolog olimlarimiz ishlab chiqqan kimyoviy birikmalar yordamida qayta takommillashtirilishi virus va bakteriyalarga bo‘lgan karshi ta’sirni keskin oshirdi. Yaratilgan qurilmadan nurlanish chiqmaydi, undan kuchsiz zaryadlangan zarralar, ya’ni aeronlar chiqadi. Bu aeronlar turli kimyoviy birikmalar molekulalari bilan birga inson uchun xavfli emas.

Yaratilgan texnologiya bino ichidagi kislorod miqdorini oshirib, insonlarning ishchanligini hamda immunitetini ko‘taradi, ularda mavjud turli virus va bakteriyalar tarqalishining oldini oladi.

Texnologiya muallifi sifatida, uning yaratilishi, ishlash tamoyili, tajriba va natijalar haqida ma’lumot bersangiz.

Olimjon Yusupov, Chilonzor tumani Sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazi muhandisi  (texnologiya muallifi):

— Texnologiya havo va sirt yuzidagi zararli moddalardan tozalashning yangi, zamonaviy turi bo‘lib, xona va binolarni chang, bakteriya, mikrob, viruslar, havo orqali tarqaluvchi yuqumli kasalliklarni bartaraf etish, namlikni oshirish kabi turli vazifalarni bajarish uchun yaratilgan. Jarayon zaryadlangan elektronlar bilan muayyan formula molekulasi birlashmasi orqali, havo tarkibi yoki sirtda joylashgan bakteriya va viruslarni qobiqqa olib, bartaraf etadi.

Mazkur texnologiya ustida ish olib borishdan asosiy maqsad, u orqali havo tarkibidagi zararli moddalarni aniqlash, elektron bazaga onlayn kiritish hamda kunlik o‘zgarishlarni monitoring qilib, zararlantiruvchi joylarni aniqlash, havo orqali ushbu moddalar tarqalishining oldini olishdan iborat edi. Yurtimizga koronavirus kirib kelishi, texnologiyaga o‘zgartirishlar kiritish, virus tuzulmasini o‘ziga qarshi ishlatib, uni elektronlar orqali qobiqqa olish va yuza sathiga cho‘ktirib, kimyoviy suyuqliklar orqali dezinfeksiya qilishga harakat qildik. Ilk sinovlar bakteriya va mikroblarga qarshi o‘tkazildi hamda biz kutilgan natijalarga erishdik.

Keyingi sinovlarda texnologiyaga qo‘shimchalar kiritilib, mikrob, bakteriya, virus kabi zararli moddalarni nafaqat elektronlar orqali qobiqqa olish, balki elektronlarga biriktirilgan molekulalar orqali ularni butunlay bartaraf etish prototipi yasaldi. Shahar virusologiya laboratoriyasida bir necha sinovlar o‘tkazildi. Ushbu jarayonda havo tarkibi va sirtda joylashgan koronavirusni yo‘qotishga erishildi.

Samarali sinovlardan keyin bir necha modellar ishlab chiqilib, maxsus laboratoriya, test markazlari, tibbiyot avtomobillarida sinab ko‘rildi. Bunda nafaqat havo tarkibidagi koronavirusni bartaraf etish, balki havo va havo tomchilari orqali virus tarqalishining oldini olish kabi natijalarga ham erishildi. Shu bilan birga, klinik sinovlar allergiyasi bor fuqarolarda ham ijobiy natijalarni ko‘rsatdi. Nafas olish yo‘llari distansion elektronlar orqali tozalandi. Kislorod bilan to‘yintirilgan havo oqimlari nafaqat koronavirus, balki boshqa allergiya, nafas qisishi, havo yetishmasligi kabi muammolarni bartaraf etdi. Koronavirus bilan zararlangan fuqaroda nafas chiqarish bilan virus tarqalishining oldini olish borasidagi sirkulyasiya juda katta samara berdi. Inson tanasidagi viruslarni distansion tozalash kabi yutuqlarga erishildi.

Hozirgi kungacha qo‘yilgan va ishlab turgan texnologiyalarimizda nuqsonu kamchiliklar aniqlanmadi. Taklif va istaklarni inobatga olgan holda ikkita modelda to‘xtaldik.

Birinchisi, katta xona, zallar va tibbiyotga bog‘liq joylar, ikkinchisi, kichik hamda ixcham bo‘lgan ofis, xonadon, avtomobil uchun yaratilgan modellar.

Oldingi modellarga nisbatan hozirda tayyorlanayotganlarida avtomatik tarzda ishlash vaqti va tanaffus regulyatorlari, havo bosimi, tashqi va ichki harorat kabi datchiklar o‘rnatilgan. Kelgusida mazkur texnologiyani aeroport va chegaralarda o‘rnatib, GPS orqali elektron nazoratini yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor. Ushbu tadbirimiz yurtimizga biror bir yuqumli yoki zararli infeksion moddaning kirib kelishidan ogoh etadi.

Shohida Isroilova tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring