Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

VII asrga tegishli Qur’on sahifasi, yagona nusxadagi budda haykali va sopol tobut... O‘zbekiston tarixi muzeyida yana nimalarni ko‘rish mumkin?

VII asrga tegishli Qur’on sahifasi, yagona nusxadagi budda haykali va sopol tobut... O‘zbekiston tarixi muzeyida yana nimalarni ko‘rish mumkin?

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» Toshkent muzeylari faoliyati, eksponatlari haqida maqola va fotolar berib borishni davom ettiradi. «Muzeyga boramiz» loyihasining navbatdagi manzili – O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi.

Toshkent markazida joylashgan O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi Markaziy Osiyodagi ilk muzeylardan biridir. U 1876 yilda Toshkent muzeyi nomi bilan tashkil etilgan. Muzey eksponatlari O‘zbekiston hududida yashagan O‘rta Osiyo xalqlarining tosh asridan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixini aks ettiradi. Muzeyda Surxondaryo viloyatidan topilgan I asrga tegishli Budda haykali, qadimiy kulolchilik mahsulotlari, matolar, tangalar, kulolchilik va zargarlik san’at asarlari, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar va boshqa turli eksponatlarni ko‘rish mumkin. Muzey tashrif buyuruvchilarga Sharqning qadimiy sivilizatsiyasi bilan tanishish va mintaqamiz tarixining eng muhim davrlari haqida ma’lumot olish imkonini beradi.

Manzil: Toshkent shahri, Buyuk Turon ko‘chasi, 3-uy.

Kirish pulli: 15 ming so‘m; o‘quvchi va talabalar uchun chegirmali narxlar belgilangan. Nafaqa yoshidagilar, yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va imkoniyati cheklanganlar uchun bepul.

Ekskursiya xizmati: O‘zbekiston fuqarolari uchun 20 ming so‘m.

Ish vaqti: Seshanba – yakshanba 09:00 dan 18:00 gacha.

Dam olish kuni: Dushanba.

To‘liq aylanish uchun: 40 daqiqadan 2 soatgacha vaqt sarflanadi.

— Muzeyimizning tashkil topganiga 145 yildan oshdi, — deydi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, professor Jannat Ismoilova. — 1943 yilda O‘zbekistonda Fanlar akademiyasi tashkil etilgan va shu yildan boshlab O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi akademiya qoshida faoliyat ko‘rsata boshladi. Akademiya tizimiga o‘tishi bilan muzeyda ilmiy-tadqiqot ishlariga katta e’tibor berildi. Bu esa muzeyda tarix, arxeologiya sohasida katta olimlar faoliyat yuritishiga imkon berdi. Olimlar faoliyati esa muzey fondining arxeologiya, numizmatika, tarixiy hujjatlar bilan boyib borishiga yordam berdi. Hozirgi kunda ham bu an’anani davom ettirib, muzeyimizning ilmiy salohiyatini ko‘tarishga harakat qilyamiz. Akademik faoliyatimizdagi katta burilish 2020 yilda ixtisoslashgan kengashning tashkil etilishi bilan bog‘liq. Bu narsa muzeyshunoslik maktabiga asos bo‘ldi. Kengash tashkil qilinganidan keyin muzeyshunoslik sohasida ilmiy ish qilish istagida bo‘lganlar soni keskin ortdi. Chunki muzeyshunoslik ilmiy salohiyat, bilimsiz mavjud emas. Xodimning qo‘liga kelib tushgan tarixiy hujjat yoki buyumning qiymatini anglash uchun ham, albatta, ilmiy bilim talab qilinadi. Ammo biz orada o‘n yilcha vaqtni yutqazib qo‘ydik. Muzeyning ko‘chishi, shtatlardagi o‘zgarishlar sabab ilmiy tadqiqot ishlari orqaga ketdi. Oxirgi o‘n yilda bu bo‘shliqni yopib olishga erishdik. Hozir muzeyda uch nafar fan doktori va o‘n nafar PhD faoliyat ko‘rsatadi. Endi bu ko‘rsatkichni 20 nafarga olib chiqishni maqsad qilganmiz. Chunki muzey fundamenti mustahkam bo‘lishida ilmiy salohiyat muhim.

Neandertal odamning bosh suyagi. Miloddan avvalgi 100 ming yil avval. Teshiktosh g‘oridan topilgan. Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga ko‘proq qaysi yoshdagilar yoki soha vakillari qiziqish bildirib keladi?

 — Hisoblab ko‘rganimizda muzeyga keluvchilarning 50 foizdan ko‘prog‘ini yoshlar tashkil qilishini bildik. Bu yaxshi belgi. Demak yoshlarda tarixni o‘rganishga talab bor. Ba’zilar muzeyning darajasini unga qancha ko‘p turist kelishi bilan belgilaydi. Men bu fikrga qarshiman. Muzey avvalo o‘zimizning yoshlarda qiziqish uyg‘ota olishi kerak. Bizga ko‘proq yoshlar kelishi muhim. Aslini olganda muzeyning maqsadi ham shu: yoshlarga o‘zining tarixini o‘rgatish. Turistlarning o‘zini alohida o‘rganganimizda, pandemiyagacha Yevropa davlatlaridan mehmon ko‘p kelishi ma’lum bo‘lgandi. Hozir esa Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy, arab mamlakatlaridan mehmonlarimiz ko‘paydi.

— Mehmonlar e’tiborini qaysi eksponatlar ko‘proq tortadi?

— Muzey zaxirasida 350 mingdan ortiq osori atiqalar bor. Ularning har biri tarix uchun ahamiyatli. Kuzatganimizda buddizm davri yodgorliklarini ko‘rish uchun Koreya, Yaponiya, Hindiston, Xitoydan turistlar ko‘p kelishiga guvoh bo‘ldik. Buddizm davriga oid asosiy eksponatimiz — Surxondaryo viloyati Fayoztepadan topilgan «Budda rohiblari bilan» deb nomlangan asl nusxadagi noyob eksponat. Dunyoda yagona hisoblangan bu ekzemplyar I asrga tegishli. Aynan shuni ko‘rishni maqsad qilib keladigan mehmonlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Hozir bu eksponat Luvr muzeyiga, undan keyin Germaniyaga ko‘razma uchun olib ketilgan. Mehmonlarga ham buni to‘g‘ri tushuntiryapiz.

— Eksponatlarni xorijdagi ko‘rgazmaga yuborish, transportga ortish va namoyish qilish unga zarar yetkazib qo‘ymaydimi?

— Buning uchun maxsus komissiya tuzilgan. Xazinabonlarimiz eksponatlarni qadoqlash, namoyish etishda o‘zlari qatnashmoqda. Hozircha jarayon yaxshi ketmoqda.

Sopoldan ishlangan tobut. I-II asrlar. Dalvarzintepa. Foto: «Xabar.uz»

— Muzeylarning rivojlanishi nimalarga bog‘liq?

 — Hozir bizda, ya’ni O‘zbekistonda 130dan ortiq muzeyni davlat ushlab turibdi. Bu yaxshi, ammo muzeyning ilmdagi ahamiyatini his qilib, beg‘araz yordam beruvchi metsenatlar ham bo‘lishi muhim. Aynan shu masalada juda orqadamiz. Yirik biznesmenlarimiz shaxsiy muzeylar ochishga, muzey uchun ekponatlar sotib olish va ko‘rgazmaga qo‘yishga o‘zlarida qiziqish uyg‘onsa, muzeylar rivoji uchun bu katta yutuq bo‘lardi.

Masalan, AQShdagi Metropoliten muzeyida bo‘lganimizda shu narsaga guvoh bo‘ldik. Muzeyni amerikalik san’at ixlosmandi bo‘lgan biznesmenlar tashkil qilgan ekan. Muzeyda mahalliy aholi, turistlar guruhi juda ko‘p edi. Ekskursavodlar har bir ekskursiyasini avval muzey tashkilotchilari nomini eslash bilan boshlar ekan. Bu bir kunda tahminan 50ta ekskursiya bo‘lsa, muzeyni ochgan biznesmenlar nomi 50 marta eslandi, degani. Qolaversa, turistlar butun dunyodan kelayotganini hisobga olsak, ularning nomalari dunyo bo‘ylab tarqalmoqda.

Shaxsiy muzey tashkil qilish yoki shaxsiy kolleksiyasini muzeyga topshirish — o‘z nomini abadiylashtirish bilan teng. O‘zbekistonda ham shunday metsenatlar ko‘payib, muzeylar bilan hamkorlik qilishini judayam xohlardim.

 O‘zimizda ham tarixiy ahamiyatga ega shaxsiy kolleksiyasi bo‘lgan odamlar ko‘p bo‘lsa kerak-a?

 — Kolleksiyasida noyob eksponatlarni asrab kelayotganlar ko‘p. Ularning ayrimlari bilan gaplashdim ham. Afsuski, kolleksionerlarimizda «Kolleksiyamni bersam, davlat olib qo‘yadi», degan ishonchsizlik va qo‘rquv bor. Aslida, muzeyga topshirilgan eksponat asrlar davomida saqlanadi, minglab odamlar ko‘radi. Masalan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kolleksiyaning to‘g‘ri saqlanishiga kafolat yo‘q. Qolaversa, meros talashish, oilaviy nizolar ham kolleksiyaga zarar yetkazishi mumkin. Shu hisobda, kolleksiyani muzeyga topshirish uning umrni kafolatli uzaytiradi, deyish mumkin.

Dilroz Abrayeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring