Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1927-yil: Xiva xonligiga keltirilgan ilk avtomobil jumbog‘i

1927-yil: Xiva xonligiga keltirilgan ilk avtomobil jumbog‘i

1873-yil. Chorizm Xiva xonligini zabt etgach, vohaga Moskva va Peterburgdan xonlar minishi uchun soyabonli foytun aravalar olib kelindi. 1886-yili ilk bor xonlikka keltirilib, Feruz va Isfandiyorxon mahobat ila o‘tirgan foytun arava o‘sha vaqtda ko‘pchilikda hayrat uyg‘otgan edi. Yog‘ochdan yasalgan eshak va ot-aravaga ko‘nikkan oddiy xalq uchun temir g‘ildirakli, soyaboni bor mahobatli foytun arava ancha vaqtgacha qiziqish manbai bo‘lib keldi...

O‘sha paytda Feruz va Islomxo‘janing Peterburgga borib, 1883, 1896, 1897, 1912-yillarda vohaga temir yo‘l olib kelishga uringanlari yaxshi ma’lum. Biroq bu ish amalga oshmay, boshqa davrlarga qolib ketdi. Birinchi avtomobil  esa...

1913-yilda Xivada Islomxo‘ja tashabbusi bilan tibbiyot maskani – shifoxona qurilib ishga tushirildi. Bu yerda Moskva universitetini bitkazib, Saratov guberniyasida ishlagan shifokor Aleksey Anisimov va Farg‘ona viloyatida feldsher akusher bo‘lib ishlagan Ummi Gulsum Asfandiyorovalar faoliyat ko‘rsatgan.

Tabobatga va texnika taraqqiyotiga qiziqqan Xiva xoni Isfandiyorxon ularga bor imkoniyat va sharoitni yaratib berdi. Anisimov uchun bir yilga 9 ming rubl maosh, minishi uchun ot-arava, Ummi Gulsumga esa 4 ming rubl oylik, ot-arava ajratildi. Shu bilan birga, Isfandiyorxon garchi o‘zi foytun aravada yursa-da, texnikaga o‘ta qiziqqani uchun va bemorlarga, xususan, Anismov va Ummi Gulsumga qulay bo‘lsin, deb Xorazmga avtomobil olib kelishga intildi.

1914-yilning 25-noyabr kuni Isfandiyorxon Peterburgdagi imperiya mahkamasiga xat yozib, jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun avtomashina yuborishni so‘radi. Bu ish imperiyaning tashqi ishlar kollegiyasida ko‘rib chiqilib, xorijdagi qaysi avtomashina ishlab chiqaradigan firma mahsulotining Xorazmda yurishga qulayligi o‘rganildi. Keyin kollegiya Isfandiyorxon maktubini asos qilib, Fransiyaning «Reno» firmasiga murojaat qildi.

Fransuz firmasi rahbariyati Rossiya tashqi ishlar kollegiyasiga 1915-yilning 11-fevral kuni ko‘zlangan maqsad uchun avtomobil yuborishni ma’qul topganini aytib, mashinaning qancha pul turishini ham ma’lum qildi.

Bunday javobdan quvongan Ifandiyorxon Rossiya tashqi ishlar kollegiyasi orqali Fransiyaning «Reno» firmasiga xonlik xazinasidan tillo barobarida  10.000 rubl pulni darhol o‘tkazib berdi. Pulni olgan «Reno» Isfandiyorxon nomiga 1915-yilning 20 fevralida yuborgan javob xatida avtomashina Xorazm tomon yo‘lga chiqqanini ma’lum qildi.

Isfandiyorxon intizorlik bilan kutgan «Reno» markali avtomashina Xorazmga kelib, shifoxonada Anisimov va Asfandiyorovalar xizmatida bo‘lgan-bo‘lmaganligi, umuman, xonlikka avtoulov kelgani to‘g‘risida esa hozircha boshqa biror tarixiy hujjat yo‘q. Ehtimol, Parijdan yo‘lga chiqqan avtomashina birinchi jahon urushi avjiga chiqqan 1915-yilda Rossiyada turib qolib, uni uzoq xonlikka olib kelish imkoniyati bo‘lmagandir?

Oradan yillar o‘tib, «Inqilob quyoshi» gazetasining 1927-yil 1-iyul sonida berilgan xabarda «Fransiyadan sotib olingan avtomobil 24-iyunda Chorjo‘ydan yo‘lga chiqib, 26-iyunda Xivaga keldi. Soatiga 25–40 km yo‘l yurib, 46 soatda Xorazmga kirgan ushbu avtomobil vohaga keltirilgan birinchi mashina edi», deyiladi.

1927-yilda Xorazmga Fransiyadan sotib olingan avtomobil Isfandiyorxon intizorlik bilan kutgan mashinadir balki? Unda o‘tgan 12 yil davomida mashina qayerda egasini kutib yotgan ekan? Ehtimol 1927-yildagi mashina mutlaqo boshqa avtoulovdir?! Umuman, 1927-yildagi mashinani kim birinchi bo‘lib haydagan, qaysi shaxs yoki idora unga egalik qilgan? Uning taqdiri qanday bo‘lgan?

Xullas, savollarning o‘zi masalaga oydinlik kirita olmaydi. Bunga aniqlikni tarixiy hujjatlarni o‘rganish natijasida tadqiqotchilar kiritishi mumkin. Eng asosiysi esa, Xiva xonining 1914-yilda o‘zi minishi uchun emas, bemorlar va shifokorlar uchun olis Ovro‘padan mashina so‘ratgani uning taraqqiyparvar inson bo‘lganini ko‘rsatadi.

Umid BEKMUHAMMAD,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring