Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Parlament so‘rovi: deputatlar Bosh vazir o‘rinbosari Ramatovning ma’lumotini qabul qilmadi

Parlament so‘rovi: deputatlar Bosh vazir o‘rinbosari Ramatovning ma’lumotini qabul qilmadi

Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan yuborilgan parlament so‘roviga javoban bergan ma’lumotlari Quyi palata deputatlari tomonidan qabul qilinmadi.

Qonunchilik palatasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur palament so‘roviga javob palataga joriy yil 26 oktyabr kuni taqdim etilgan. O‘tgan vaqt mobaynida fraksiyalarda bildirilgan takliflar asosida shakllantirilgan parlament so‘rovidagi masalalardan kelib chiqqan holda, taqdim etilgan ma’lumot batafsil o‘rganib chiqildi.

Qayd etilishicha, Parlament so‘roviga berilgan javobda yo‘l-harakatini tashkil etishni to‘liq raqamlashtirish, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilgan holda yangi boshqaruv va nazorat tizimlarini tatbiq qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusida belgilangan vazifalar to‘g‘risida ma’lumotlar keltirib o‘tilgan.

«Biroq, o‘rganish natijalari taqdim etilgan ma’lumotda aynan parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarga asosiy e’tibor qaratilmagani va buning natijasida so‘rovda qayd etilgan kamchiliklar, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan qo‘yilgan savollarga yetarli va to‘liq javob berilmaganligini ko‘rsatdi.

Kuni kecha o‘tkazilgan fraksiyalar yig‘ilishlarida ham parlament so‘roviga berilgan javob atroflicha muhokama qilindi hamda taqdim etilgan ma’lumotlar yetarli darajada tushuntirish berilmagani ta’kidlab o‘tildi», – deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabarida.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda Bosh vazir o‘rinbosari mazkur parlament so‘rovini qayta ko‘rib chiqib, unda qo‘yilgan har bir masala yuzasidan joriy yilning 1 dekabriga qadar to‘liq va asoslantirilgan javob berish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring