Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident raisligida navbatdagi yig‘ilish: bu safar kinochilar diqqat markazida bo‘ldi

Prezident raisligida navbatdagi yig‘ilish: bu safar kinochilar diqqat markazida bo‘ldi

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 29-dekabr kuni milliy kino san’ati va kinoindustriyamizni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Bosh vazir, tegishli vazirlik va idoralar, «O‘zbekkino» milliy agentligi va uning tizimidagi ijodiy tashkilotlar rahbarlari, kinoijodkorlar vakillari ishtirok etdi.

— Dunyo miqyosida turli g‘oya va mafkuralar kurashi, odamlar, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun turli kuchlar o‘rtasida raqobat keskin tus olgan bugungi kunda eng ommaviy san’at bo‘lgan kinoning beqiyos imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak, — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident soha oldida turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtalib, kino san’atining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, tajriba va malaka oshirishini tashkil etish bilan bog‘liq ishlarni jadallashtirish va uni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish zarurligini alohida qayd etdi.

Yana bir muhim masala — hududlarda kinoteatrlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq ishlar ham atroflicha muhokama qilindi. Ana shulardan kelib chiqqan holda, viloyat va tumanlarda kinoteatrlar faoliyatini qat’iy yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, kinoprokat tizimi ham qoniqarsiz ekani, bu yaratilayotgan filmlarni muntazam namoyish etib borish, boshqacha aytganda, aholiga kino xizmati ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish imkoniyatini cheklab qo‘yayotgani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, kinematografiya sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash, xorijiy kinostudiyalar va kinoijodkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda filmlar yaratishni yo‘lga qo‘yish g‘oyat muhim ekani qayd etildi.

— Biz buyuk xalqimizni ulug‘lamoqchi, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino san’ati yordamida amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san’ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yo‘l bilan dunyo ahlining diqqat-e’tiborini qozonishimiz mumkin. Buning uchun yana bir bor kuch va imkoniyatlar, ijodiy salohiyatni ishga solishimiz kerak, — dedi Prezident.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring