Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy Osiyoda harorat 40 darajadan yuqori bo‘lgan kunlar davomiyligi oshib borayotgani aytildi

Markaziy Osiyoda harorat 40 darajadan yuqori bo‘lgan kunlar davomiyligi oshib borayotgani aytildi

Joriy yil 4-dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash: O‘zbekiston nigohi» mavzusidagi brifingda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Brifing doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov «O‘zbekistonning iqlim muammolariga qarshi kurashishda mintaqa davlatlarini birlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlari» mavzusidagi ma’ruzasi bilan mintaqaning jiddiy iqlim muammolari va O‘zbekiston tomonidan BRMga erishish yo‘lida ko‘rilayotgan shoshilinch chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi.

Vazir o‘rinbosari o‘z nutqida ishtirokchilar e’tiborini Markaziy Osiyodagi iqlim muammolariga qaratdi. Xususan, u mintaqa iqlim o‘zgarishiga eng zaif hudud ekanligini ta’kidladi. Oxirgi yillarda Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘paydi, shuning uchun muzliklar maydoni qariyb uchdan bir qismga qisqardi, bu esa 2050 yilga kelib asosiy daryolar, Amudaryo va Sirdaryoning suv bilan ta’minlanishi 15-20 foizga qisqarishiga sabab bo‘ladi. J. Kazbekov transchegaraviy suvlarni boshqarish, tuproq degradatsiyasi, qishloq xo‘jaligi hosildorligining kamayishi, biologik xilma-xillikni qisqartirish muammolarini ham sanab o‘tdi va ayniqsa, Orol dengizining qurishi va uning cho‘llanishi chang-qum bo‘ronlari hamda tuzning ko‘payishiga sabab bo‘layotganiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, hududda havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lgan kunlar chastotasi va davomiyligi oshib borayotgani, sovuq kunlar minimal bo‘lgan issiq qish, haroratning keskin o‘zgarishi, bahorgi sel va quruq davrlar ko‘payayotgani qayd etildi.

Vazir o‘rinbosari o‘z nutqida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ilmiy asoslangan qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish va atrof-muhit muammolariga kompleks mintaqaviy yondashuvlar hamda yechimlarni topishda Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari hamkorligi muhimligini ta’kidladi.

J. Kazbekov yig‘ilganlar e’tiborini O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga, xususan, 5 yil ichida 1 milliard tup ko‘chat ekishdan ko‘zlangan «Yashil makon» milliy dasturiga qaratdi. Shuningdek, Orol dengizining qurib qolgan tubini 2 million gektarga yaqin maydonda ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. BMT Bosh Assambleyasi Orol fojiasini zamonamizning global ekologik muammosi sifatida tan oldi, uning oqibatlarini yumshatish maqsadida BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tashkil etildi va BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida maxsus rezolyusiya qabul qilindi, unga ko‘ra Orolbo‘yi hududi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga moslashtirishni o‘z oldiga strategik maqsad qilib qo‘ygani ta’kidlandi. Shu bilan birga, mamlakat uglerod neytralligiga erishish va «yashil» energiya ulushini oshirishni maqsad qilgan. Bu qadamlar barqaror rivojlanishni ta’minlash, zamonaviy iqlim muammolari sharoitida global va mintaqaviy barqarorlikni faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Brifingdagi muhokama global va mintaqaviy barqarorlik bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish yo‘llarini ko‘rib chiqish imkonini berdi. Bu masalalarga iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit degradatsiyasiga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring