Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yoshgina olim pandemiya qurboni bo‘ldi» – hamkasbi Andrey Kubatinni xotirladi

«Yoshgina olim pandemiya qurboni bo‘ldi» – hamkasbi Andrey Kubatinni xotirladi

Kuni kecha tarixchi olim Andrey Kubatin koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi. Jurnalist va filolog Eldar Asanov hamkasbini xotirladi.

«Hamkasbim, akam, ustozim, asosiysi, yaxshi inson Andrey aka Kubatindan ayrilib qoldik. Tuhmat bilan qamalib, shuncha azob tortgan, endi to‘laqonli hayot boshlagan, PhD himoyasiga va katta tadqiqotlarga kirishgan, shuncha orzu-havasi bor yoshgina olim, tadqiqotchi pandemiya qurboni bo‘ldi. O‘zi arang oyoqda turgan o‘zbek tarixchiligi, turkologiyasi eng zabardast vakillaridan biridan ayrildi.

36 yoshida shuncha bilim to‘plagan, yuzlab birlamchi manbalar, sohadagi barcha asosiy ilmiy tadqiqotlar bilan tanishib chiqishga ulgurgan, deyarli barcha turkiy tillarni, fors, so‘g‘d, kurd, pashto, suryoniy, arab kabi tillarni biladigan, boshqa ko‘plab tillar haqida fundamental bilimga ega bu inson meni hayron qoldirardi. O‘zbekchani shevalari bilan, eng mayda ikir-chikirigacha bilardi. Havas qilardim, bilim tomondan undan oshib ketishga urinardim. Endi hech qachon oshib ketolmayman.

Andrey aka bilan ko‘p maslahatlashardim, ko‘p narsa so‘rardim. U kishi ham mendan maslahat so‘rab turardi. Bir-birimizning tadqiqotlarimizga yordam berardik. Oxirgi paytlarda u kishi ilk o‘rta asrlar uyg‘ur hujjatlarini, xitoycha manbalarni originalda o‘qiyotgan, forscha manbalarni tarjima qilayotgan edi. Bu o‘zbek faniga ham, Andrey akaning oilasiga ham, biz yaqinlariga ham kutilmagan va juda og‘ir zarba bo‘ldi. U kishining o‘rnini fanda ham, bizning hayotimizda ham hech kim to‘ldirolmaydi endi.

Andrey akaning xotirasini abadiylashtirish, merosini asrash, qolib ketgan ishlarini davom ettirish – qo‘limizdan keladigan eng mayda, arzimas ish. Hech bo‘lmasa shunga yarasak, biroz taskin topamiz», deb yozadi Eldar Asanov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring