Uyda yo‘qligingizda nimalar bo‘lganini “shpion“ Alisa oqizmay-tomizmay aytib beradi
Yandeks «Alisa» intellektual yordamchisining imkoniyatlarini kengaytirdi. Endilikda u uydagi IP-kameralar tasvirini real vaqt rejimida tahlil qilib, kadrda nimalar sodir bo‘layotganini so‘zlab berish xususiyatiga ega bo‘ldi.
Ilgari aqlli uy tizimi foydalanuvchilari kamerada harakat sezilganda faqat oddiy bildirishnomalar olish bilan cheklanishar edi. Yangi funksiya tufayli «Alisa» nafaqat harakatni qayd etadi, balki vaziyatni to‘liq baholay oladi. Masalan, u «Mushuk divanda o‘ynab o‘tiribdi» yoki «Kuryer eshik tagiga quti qo‘ydi» kabi aniq ma’lumotlarni ipidan ignasigacha oqizmay-tomizmay aytib beradi.
Bunday imkoniyat «Yandeks»ning kompyuterli ko‘rish (Computer Vision) sohasidagi zamonaviy neyrotarmoq modellarini integratsiya qilishi evaziga amalga oshirildi. Tezkor tahlil tizimi tasvirdagi obyektlarni va ularning harakat dinamikasini aniqlashga qodir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu texnologiya aqlli uy ekotizimini rivojlantirishda muhim qadamdir. Foydalanuvchilar har safar telefon ekraniga qarab, videoni qayta qo‘yib ko‘rishlari shart bo‘lmaydi — «Alisa» vaziyatni qisqa xabar ko‘rinishida yetkazadi. Ayniqsa, bolalar yoki uy hayvonlari nazorati uchun bu juda qo‘l keladi.
Hozircha yangi funksiya sinov tariqasida ma’lum turdagi IP-kameralar va «Yandeks» aqlli uy tizimi foydalanuvchilari uchun taqdim etilmoqda. Ishlab chiqaruvchilar yaqin kelajakda ushbu tizim yanada takomillashib, boshqa turdagi qurilmalar bilan ham to‘liq moslashishini va keng ommaga taqdim etilishini ma’lum qilishdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter