Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi (foto)

Prezident Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi (foto)

Foto: Prezident.uz

Davlat rahbari 24-avgust kuni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, mazkur ziyoratgoh buyuk muhaddisning musulmon olamidagi yuksak hurmatiga munosib tarzda qayta qurilmoqda. Maqbara, ulkan masjid, minoralar, ayvonlar barpo etilmoqda.

Prezident ushbu bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechirdi.

– Bu loyihani ko‘p muhokama qildik, qayta-qayta kelib ko‘rdik. Endi qurilishda ham shoshmaslik kerak. Ham ziyorat, ham ibodat nuqtai nazaridan bu yerda hamma sharoit bo‘lishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari majmua yonida Imom Buxoriy hayotini ko‘rsatuvchi elektron muzey tashkil etish taklifini bildirdi.

– Yaqinda Madina shahrida bo‘lganimizda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyini ko‘rdik. Bu yerda ham shunga o‘xshash muzey tashkil etsak, yaxshi bo‘lar edi. Unda Imom Buxoriy bobomizning hayoti, ilm yo‘li, o‘sha davr tarixi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatiladi. Bular yoshlar, chet ellik sayyohlarning yaqqol tasavvurida qoladi. Muzey xalqimizga yana bir ma’naviy xazina bo‘ladi, – dedi davlat rahbari.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Qurilish vazirligiga bu borada loyiha tayyorlash topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Hazrati Hizr majmuasiga borib, Birinchi Prezident Islom Karimov maqbarasini ham ziyorat qildi.

Eslatib o‘tamiz, ayni kunlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring