Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev MDHga a’zo davlatlar hamkorligini kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi

Shavkat Mirziyoyev MDHga a’zo davlatlar hamkorligini kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi

Amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, mavjud imkoniyatlarni birgalikda baholash va o‘zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish uchun MDH kabi platformani ishga solish muhimligi qayd etildi. Shu ma’noda, ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish taklif qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi Hamdo‘stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan tegishli shartnoma qoidalarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida tashqi savdo, investitsion loyihalar, energetika va oziq-ovqat sohalarida hamkorlik qilish, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Global iqlim isishi oqibatlariga qarshi kurashish borasida esa bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi. Kelgusi yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT shafeligidagi Xalqaro iqlim forumi doirasida MDH makonidagi ekologik xavf-xatarlarga bag‘ishlangan maxsus yalpi sessiyani tashkil etishga tayyorlik bildirildi.

Gumanitar soha haqida so‘z yuritilar ekan, 2024 yilda Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti deb e’lon qilingan Samarqand shahrida MDH madaniyat, san’at va kino haftaligini o‘tkazish taklif qilindi.

Shuningdek, kelgusi yilda MDHning yoshlar poytaxti maqomini olgan Toshkent shahrida bir qator yoshlarga oid tadbirlar, shu jumladan futbol musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Nutqning so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Prezidentini 2024-yilda Tashkilotga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring