Bog‘otdagi ko‘chalardan biriga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi beriladi

Prezident Mirziyoyev shu yil 12-iyun kuni Sh.Xo‘janiyozovaning 70 yillik yubileyini Xorazm viloyatida keng nishonlashni taklif etdi.
Shu bilan birga, Bog‘otdagi ko‘chalardan biriga va o‘zi asos solgan badiiy gimnastika maktabiga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi berilishi ma’lum qildi.
«Xorazm ahli hurmatini qozongan mashhur ayol rahbarlardan biri bo‘lgan Shakarjon Xo‘janiyozova 8 yil oldin olamdan o‘tgan edi. Men Shakarjon opani ko‘p yillardan buyon juda yaxshi bilar edim. Har safar Xorazmga kelganimda samimiy muloqot qilardik.
U inson el-yurt tashvishi, o‘z kasbiga sadoqat bilan yashadilar. Halol va fidokorona mehnatdan bir daqiqa ham to‘xtamadilar», – dedi Prezident.
Qayd etilishicha, viloyatdagi faol xotin-qizlar o‘rtasida Xo‘janiyozova nomidagi rahbar ayollar tanlovi o‘tkaziladi. Jasoratli va mehnatkash ayol sifatida Sh.Xo‘janiyozovaning hayoti keng yoritiladi.
Ma’lumot uchun, 1955-yilda Xorazm viloyati, Bog‘ot tumanida tug‘ilgan Shakarjon Xo‘janiyozova 2017-yilning 28-oktyabrida vafot etgan edi. U o‘sha yilning 25-yanvaridan viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Bundan avval, Xorazm viloyati hokimining tashkiliy, iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, shuningdek, Bog‘ot tuman hokimi lavozimlarida mehnat qilgan.
U 1998-yili «Mehnat shuhrati» ordeni, 2004 yili «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvonlari bilan mukofotlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter