Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdagi ko‘prik qulashini o‘rganishga borgan muxbirlar kaltaklandi. Rasmiylar munosabat bildira boshladi

Toshkentdagi ko‘prik qulashini o‘rganishga borgan muxbirlar kaltaklandi. Rasmiylar munosabat bildira boshladi

Joriy yilning 12-avgust kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumani hududida qurilayotgan ko‘prikning 5 ta to‘sini qulab tushgani va mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 3 nafar mansabdorning qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi.

Bugun, ijtimoiy tarmoqlarda, ko‘prik to‘sinlari qulashidan ikki kun o‘tib, ya’ni bugun, 14-avgust kuni vaziyatni yoritish hamda mutaxassislardan tegishli izohlarni olish maqsadida voqea joyiga borgan Zo‘rTV telekanali muxbiri va tasvirchisi kaltaklangani aks etgan tasvirlar tarqaldi.

Videoda, ko‘rinishidan, ko‘prik qurilishiga aloqador mansabdor, telekanal xodimlariga nisbatan xizmat faoliyati vaqtida haqoratli so‘zlar bilan tasvirga olish ishlariga to‘sqinlik qilgani va kuch ishlatgani aks etadi.

Holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) o‘z munosabatini bildirdi.

Agentilik «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 5 va 14 moddalarini eslatib, unda jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishda jurnalist tekshiruvi o‘tkazishga haqli ekanini, bunga qarshi bo‘lganlar esa tegishli tartibda javobgarlikka tortilishini ta’kidlaydi.

Shuningdek, AOKA jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qiluvchi va OAV xodimlariga nisbatan bo‘ladigan har qanday tazyiqni keskin qoralashini, shunga ko‘ra, Agentlik o‘z vakolat doirasidan kelib chiqib, bo‘lib o‘tgan voqelikka huquqiy baho berish va adolatli qaror qabul qilishlarini so‘rab Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuraturaga rasmiy murojaat yo‘llaganini bildiradi.

«AOKA huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jarayon o‘rganilishi hamda xizmat tekshiruvlari natijalarini diqqat bilan kuzatib boradi va bu ishni nazoratga oladi.

Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura holatga huquqiy baho berishda qonunchilik normalariga zid xatti-harakatlarni amalga oshirgan shaxslarga nisbatan tegishli choralarni ko‘radi», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring