To‘yida Erdo‘g‘on sovchilik qilgan mashhur juftlik o‘zbek filmida suratga tushadi
«Osiyo» teleserialidagi Demir roli bilan o‘zbek tomoshabinlariga yaxshi tanish bo‘lgan mashhur turk aktyori Murat Yildirim Muxlisa Azizovaning «Scorpion» filmida suratga tushadi.
Bugun, 5 mart kuni Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi hamda film prodyuseri Oybek Abdushukurov Murat bilan Istanbul shahrida shartnoma imzoladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlar tomonidan yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan «Scorpion» to‘liq metrajli badiiy film suratga olinishi bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot uchun, Murat Yildirim 1979 yilda Turkiyaning tarixiy Konya shahrida tug‘ilgan.
«Buyok yolg‘on» (2004), «To‘fon» (2006), «Osiyo» (2007-2009), «Ishq va jazo» (2010), «Tun qirolichasi» (2016) seriallaridagi rollari bilan muxlislar qalbidan joy olgan. Shuningdek, aktyor ishtirokidagi «Adabiy ishq», «Sukut» va boshqa filmlar katta shuhrat qozongan.
Murat 2017 yilda «Ayla» nomli filmda suratga tushdi.
Murat O‘zbekistonga rafiqasi, marokashlik mashhur aktrisa va model Imona Elbani bilan birga tashrif buyuradi. Imona 2008 yilda «Marokash go‘zali», keyinroq esa «Miss Arab World» sovrinlarini qo‘lga kiritgan. U Sharqning 50 nafar eng go‘zal ayollari safiga kiradi. Turkiya Prezidenti Rejeb Tayyip Erdo‘g‘on shaxsan Murat uchun Imonaga sovchilik ham qilgan.
«Scorpion»da Murat Yildirim suratga tushadigan sahnalar Buxoro viloyatida suratga olinadi. Uning aynan qaysi obrazda chiqishi hozircha sir tutilmoqda.
Mazkur film O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, «O‘zbekkino» milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan suratga olinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter