Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

E’lon qilinmagan urush...

E’lon qilinmagan urush...

Foto: Xabar.uz

Mustaqillikning ilk yillari. Turmush o‘rtog‘im bilan ilojsizlikdan aspirantlar turadigan xarob, badbo‘y, sharoitsiz yotoqxonada turganmiz.

Aspirant bo‘lmaganimiz uchun kunda tekshiruvlardan qochib yurardik, yana uning ustiga yotoqxona «prezidenti» (maqomi shu darajada edi) har ko‘rganda chiqib ketinglar deyishi, kamxarj bo‘lsakda amallab pul topib bersak bir muddatga ovoz o‘chishi...

Keyinchalik amallab, orada depressiyalarni boshdan o‘tkazib, propiskamiz bo‘lmagani uchun tanishimizning nomiga  ikki xonali uy oldik, o‘z uyimizda 9 yil yashirinib yashadik. Oyda ikki-uch marta «propiskasiz yashayapsan, jarima to‘la», deb do‘q urib keladigan mahalla posbonlaridan bezgandik, har ikki holatda ham eshik tiq etsa bizning yuragimiz shig‘ etar, sasimiz chiqmay qolar, xuddi jinoyatchidek olazarak bo‘lardik.

Mashaqqatlar bilan propiskaga erishdik, uy-joyga ham... Inson qadri, inson manfaatlari degan gaplarni eshitganimda nimagadir qalbimda faxr his bo‘lmaydi va tushunuksiz, o‘lik tuyg‘ularim bilan o‘zimni qandaydir noshukrdek yoki diydasi qotgan odamdek his qilaman.

Diyda nega qotadi?

Odamning qachon diydasi qotadi, degan savolga men qiyinchiliklar ko‘p ko‘rgandan so‘ng degim keladi. Oddiygina misol, bir paytlar zug‘um ko‘rgan qaynona keliniga o‘shanday zug‘um ko‘rsatishni oddiy hol deb bilgani.

Yoki urush davrini eslaylik — ko‘chalarda odamlar ochlikdan o‘lib yotsada, birovning pinagi buzilmaydi va yana jang maydonida qon ko‘rgan askarning tuyg‘ularini tinchlik zamonida yashayotgan odamning hissiyotlari bilan solishtirib ko‘ring. Diydasi qattig‘a shu odamning deyishsa, urush ko‘rganda, deb javob berilardi, bir paytlar.

Urush qurbonsiz bo‘lmaydi, degan ma’lum va mashhur ibora ham bor. Urushlar, ocharchilik, yo‘qchilik, adolatsizlik, nohaqliklar odamning diydasini qotiradi, fojialarga befarq qilib qo‘yadi. Tinchlik zamonidagi befarqlik esa urush zamonidagi diydasi qotganlikdan ham yomon.

Mana, qish kelishi bilan kunora is gazidan vafot etgan odamlar haqida eshitamiz, gohida butun bir oila yoki endigina turmush qurgan yosh kelin-kuyov yoinki bir oiladan barcha farzandlar... so‘ppayib qolgan, qabr quchgan ota-onalar.

Nimagadir bu xabarlarni o‘qiymiz, dahshati borgan sari buni oddiy xabardek, oddiy voqeadek qabul qilayotganimiz. Ularning bolalarini qaysi urushning qurboni deb atasak bo‘ladi? Ikkinchi jahon urushida gaz kameralariga tiqib o‘ldirilgan bolalarning qismati takrorlanmayaptimi?

Ukrainaga uyushtirilgan hujum ortidan o‘layotgan, bomba ostida qolgan, ota-onasi o‘lib yetim qolayotgan bolalar haqida xabarlarga ko‘zimiz tushsa, urush noming o‘chsin deymiz, yurtimizda tinchlik ekanligiga shukr qilamiz. Ammo o‘sha urush bo‘layotgan joyda bolasi bomba ostida qolgan onaning musibati bilan is gazidan zaharlangan, mashina urib ketayotgan, doridan o‘layotgan bolasiga aza tutgan onaning musibati va yo‘qotishi o‘rtasida farq bormi?

Joriy yilning avgustigacha bo‘lgan ma’lumotlarga qaraganda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush oqibatida 341 nafar bola hayotdan ko‘z yumibdi, 627 nafar bola jarohat olgan. BMTning Bolalar jamg‘armasi — UNICEF xabariga ko‘ra, Afg‘onistonda bomba portlashi oqibatida bir hafta ichida 50 dan ortiq qiz va o‘g‘il bolalar inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida halok bo‘lgan.

«Qunduzdagi Mavlaviy Iskandar masjidida 22 aprel, juma kuni sodir bo‘lgan portlash kamida to‘rt bolaning hayotiga zomin bo‘ldi. Ko‘pchilik og‘ir jaroht oldi», — degan UNICEF mintaqaviy direktori Jordj Larea-Ajey. Bu urush bo‘layotgan yurtlardagi o‘limlar.

Endi o‘zimizning bag‘ritosh faktlarimizga e’tibor qarating: joriy yilning 29 sentyabr kuni Senat Kengashi majlisida Reproduktiv salomatlikni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish masalasi muhokama qilindi. Jumladan, 2021 yilda go‘daklar o‘limi 7 214 nafarni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 160 taga oshgan.

O‘zbekistonda bu yil yanvar-oktyabr oylarida yuz bergan 7636 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 1931 kishi halok bo‘ldi, ularning 226 nafari — bolalar.  

YTHlar oqibatida 5−14 yoshli bolalar o‘limi darajasi Yevropa mamlakatlariga qaraganda 4 baravar yuqori.

Is gazi bilan bog‘liq fojialar esa undanam achinarli. Ma’lum qilinishicha, 2022 yil boshidan buyon O‘zbekistonda 90 dan ortiq is gazidan zaharlanish holati qayd etilgan. Oqibatida 50 nafar fuqaro jabrlangan. 146 nafar odam vafot etgan.  2020 yildan boshlab 2022 yilning may oyigacha O‘zbekistonda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgan, oqibatda 366 nafar fuqaro vafot etgan.

Urush vaqtida bolalar yetim qolgan, otasi urushga ketib yillab ko‘rolmagan, sog‘ingan, otasiz bolalar avlodi voyaga yetgan. Bugun ham tinchlik zamonida otalari chet elda ishlab ota mehriga zor bolalar qancha. Urush tufayli otasiz qolgan bola bilan xorijga tirikchilik uchun ketib qaytib kelmayotgan, otasini sog‘inayotgan bolaning sog‘inchi o‘rtasida qanday farq bor?

Yana faktlarga yuzlanamiz: O‘zbekistondan xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan migrantlar soni 2 mln 346 ming nafarni tashkil qiladi. Bu haqda 13 dekabr kuni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Urushda o‘lgan odam haqidagi xabar bir paytlar ularning oila-a’zosini chuqur qayg‘uga iztirobga solgan, tinchlik zamonida migrantlarning xorijda o‘lishi farzandlar yoki ota-onalar uchun qay darajada og‘riqli. Bu ikkala musibatning bir-biridan farqi nima? Urush elga kelgan to‘y, deb qaralgan, ilojsiz kechmish. Ammo tinchlik zamonida ya’ni 2021 yilning o‘n oyligida 361 nafar xorijda vafot etgan fuqarolarning jasadi olib kelingan. Shuncha musibat, shuncha ota-oaning yoki farzandlarning qaddi bukilgan, hali ham shu yo‘qotishlar iskanjasidan chiqa olmayapti?

Inson qadri nima? 

Yaqinda Norvegiyadagi qamoqxona tizimi haqida o‘qib qoldim. Qamalganlarning jinoyati qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ularga insoniylikning oliy namunasi ko‘rsatilar ekan. Eng yaxshi sharoitlar, eng yaxshi muomala, munosabat.

Norvegiya qamoqxona tizimi, ko‘proq an’anaviy axloq tuzatish muassasalaridan barcha farqlarga qaramay, amaliy ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda takroriy jinoyatlar darajasi 20 foizdan oshmaydi. Sababi qamoqxona mutasaddilarining bu maskanda g‘azab, alamzadalik va zo‘ravonlik bo‘lishini istamasligidir.

Ma’lumotlarga qaraganda, qamoqxonalarda tinchlikni saqlash arzon emas. Halden qamoqxonasidagi bir mahbus uchun joy yiliga $122,000 mablag‘ talab etadi. Va e’tiborli tomoni bu yerdagi qamoqxona xodimlari bilan mahbuslarning birga harakat qilishlari, o‘rtada xitoy devorining yo‘qligidir. U yerdagi xodimlar mahkumning o‘z jazosini o‘tashini ta’minlash bilan birga ularning yaxshi insonga aylanishiga, jamiyatga qo‘shilishiga ham harakat qilishadi. Ularga qilinayotgan bu yaxshiliklar evaziga mahbuslar hech qachon qochishga harakat qilmaydilar.  Qamoqxona boshlig‘ining BBC nashriga bergan intervyusiga ko‘ra: «Birovning erkini tortib olish oson emas. Norvegiyada jazo — bu shunchaki kimningdir erkinligini cheklash. Boshqa huquqlarga tegilmaydi. Mahbuslar saylovda ovoz berishi, maktabga borishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi mumkin. Ularning huquqlari oddiy fuqarolarniki bilan bir xil. Sababi mahkumlar ham odam. Ular noto‘g‘ri ishga qo‘l urgan, bu uchun jazolanishi shart, lekin ular baribir inson. Bundan maqsad — ularning odatiy hayot hissini tuyishiga imkon berish va jazodan so‘ng yangi hayot boshlashiga ko‘maklashish. Ularning biri sizning qo‘shningizga aylanishi mumkin. Agar biz ularga hayvondek munosabatda bo‘lsak, ozodlikka chiqqandan so‘ng sizning ko‘changizni hayvondek vayron etadi».

Mana shu yerda Norvegiya qamoqxonasini ta’riflashni bas qilamiz. Eng oxirgi jumlalarning o‘zi inson qadri nima, degan savolga javob: Insonga hayvondek munosabatda bo‘linsa, hayvondek vayronkor bo‘ladi...

Yuqorida Norvegiyadagi qamoqxonada sharoitlar yaxshi bo‘lsa jinoyatchi yana qaytib kelish uchun jinoyat qilmaydimi, degan savol tug‘iladi. Menimcha qamoqxonaga jinoyat qilib tushgan mahbusga INSONIY munosabatni ko‘rib uyaladi, shunday vatanda yashab yana jinoyat qilishga uyaladi, qolaversa, ozodlikdagi hayoti bundan ham yaxshiroqdir ehtimol. Ya’ni bundan xulosa qilish mumkinki? odamni insoniylikdan chiqaradigan, qahrini qattiq qiladigan narsa — bu tashvishlar, azoblar, qiynoqlar, nohaqliklar... Yomon odamga qilingan cheksiz muruvvat esa uni yaxshi yo‘lga qaytarishi mumkin!

Mana yanagi yil «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim», deb nomlandi.

Ko‘rinmas urush

Uyingga bomba tushmayotganiga shukr qil deyishadi, ammo gazdan portlab o‘layaptiku odamlar, fashistlar bolalarni tajriba quyonchasi qilgan, turli dorilarni sinab ko‘rgan deyishadi, bugun bizda oddiy yo‘tal doridan o‘lgan bolalarning tajriba quyonchasidan nima farqi bor?

To‘qchilik zamonida farm biznes qurboniga aylanayotgan odamlar, bolalarning og‘rig‘u azoblari urush davridagidan boshqacharoqmi yo tinchlik davrdagi o‘limlar urush zamonidagi o‘limlardan farqliroqmi, og‘riqsizroqmi?

Fashistlarni qahri qattiq deb yozg‘iramiz, bugun is gazidan, doridan yoki xorijga ketib o‘layotganlar uchun vijdoni qiynalmayotgan, o‘zini aybdor his qilmayotgan, bir tuki qilt etmayotgan mutasaddi rahbarlarning fashistlardan qayeri kam? Odamlarni yo‘qotishga ko‘niktirib qahri qattiq xalqni, avlodni yaratayotganlar aslida shular emasmi? Gazdan o‘lganlarga birgina tozalanmagan mo‘ri, doridan o‘lganlar uchun ota-ona aybdor, xorijdan o‘ligi qaytayotganlarga baxtsiz hodisani pesh qilishadi, yo‘l halokatlari tufayli o‘layotganlar uchun faqat haydovchi javobgar. Dekabrda qor yog‘ib odamlar gazsiz va chiroqsiz sovqotsa noqulay ob-havo sabab. Gaz va ko‘mirning sifatsizligi, yo‘llarning nosozligi, dorilar allaqachon biznesga aylanib ketganini esa go‘yoki eshitishmaydi, bilishmaydi.

Har qayerda tez-tez sodir bo‘layotgan o‘limlarni ko‘rib o‘zimni tinch zamonda yashayotgandek tasavvur qilolmayman. Ko‘rinmas kuchlar ko‘rinmas urush olovini yoqqandek... Zo‘ravonliklar, o‘limlar, qotilliklar, alamzadaliklar — bularning barchasi tinch zamonda yashayotgan xotirjam odamlarning ishi emas. Kunda-kunora is gazidan, halokatlardan, befarqliklardan o‘layotgan odamlar haqidagi xabarlar musaffo osmonimizga soya solib turgandek.  Zamonamiz tinch, osmonimiz musaffo... degan gaplarni ota-onasi chetda yurgan bolalar, gazda portlab o‘lgan, qamoq kameralarida o‘ldirilgan mahbuslar, farm biznes tufayli o‘lib ketayotgan bolalarning, insonlarning ota-onalari, yaqinlariga aytsangiz sizga bir savolni sirtida berolmasada ichida javob izlashi aniq: «Tinchlik nima, xotirjamlikchi, ota-ona mehri qanday bo‘ladi, qishda issiq xonalar, is gazisiz tunlar-chi, qo‘rquvsiz dori ichish mumkinmi?»

Aniq bilaman, bu savolni o‘zlariga berayotgan odamlar: «Inson qadrini ulug‘lash», degan tushuncha haqida bosh qotirishlariga ancha, hali ancha bor.

Yotoqxonada, o‘z uyimda, o‘z vatanimda jinoyatchidek olazarak yashagan yillarim – «Mehr va muruvvat yili», «Inson mafaatlari yili», «Obod turmush yili», «Sog‘lom ona va bola yili» deb nomlangan. O‘sha olis yillardan menga nafaqat achchiq xotiralar, balki ba’zida o‘sha yotoqxonalar oldidan o‘tsam, komendant ko‘rib qolmasmikan degan qo‘rquv paydo bo‘ladi, yuragim tez-tez uradi.

Hozir propiskam o‘zimniki, uyim o‘zimniki bo‘lgan holatda darvozam taqillasa militsiya emasmikan, degan o‘sha oniy qo‘rquv qurshovida qolaman. Menday ong ostida travma (jarohatlarning u ko‘rinishi yoki bu ko‘rinishi bilan) yashayotganlar qancha? Balandparvoz tuyuladigan gaplarni eshitganda mendek qalbida shukronalik hissini his qilishga qiynalayotgan diydasi qattiqlar qancha?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring