Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ramazon oyida xodimlar uchun qanday imtiyozlar bor?

Ramazon oyida xodimlar uchun qanday imtiyozlar bor?

Barchangizga kirib kelayotgan Ramazon oyi muborak bo‘lsin. Men tashkilot rahbariman. Xodimlarimizga Ramazon oyida qonuniy tartibda ishdan vaqtliroq ketishlari uchun qanday yengilliklar qilib berishim mumkin?

Mehnat qonunchiligiga doir yuqoridagi savolga «xabar.uz» eksperti, Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonov javob beradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabariga ko‘ra, Ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024-yil 11-mart, dushanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Barchamizga kirib kelayotgan rahmat va mag‘firat oyi Ramazoni sharif muborak bo‘lsin! Shu kunga qadar faqat xodimlar o‘z haq-huquqlarini so‘rab savol yuborar edilar. Bu kabi savollar juda-juda kamyob.

Sizdek xodimparvar rahbarlarga Ramazon oyida xodimlarga yengillik berish maqsadida quyidagi ayrim usullarni taklif qilamiz (yana boshqa qo‘shimcha kafolatlarni keyingi materiallarimizda berib boramiz):

1-usul

Mehnat kodeksining 13-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlar uchun mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan qo‘shimcha huquqlar va kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.

Mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nimalar kiradi?

MK 12-moddasiga ko‘ra, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar quyidagilardan iborat:

  • jamoa kelishuvlari;
  • jamoa shartnomalari;
  • ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilinadigan ichki hujjatlar;
  • ichki hujjatlar, shu jumladan ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar.

Demak, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda Ramazon oyida xodimlar uchun alohida kafolatlar nazarda tutilishi mumkin.

Agar tashkilotning jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida Ramazon oyi uchun alohida kafolatlar nazarda tutilmagan bo‘lsachi?

E’tibor bering, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar jumlasiga, ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar ham kiritilmoqda.

Ya’ni jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida ramazon oyida xodimlar uchun kafolatlar nazarda tutilmagan bo‘lsada, ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlarda (buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar) ham alohida kafolatlarni nazarda tutilishi mumkin. Chunki yuqorida tahlil qilib o‘tganimizdek, ish beruvchi o‘z vakolatlari doirasida yakka o‘zi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar ham mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar jumlasiga kiradi.

2-usul

Mehnat kodeksining 204-moddasiga ko‘ra, ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan 2 soat va kamida 30 daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak. Ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki mehnat shartnomasida, agar xodim uchun belgilangan kunlik ishning (smenaning) davomiyligi to‘rt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin.

Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.

Demak, Ramazon oyida ro‘zador xodimlar uchun biz amaliyotda ko‘nikib qolganimiz dam olish va ovqatlanish uchun 1 soatlik tanaffus o‘rniga ularga dam olishi uchun 30 daqiqa berilsa, shunda ro‘zador xodimlar 30 daqiqa vaqtli ketishlari mumkin bo‘ladi.

3-usul

Ramazon oyida xodimga to‘liqsiz ish vaqti belgilanishi mumkin. MK 186-moddasi

4-usul

Ta’tildan foydalanishning jadvalda belgilangan vaqtidan oldin ham ta’til berish mumkin. MK 228-moddasi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring