Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zo‘ravonlarning panjara ortidagi tomoshasi. Samarqandda xavfli jinoiy guruh ustidan hukm o‘qildi (video)

Zo‘ravonlarning panjara ortidagi tomoshasi. Samarqandda xavfli jinoiy guruh ustidan hukm o‘qildi (video)

Foto: «STV»

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi aka-uka Ismoil va Isroil boshchiligidagi jinoiy guruh harakatlari to‘xtatildi, deb xabar berdi STV telekanali.

Tumandagi ma’lum bir hududni bir necha yil davomida qo‘rquvda ushlab turib, tovlamachilik va talonchilik bilan shug‘ullangan guruhning 12 nafar a’zosi sud oldida qilmishlariga yarasha javob berishdi. Jinoiy to‘da rahbarlari sud qarori bilan 17 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi bo‘lib o‘tdi. Sud ochiq shaklda o‘tkazilib, unda ayblovchilarning qarindoshlari, huquqshunoslar va OAV vakillari qatnashdilar.

Sud raisi har bir ayblovchining jinoiy ishini alohida ko‘rib chiqdi. Sud zalida guruh a’zolari tomonidan amalga oshirilgan og‘ir jinoyatlar sanab o‘tilgach, ayblanuvchilar o‘zlarini g‘alati tuta boshladilar. Ularning bir nechtasi shovqin solib, hatto boshlarini panjaraga urganicha chiqarib yuborishni talab qilishdi. Bu bilan sud ishiga halaqit qilishga ham urinishdi.

Shunga qaramay, sud o‘z ishini davom ettirdi. Sud jarayonida jinoiy to‘daning mahalliy aholini qo‘rquvga solish, hayotiga tahdid qilish, qattiq tan jarohatlari yetkazish orqali talonchilik bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi. Ular shunchalikka borishganki, o‘z jabrdiydalarini qanday do‘pposlashganiyu, qiynoqqa solishganini tasvirga olib,  internetga joylab turishgan. Sudda yetti nafar jabrlanuvchining arizasi ham ko‘rib chiqildi.

Baxtiyor Murtazayev, Samarqand viloyati prokurorining katta yordamchisi:

- Juda ko‘p jinoyatlar ushbu sudlanuvchilar nomi bilan bog‘liq. Ular tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi jinoyat paxta tozalash zavodida qayd etilgan. Jinoiy to‘da navbatdagi talonchilikni amalga oshirish vaqtida qo‘riqchi va ombor mudirini qattiq kaltaklashgan.

Ko‘rib chiqilgan materiallar va yig‘ilgan ashyoviy dalillar asosida ayblanuvchilarga sud hukmi o‘qildi. Xavfli jinoiy guruh tashkilotchisi Ismoil Xoliqov O‘zR Jinoyat kodeksining 59-moddasiga (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ko‘ra aybdor deb topilib, 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Guruhning qolgan a’zolariga ham uzoq muddatli jazolar tayinlandi. Jinoyatchilar jazoni qattiq tartibdagi koloniyalarda o‘tashadi.

Ushbu xavfli jinoiy guruhning ayrim a’zolari hali qidiruvda ekani ham ma’lum qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring