Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

 Sultonali Rahmatov: Musiqada yashagan muhabbat

Yurtimizda tong uning musiqalari bilan boshlanadi: «Salom O‘zbekiston!»

***

Subhidam tong, qushlar chug‘ur-chug‘uri, ertalab ishga otlanayotgan shaharlik, uzumzoriga suv taratayotgan bog‘bon, buloqdan suv tashiyotgan qishloq odamlari. Barchaning qalbi mana shu musiqa bilan uyg‘onadi. Mana shu musiqa tiriklikning ajoyib tuhfa ekanligini his qildiradi. Bu sahnada bir maqomdagi umumiy ohang — aynan Sultonali Rahmatov musiqalarining shafaqday ilk tiniq sadosi kabi eshitiladi. Bu musiqalar bizga tiriklikni, borliqning go‘zalligini his qildiradi. 

Shunchaki siz uning «Simfoniya 2» asarini tinglang yoki «Vals»ini. Nimalarni his qildingiz...

Uzoq yillar estrada san’ati va bastakorlik yo‘nalishida mehnat qilib, ushbu soha rivojiga fidokorona hissa qo‘shgan Sultonali Rahmatovning musiqalari orqali biz Vatanni qalbdan his qilishni o‘rgandik, Vatan haqidagi, Yurt haqidagi musiqalarga, qo‘shiqlarga jo‘r bo‘lishni o‘rgandik.

Sultonali Rahmatovning «O‘zbekiston», «O‘zbekistonim», «Navro‘z» kabi kompozitsiyalari nafaqat televideniye orqali, balki rasmiy tantanalar, bayram tadbirlari, ommaviy sayillarda ham yangradi.

Sultonali Rahmatov juda kam konsert berdi, ammo har bir chiqishi o‘ziga xos, yangiliklarga boy bo‘ldi. 2018 yil Samarqandda bergan konsert dasturi orqali musiqalari har bir odam qalbiga kirib borganini payqash qiyin emas – shunchalar odam ko‘p...Ularning ko‘zlarida, olqishlashida yurakdan chalingan musiqagina ana shunday yuraklarga kirib borishini his qilasiz.

Bir yil avvalgi konsertda bastakor tom ma’noda o‘zini qayta ixtiro qildi  yangi musiqalar, yangi yondashuvlar... «Mening hayotim» kompozitsiyasini tinglaganingizda ilk bor uning hayoti ko‘z oldingizga keladi, keyingi gal eshitganingizda o‘z hayotingiz. Kompozitsiyani yana, yana qayta eshitish asnosida hayot o‘zi nima degan savolga javob izlaysiz va har gal eshitganingizda umr, hayot, mehr, oila, tiriklikning mohiyati haqida o‘ylaysiz, so‘z yo‘q, lekin so‘zdanam kattaroq hissiyotlar bor musiqalarida...  

Uning har bir musiqasida inson orzulari, umidlari, armonlari bor... Birgina «Baxt» musiqasini eshiting-a...

«Ledi» musiqasida qizaloqlar beg‘uborligi, ayolning nafosati, onaning muqaddasligi, opa-singil obrazi tarannum etilgan.

«Ritmda» musiqasi orqali sport harakatlarining naqadar jozibali ekanligini his qilasiz...

Bastakorning yaratgan musiqasi qayerda yangramasin odamlar tinchlikni, xotirjamlikni, hayot qanchalar go‘zal ekanligini his qilgan. Sultonali Rahmatov qayerda konsert bermasin muxlislar bilan doimo gavjum bo‘lgan. Uning konsertlarida so‘z yo‘q edi, lekin qalb, hissiyotlar, tuyg‘ular bor edi.

Uning musiqalari, konsertlarining internet orqali eshitganlar, tomosha qiladiganlar ham ko‘p va garchi bastakor endi oramizda yo‘q bo‘lsa-da, uni eshitishda davom etishadi va garchi endi o‘zi muxlislari e’tirofini o‘qiy olmasa-da ular mana bunday yozishda davom etmoqda:

«Mening musiqadan xabarim yo‘q, lekin Sultonali musiqalarida nimani kuylayotganini his qilaman», «Men musiqachi emasman, ammo hayratdaman. Samarqandda bergan konsertini ko‘rganimda shunaqayam hayratga tushganman. Oddiy inson ham tushunib qoyil qoladigan darajada talant egasi», «Yurtdoshlar kelinglar, ushbu ajoyib san’at asarlarini butun dunyo ko‘rishi uchun juda ko‘p kommentlar yozaylik. Qani harakat qilaylik, yutub qoidalariga ko‘ra, kommentlar va layklar ko‘p bo‘lgan videoni avtomatik tarzda boshqalarga ulashadi»...

Ha, uning muxlislari bastakorni shunday qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Kuni kecha 55 yoshida bemorlik tufayli vafot etgan bastakor Sultonali Rahmatovni so‘ngi yo‘lga kuzatdik. Oxiratlari obod bo‘lsin. Tan olish qanchalar qiyin, hali qanchadan-qancha buyuk asarlar yozishi mumkin edi, O‘zbekiston imijini  musiqalari bilan dunyoga tanitishda davom etishi mumkin edi, tongni, tiriklikni, go‘zallikni, insoniylikni bizga so‘zsiz musiqalari bilan qalbimizga joylashi mumkin edi....

                                                                                     Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring