Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Hamza bahonasida dindorlar mahv etilgan» — «Qizil toshbo‘ron» kitobi tarixiy mavzudagi eng yaxshi nashr deb topildi

«Hamza bahonasida dindorlar mahv etilgan» — «Qizil toshbo‘ron» kitobi tarixiy mavzudagi eng yaxshi nashr deb topildi

Toshkent shahrida 2–4-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro kitob ko‘rgazmasida «Eng yaxshi kitob» ko‘rik-tanlovining g‘olib va sovrindorlari e’lon qilindi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar berdi

Natijalarga ko‘ra, «Tarixiy mavzudagi eng yaxshi nashr» — «Yangi asr avlodi» nashriyotiga Nabijon Boqiyning «Qizil toshbo‘ron» nomli kitobi uchun berildi.

«Qatlnoma» asari orqali kitobxonlar qalbidan joy olgan yozuvchi va publitsist Nabijon Boqiyning mazkur asari XX asr jamoatchiligida turli qarashlar uyg‘otgan, fidokor jadidlar harakati namoyandalari safida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shaxs — Hamza Hakimzoda Niyoziy hayotini qamrab olgan salmoqli hujjatli roman hisoblanadi.

Asar Hamzaning 1889-yildan 1929-yilgacha davom etgan 40 yillik hayotidan hikoya qiladi. Tarjimai holidan tortib, ijodiy faoliyati, siyosiy qarashlari va yillar davomida ko‘p sonli kitobxonlarni katta so‘roqqa ro‘baro‘ qilgan qatl sabablari — barchasi mazkur «Qizil toshbo‘ron» ostida yashiringan.

Yozuvchi Nabijon Boqiy kitob haqida fikr bildirar ekan Hamza haqiqatan ham vahshiylarcha o‘ldirilgani, lekin qotillikni uyushtirganlar boshqa, jazolanganlar boshqa bo‘lganiga e’tibor qaratdi.

«Dindorlar jazolanadi. Dindorlarning aloqasi yo‘q. Aroq ichib, nasha chekib yurgan odam dindor bo‘ladimi? Dindan chiqib ketgan odamlar ular. Hamzaning o‘limiga dindorlarning aloqasi yo‘q. Lekin o‘shanda Hamza bahonasida dindorlar mahv etilgan. Majaqlab, yanchib tashlangan...», — dedi kitob muallifi.

Tanlovning bosh mukofoti — Gran-pri «Manas» hamda Chingiz Aytmatov Milliy akademiyasiga (Qirg‘iziston) «Manas»ni dunyoga tanitganlar» nomli kitoblar turkumi hamda noshirlik sohasida erishgan yuksak natijalari uchun berildi.

Shuningdek, yana bir qator nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshilar aniqlanib, I darajali diplomlar bilan taqdirlangan:

  • «Eng yaxshi adabiy-badiiy nashr» — «Akademnashr» nashriyotiga (O‘zbekiston) yozuvchi Nazar Eshonqulning 2 jildlik «Saylanma» kitobi uchun;
  • «Eng yaxshi bolalar adabiyoti» — «Vyatka» nashriyotiga (Rossiya) Tamara Kopanevaning «Vyatkoye dalyoko» kitobi uchun;
  • «Eng yaxshi ilmiy-ommabop nashr» — «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyiga Abu Rayhon Beruniyning 7-jilddan iborat «Saylanma» asarlar to‘plami uchun;
  • «Eng yaxshi badiiy-bezakli nashr» — «Zamon press» nashriyot uyiga «Alisher Navoiy asarlari XV-XVI asr kitobat san’ati durdonalarida» kitobi uchun berilgan.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring