Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lyuk Besson Alisher Navoiy haqidagi filmni yaratishda qatnashadi

Lyuk Besson Alisher Navoiy haqidagi filmni yaratishda qatnashadi

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va «Tojikfilm» davlat muassasasining «Jomiy va Navoiy» tarixiy filmini yaratish bo‘yicha tuzilgan qo‘shma komissiyasining yakuniy yig‘ilishida film konsepsiyasi ikki davlat mutaxassislari tomonidan ma’qullandi.

Taqdimotda Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, «Tojikfilm» davlat muassasasi direktori Mahmasaid Shoxiyon, shuningdek, ikki davlat olimlari va kinoijodkorlari ishtirok etishdi.

Ikki mamlakat kinoijodkorlari va olimlari tomonidan tayyorlangan tarixiy badiiy filmning kengaytirilgan sinopsisi atroflicha muhokama qilindi. Ma’lumki, hamkorlikda film suratga olish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 10-11 iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida bildirilgan va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.

— Bugun barchamiz Tojikiston va O‘zbekiston xalqlarining buyuk mutafakkirlari, shoir va faylasuflari — Jomiy va Navoiy o‘rtasidagi do‘stlik haqida badiiy film yaratish jarayonida ishtirok etmoqdamiz, — dedi Tojikiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda.

Ssenariy rejasini tayyorlashga Kinematografiya agentligi, «Tojikfilm» davlat muassasasi, ikki mamlakat Kinoijodkorlar uyushmalari, Fan akademiyalari, Madaniyat vazirliklari, san’at institutlari mutaxassislari, sharqshunos olimlar jalb etilgan.

— Ushbu noyob loyihani Yangi O‘zbekiston yuritayotgan yaxshi qo‘shnichilik va ochiqlik siyosatining yorqin namunasi deyish mumkin. Bugun biz ko‘plab ijodiy uchrashuv va muxokamalar, bahs va munozaralar, izlanishlar o‘tkazmoqdamiz. Ushbu loyiha ikki davlat kinoijodkorlari o‘rtasidagi yo‘qolgan ko‘priklarni tiklaydi va bizni yanada yaqinlashtiradi. Izlanishlar natijasida ko‘plab tarixiy va faktologik materiallar to‘plandi, bugungi kunda butun dunyoni hayratga solayotgan, buyuk mutafakkir va shoirlarimiz ijod qilgan Sharq renessanasi davriga oid ko‘plab manbalar o‘rganildi. O‘tgan yilning oktyabr oyida memorandum imzolanganidan buyon ishchi guruhning 15 dan ortiq yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Filmning asosiy g‘oyasi «Tinchlik va ma’rifat hukm surgan joyda — taraqqiyot va farovonlik bo‘ladi» degan o‘zgarmas va hikmatli iboraga asoslangan, — deya ta’kidladi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

O‘zbekiston tomonidan filmga rejissyorlik qilayotgan Furqat Usmonovning ta’kidlashicha, Kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov Toshkent kinofestivali doirasida taniqli aktyor Lyuk Besson bilan muzokara o‘tkazgan.

«Yaqinda bo‘lib o‘tgan zum-konferensiya davomida Lyuk Besson O‘zbekiston va Tojikiston yosh rejissyorlari bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi va yosh o‘zbek kinoijodkorlarining ishtiyoqidan ilhomlanganligini ta’kidlab o‘tdi. Kelishuvlarga ko‘ra, ssenariy ustida birgalikda ishlaymiz, u loyiha bo‘yicha maslahatchi vazifasini bajaradi. Hozirda u film ssenariysini intiqlik bilan kutmoqda», — dedi Usmonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring