Kulgi ortidagi fojia: “Zita va Gita”dagi kennoyi – Manorama hayoti
Hind kinosi tarixida shunday aktrisalar borki, ular ekranda bir necha daqiqa ko‘rinsa ham, tomoshabin qalbida chuqur iz qoldiradi. Shu kabi noyob iste’dod sohiblaridan biri – “Zita va Gita” filmidagi yovuz kennoyi obrazi bilan mashhur bo‘lgan Manorama edi.
Haqiqiy ismi – Erin Isaak Daniyel. Ammo millionlab muxlislar uni faqat bitta nom – Manorama orqali taniydi.
Manorama 1926 yil 16 avgustda Lahorda dunyoga kelgan. Uning otasi irlandiyalik, onasi hindistonlik edi. Bolaligi oson kechmadi – moddiy qiyinchiliklar, hayot sinovlari uni erta ulg‘aytirdi.
Bo‘lajak aktrisa yoshligidanoq san’atga, ayniqsa sahnaga qiziqdi. Bu qiziqish uni kino olamiga olib kirdi. O‘sha paytlari Bollivudda o‘z o‘rnini topish oson emasdi, ammo Manorama tinimsiz mehnati va o‘ziga xos iste’dodi bilan bu yo‘lni bosib o‘tdi. Keyin esa klassik Bollivud davrining eng yorqin ikkinchi plandagi aktrisalaridan biriga aylandi.
Manoramaning obrazlari oddiy bo‘lmagan. U qattiqqo‘l qaynona, ayyor va makkor ayol, bir vaqtning o‘zida kulgili va qo‘rqinchli qahramon rolini o‘ynar edi. Aktrisaning mimikasi, ovozi va harakatlari shu qadar kuchli ediki, hatto kichik roli ham tomoshabin yodida qolardi.
1972 yilda ekranga chiqqan «Zita va Gita» filmi Manoramaga haqiqiy shuhrat olib keldi. Aktrisa unda zolim, ochko‘z va shafqatsiz kennoyi – Kaushaliya rolini ijro etdi. Mazkur obraz tomoshabinni g‘azablantirdi va bir vaqtning o‘zida kuldirdi, shu asnoda uni kino tarixida qoldirdi. Manorama bu roli orqali «negativ komediya ustasi» sifatida tanildi.
Ekranda qattiqqo‘l va qo‘rqinchli ko‘ringan bu ayolning shaxsiy hayoti ancha og‘ir kechgan. U turmush qurgan, ammo oilaviy baxtga erisha olmagandi. Umr yo‘ldoshi bilan munosabatlari murakkab kechdi. Keyinchalik eri vafot etgach, bu Manorama uchun katta ruhiy zarba bo‘ldi.
Ammo Manoramaning eng katta dardi qizining bedarak yo‘qolishi hisoblanadi. Rita Axtar uning eng aziz insoni, nuridiydasi bo‘lib, sirli ravishda yo‘qolgan edi. Onaizor qizini yillar davomida kutdi, izladi, umid qildi... ammo bu umid-ilinj hech qachon ro‘yobga chiqmadi. Qizidan ayriliq dardi aktrisa qalbida umrining oxirigacha qoldi.
Manoramaning yoshi o‘tgan sari kinoga takliflar kamaydi. Daromad yo‘qoldi.
Bir vaqtlar millionlar olqishlagan aktrisa moddiy qiyinchilikka duchor bo‘ldi, hatto uyidan ayrildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Manorama ko‘chada yashashgacha borgan. Bu holat uning shonli o‘tmishi bilan keskin zid edi.
Hayotining oxirida Manorama bir necha loyihada ishtirok etib, ozgina bo‘lsa-da moliyaviy barqarorlikka erishdi. U kichikroq uy sotib oldi va tinchroq hayot kechirishga harakat qildi.
Manorama 81 yoshida insult tufayli vafot etdi. Eng alamlisi shundaki, uning dafn marosimida juda kam odam qatnashdi. Manorama deyarli unutilgan holda hayotdan ko‘z yumgan edi. Bir paytlar ekranni «zabt etgan» aktrisa hayot sahnasini jimgina tark etdi. U ekranda zolim kennoyi edi. Hayotda esa mehrga muhtoj, qalbi yaralangan inson bo‘lib vafot etdi.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter