Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tashabbusli budjet» doirasida maktab va shifoxonalarni ta’mirlash qanchalik to‘g‘ri?

«Tashabbusli budjet» doirasida maktab va shifoxonalarni ta’mirlash qanchalik to‘g‘ri?

Bugun, 29 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2022 yildagi faoliyati tahlili va 2023 yildagi ustuvor vazifalari bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat budjeti departamenti direktori Sherzod Muhammedov «Tashabbusli budjet» doirasida o‘tkazilayotgan ovoz berish masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

«Bugungi kunda «Tashabbusli budjet» loyihasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. «Tashabbusli budjet» tartibiga muvofiq unga ma’lum bir taklif yuborish bo‘yicha cheklovlar qo‘yilmagan. Misol uchun, umumta’lim muassasalariga quyosh panellarini o‘rnatish yoki maktablarni jihozlash bo‘yicha taklif kiritishda cheklov yo‘q. To‘g‘ri, bu ishlar davlat budjeti hisobidan amalga oshirilishi kerak. Lekin barcha ijtimoiy soha muassasalarini 2-3 yilda davlat budjeti hisobidan ta’mirlashning imkoniyati bormi? Biz shu narsani o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Davlat budjeti tomonidan ham bu ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida ham avvalgi yillardan kamaymagan miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda. Ushbu mablag‘lar bevosita ijtimoiy soha muassasalarini qurishga, jihozlashga va ta’mirlashga yo‘naltiriladi. Endi «Tashabbusli budjet» jarayoni orqali o‘tkazilayotgan mablag‘lar esa davlat dasturlariga muvofiq ajratilgan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda ajratilmoqda. Umumta’lim muassasalari ta’mirlash ishini tezroq qilish maqsadida loyihalarni ilgari surishmoqda. Misol uchun, quyosh panellarini o‘rnatish va maktabni jihozlash bo‘yicha tegishli muassasalar harakat qilmasligi ham mumkin. Ularga hech qanday talab yo‘q. Muassasalar loyihada qatnashmasdan o‘z navbatlarini kutib, belgilangan muddatda investitsiya ishlari amalga oshirsa bo‘ladi», – dedi Sherzod Muhammedov.

Shuningdek, Davlat budjeti departamenti direktori o‘qituvchi va shifokorlarni ovoz yig‘ish jarayoniga majburlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«O‘qituvchi va tibbiyot muassasalarining xodimlarini ovoz yig‘ishga majburlashni barcha salbiy baholaydi. Buni maktab direktori yoki mas’ul shaxslar o‘zlarini qiynayotgan muammoni tezroq hal qilish uchun amalga oshirayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu masala bo‘yicha hech qanday tashkilot tomonidan ovoz yig‘ishga majburlash holatlari bo‘lishi mumkin emas va bo‘lmaydi», – deydi Muhammedov.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring