Belarusda «O‘zbekiston madaniyati kunlari» tantanali boshlandi
7–8-iyul kunlari Belarus Respublikasida «O‘zbekiston madaniyati kunlari» yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbir O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, san’at va madaniyat sohasidagi aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Belarus Respublikasi madaniyat vaziri Marat Markov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbatda madaniyat, kino, teatr, muzey, kutubxona, madaniy ta’lim, kreativ industriya hamda raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qo‘shma ishchi guruh tashkil etish, madaniy loyihalarni amalga oshirish va vazirliklar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi»ni hayotga tatbiq etish muhimligini ta’kidladilar.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Minsk shahridagi Belarus AT parki hamda A. Glebov nomidagi Minsk davlat amaliy san’at kolleji faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvlarda madaniyat sohasini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini madaniy merosni muhofaza qilish hamda muzey va kutubxonalar faoliyatiga keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Minskdagi «Pobeda» kinoteatrida «O‘zbek kinosi kunlari»ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek va belarus kinoijodkorlari o‘rtasidagi hamkorlik, yangi qo‘shma loyihalar va ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarning ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Madaniyat kunlarining asosiy tadbirlaridan biri sifatida 8-iyul kuni Minsk shahridagi «Respublika» saroyida o‘zbek san’at ustalari ishtirokida katta konsert dasturi hamda «Yangi O‘zbekiston» foto ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Unda milliy va zamonaviy san’atning eng yaxshi namunalari belarus jamoatchiligiga taqdim etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter