Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda mobil konstruksiyali ko‘chma kitob do‘konlari o‘rnatilmoqda

Toshkentda mobil konstruksiyali ko‘chma kitob do‘konlari o‘rnatilmoqda

Foto: Matbuot va axborot agentligi

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tashabbusi bilan respublika hududlarida hamyonbop narxda savdo yuritiluvchi ixcham kitob do‘konlari o‘rnatiladi. Birinchi bosqichda Toshkent shahrining 20 ta bozorida shunday turdagi kitob do‘konlarini joylashtirish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zMAAning «Telegram»dagi rasmiy kanalida xabar berilgan.

Aytilishicha, ularda 2500 tagacha kitob joylashtiriladi. Do‘konlar haftada 6 kun, soat 9:00 dan 20:00 gacha ishlaydi. Savdolar naqd, terminal, shartnoma asosida amalga oshiriladi. Do‘konda kitobdan tashqari 200 turdan ortiq davriy matbuot nashrlarini o‘z ichiga olgan savdo burchagi tashkil etiladi.

“O‘zdavkitobsavdota’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan ushbu loyihaning afzalligi uning mobil konstruksiyasidir. Bu do‘konni istalgan vaqtda boshqa joyga oson ko‘chirish va yig‘ish mumkin.

Umumxalq bayramlari, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan sayilgohlar va aholi gavjum bo‘lgan boshqa joylarda hududiy hokimlik vakillari bilan kelishilgan holda o‘rnatiladi.

“Kitob do‘koni ko‘chma bo‘lgani sababli yerga egalik huquqi berilmaydi va kadastr hujjatlari talab qilinmaydi, – deydi “O‘zdavkitobsavdota’minot” MChJ direktori Shahzod Nazarov. – Soliq organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazilib, kassa apparatlari va terminallar o‘rnatiladi, xolos”.

Poytaxtning har bir tumanida va viloyat markazlarida – jami 250 ta do‘kon joylashtiriladi. Shundan 50 tasi 2019 yil oxiriga qadar o‘rnatiladi. Hozir Shayxontohur tumanida (“O‘zbekiston” nashriyoti oldida) va Olmazor tumanida (Tansiqboyev bozori qarshisida) namunaviy turdagi do‘konlar faoliyat olib bormoqda.

Zamonaviy dizaynga ega mazkur do‘kon peshtaxtalaridan davlat va xususiy nashriyotlarda chop etilgan, davlat standartlariga javob beradigan, saviyali va mazmunli kitoblar o‘rin oladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring