Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nosir Fozilovdan so‘ng... musibatlar, yo‘qotishlar va yurtboshining sovg‘asi

Nosir Fozilovdan so‘ng... musibatlar, yo‘qotishlar va yurtboshining sovg‘asi

Mening Nosir Fozilovdek insonga hamnafas bo‘lganim, uning ardog‘ida yashaganim Yaratganning benazir siylovi edi. Men u kishini nainki turmush o‘rtog‘im, balki chinakam ustozim, ustoz bo‘lganda ham nafaqat adabiyot, balki hayot sabog‘ini bergan rahnamoyim deb bilaman.

U kishi o‘z vasiyatlarida e’tirof etganidek, biz yaxshi yashadik. Yaxshi yashash, bu faqat to‘kis, bekam umr o‘tkazish degani emas, balki bir-biringni dildan ardoqlab, dildan tushunib yashashdir.

Bo‘yimday bo‘y topdimu, ko‘nglimday ko‘nglim topmadim, degan gap bor. Bizda esa, aynan shu narsa bor edi: biz ko‘ngildan topishgan edik.

To‘kis yashab, oshib-toshib ketmadik, saroy qurmadik, qo‘sha-qo‘sha mashinalarga ega bo‘lmadik, xorij kurortlariga dam olib kelishga ruju qo‘ymadik. Ikkimiz ham baholi qudrat qalam qitirlatib, shuning orqasidan topganimizga qanoat va shukur qilib, kamtarona yashadik. Shukr, hayotda quvonchli kunlarimiz oz bo‘lmadi. Yolg‘izgina o‘g‘limiz ko‘z oldimizda bo‘y ko‘rsatib, oyoqqa turishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi, kelin tushirganimiz, birin-ketin o‘g‘il-qiz nabiralarimiz dunyoga kelishi, Nosir akamning ijoddagi qadam-baqadam erishgan yutuqlari, unvonu ordenlar, davlat mukofotlari bilan taqdirlanishlari, o‘zimizda ham, qardosh qozoqlar yurtida ham e’zozu e’tibor qozonishlari... bularning barchasi ikkimizni birday quvontirar, ko‘nglimizni tog‘day ko‘tarar edi...

Albatta, birgalikda kechgan hayotimiz davomida ham sinovli kunlar ko‘p bo‘ldi. Lekin yoningda ishonganing, tog‘day suyanching bo‘lsa, sinovli kunlarni yengib o‘tishing oson kechar ekan. Birga yashasangu o‘zingni yolg‘iz his qilsang, bundan yomoni yo‘q. Nosir aka ikkimiz har qanday vaziyatda bir-birimizni yolg‘izlatib qo‘ymadik. Bir-birimizni ehtiyot qilib, avaylab-asrab yashadik. Faqat u kishi ketdilaru nazarimda taqdir bizdan yuz o‘girganday bo‘ldi. Ketma-ket kelgan musibatlar, yo‘qotishlar qarshisida yolg‘iz qolganday sezdim o‘zimni. Chunki endi yonimda tog‘day suyanchiq bo‘lib turadigan inson yo‘q edi-da.

* * *

2017-yilning oxirlarida Nosir aka xastalanib qoldilar. Shifoxona muolajalari naf bermadi. 2018-yilning 13-yanvarida esa... oilamiz ustunidan ayrildik. Uyimiz huvillab qoldi. Ichimga chiroq yoqsa yorishmas, bir ahvolda qolgandim. Ustoz bor fayzu barakani, tinchlik-xotirjamlikni, yaxshi kunlarni o‘zlari bilan olib ketgandek bo‘ldilar.

Avvaliga o‘g‘limizning biznes hamkorlari nomardligi sabab, uysiz bo‘lib qoldik. Bir necha yil ijaradan-ijaraga ko‘chib yurib sarson bo‘ldik.

Shunda yordam so‘rab, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidga murojaat qildim. U: «Biz Nosir boboni yaxshi ko‘ramiz, albatta yordam beramiz», deb ko‘nglimni ko‘tardi. Ko‘nglimiz ancha taskin topib yurgan kezlarimizda oilamiz boshiga musibat tushdi. Yolg‘iz o‘g‘limiz Xondamir 42 yoshida to‘satdan insultga uchrab, olamdan o‘tdi. Boquvchisiz qoldik. Hech kimning boshiga farzand dog‘i tushmasin ekan. O‘zimni o‘nglab olishim qiyin kechdi. Yashashga uyimiz, ijaraga to‘lashga pulimiz yo‘q edi. Maslahatni bir yerga qo‘yib, men jiyanimnikiga, kelin bolalari bilan ota-onasinikiga borib yashaydigan bo‘ldik.

Shunday sinovli damlarda qarindoshlar, mehr-oqibatli yaxshi odamlar, Yozuvchilar uyushmasi mutasaddilari holimizdan xabar olib, ko‘mak berib turishdi... Ammo ko‘rguliklar hali oldinda, sinovlar tugamagan ekan. Jiyanimnikida yashab turganimda bir ehtiyotsizligim oqibatida oyog‘im sinib, to‘shakka mixlanib qoldim...

Sabrning tagi sariq oltin deyishadi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sirojiddin Sayyid, ustozning sadoqatli, mehr-okibatli shogirdlarining sa’y-harakati bilan qaytadan vatanlik bo‘ldik. Davlatimiz rahbari ko‘rsatmasi bilan umr yo‘ldoshim Nosir Fozilovning adabiyotdagi va xalqlar do‘stligini mustahkamlashdagi xizmatlarini inobatga olib, bizga ikki xonali uy sovg‘a qilindi. Boshimiz ko‘kka yetdi. Xursandchilikdan ko‘z yoshlarimizni tiya olmadik. Umr yo‘ldoshim jisman oramizda bo‘lmasa-da, adabiyotga qilgan benazir xizmatlari, mehnatlari tufayli bizga yordam berdilar.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida nashrga tayyorlangan Nosir Fozilovning «Tanlangan asarlar»i, yaqinda esa «Topdimu yo‘qotmadim» kitoblarining to‘ldirilgan nashri chop etildi...

Biz hozirda ko‘rgan azob-uqubatlarimiz bir qadar unutilib, boshpanamiz borligiga shukronalar aytib, kelinim va nabiralarim bilan birga yurtboshimiz sovg‘a qilgan uyda minnatdorlik tuyg‘usi ila yashamoqdamiz.

Nabiralarimizning ilmli, bilimli bo‘lib, xorijiy tillarni, kompyuter texnologiyasini puxta o‘rganib, eliga, yurtiga xizmat qiladigan barkamol insonlar bo‘lishiga harakat qilyapmiz.

Yaxshi odamlarning qo‘llab-quvvatlovi oqibatida hayotimiz izga tushdi. Tinch-xotirjam kunlarga qaytdik.

Shukr va sabrda gap ko‘p ekan. Siylovli kunlarga shukr qildik, sinovli kunlarga sabr qildik. Mana, taqdir bizlarni yana yaxshi kunlar bilan siyladi.

Allohga beadad, behisob shukrlar bo‘lsin!

Muborak Fozilova

(1947 – 1 sent. 2025)

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring