Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Yo‘tal siropi qancha bolani o‘ldirgan? Yoxud «Haqiqat tabletkalari» kitobi dori biznesi haqida

Yo‘tal siropi qancha bolani o‘ldirgan? Yoxud «Haqiqat tabletkalari» kitobi dori biznesi haqida

2004-yildan boshlab, eng yirik hind farmatsevtika kompaniyasidagi firibgarlik birinchi marta fosh bo‘ldi. Hindiston farmatsevtika sanoati va klinik tadqiqot tashkilotlari Amerika va Yevropa dori vositalarini tartibga soluvchi idoralar tomonidan olib borilgan tekshiruvlardan so‘ng ushbu kompaniya bir qator mojarolarga duch keldi.

G‘arb Hindistonning ko‘plab farmatsevtika kompaniyalari eksportini to‘sib qo‘yish orqali «Hindistonda ishlab chiqarilgan» dori sifatiga oid xavotirlarga javob bergan bo‘lsa-da, hukumat tartibga solish islohoti bilan emas, balki Hindistonga qarshi ishlaydigan «manfaat» haqidagi fitna nazariyalari bilan javob berdi. Yanada tashvishlanarlisi, Hindiston davlati ham o‘zining ichki farmatsevtika bozorida jiddiyroq sifat inqiroziga ko‘z yumdi. Farmatsevtika sanoatining o‘sishi uchun kurashda Hindiston davlati ilmiy qat’iylikni qurbon qildi va sog‘liqni saqlashning asosiy tamoyillarini e’tiborsiz qoldirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘tal siropini o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan bog‘lab, G‘arbiy Afrikada 70 ga yaqin bolaning o‘limiga sabab bo‘lganini ochiqlagandan keyin Hindiston hukumati Dehli yaqinidagi dori-darmonlar ishlab chiqarilgan zavodni yopdi.

JSSTning laboratoriya tahlillari shuni ko‘rsatdiki, yo‘tal siroplarida «qabul qilib bo‘lmaydigan miqdorda diyetilen glikol va etilen glikol» mavjud, ya’ni tarkibida sanoat uchun mo‘ljallangan kimyoviy moddalar bor.

Faollarning fikricha, muammo Hindistonning farmatsevtika sanoatining gullab-yashnaganini tartibga solishda uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan sustlikdir. Shu bois, sog‘liqni saqlash faoli Dinesh S. Thakur va advokat Prashant Reddi T. o‘zlarining «Haqiqat tabletkasi: Hindistonda giyohvand moddalarni tartibga solish haqidagi afsona» nomli yangi kitobni nashr qildilar. Kitob Hindistonning farmatsevtika sanoatini tartibga solishdagi ko‘plab muvaffaqiyatsizliklar va uning oqibatlari haqida hikoya qiladi.

Ma’lumki, Hindiston 200 dan ortiq mamlakatga dori-darmonlarni eksport qiladi va Qo‘shma Shtatlardagi katta umumiy bozorga hissa qo‘shadi. Uning farmatsevtika sanoati hajmi bo‘yicha eng yiriklaridan biri bo‘lib, hozirgi aylanmasi 50 milliard dollarni tashkil etadi. Ammo tanqidchilarning aytishicha, hukumat nazorati juda sust, bu esa xavfli qonunbuzarliklarni keltirib chiqarmoqda.

Bu qonunbuzarliklardan ko‘z yuma olmagan faollar 2016 yilda dori ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z xavotirlarini Hindiston Oliy sudiga olib borishdi va oliy sud ularning arizalarini rad etdi. Shunday qilib, ular o‘zlarining kitoblari uchun iloji boricha ko‘proq faktlarni to‘plashga kirishdilar.

Yaqinda o‘z intervyusida Reddi va Thakur Hindistonning farmatsevtika sanoatining holatini bayon qilishdi. Quyida o‘sha suhbatga e’tiboringizni qaratamiz.

Muhokamada ma’lum bo‘lishicha, bu faqat bir martalik muammo emas. O‘tmishda yo‘tal siroplari Hindiston va boshqa mamlakatlardagi bolalarning boshqa ommaviy zaharlanishiga bir necha bor sabab bo‘lgan.

Hindistonda 1972 yildan buyon bunday holatlar besh marta sodir bo‘lgan: 1972 yilda Madrasda (hozirgi Chennay) 15 bola, 1986 yilda Mumbayda 14 bemorning hayotiga zomin bo‘lgan, 1988 yilda Bixarda 11 nafar, 1998 yilda Gurgaonda 33 bolani o‘ldirgan va oxirgisi – 2019 yil dekabr oyida Jammuda 11 bola hayotdan ko‘z yumgan.

Thakur savollarga javob berar ekan, shunday deydi: — Biz Gambiyada sodir bo‘lgan voqea tufayli shu yerdamiz. Achinarli tomoni shundaki, biz ko‘tarayotgan muammolarni hal etishdan na byurokratiya, na siyosiy doira manfaatdor ko‘rinadi. Shunday ekan, haqiqatan ham bu ma’lumotni kitob holida omma e’tiboriga havola qilishdan va odamlar bu haqda o‘qib, o‘z saylagan vakillaridan o‘zgarishlarni talab qilishiga umid qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q edi. Kitob haqiqatan ham Hindistonda giyohvand moddalarni tartibga solish tarixi va haqiqatiga chuqur kirib borishdir.

Xo‘sh, hind dori vositalarida «ifloslanish» muammosi qanchalik keng tarqalgan?

Kitobda ta’kidlanganidek, 1972 yildan beri beshta ommaviy halokat sodir bo‘lganligi bu hodisa qanchalik keng tarqalganligini ko‘rsatadi. Gambiyada sodir bo‘lgan voqea kontaminatsiya holatidir — kimyoviy toksinlar yo‘tal siroplariga qo‘shilgan. Hind farmatsevtika kompaniyalari bozorga jo‘natishdan oldin xom ashyoni yoki yakuniy formulani ko‘pincha sinovdan o‘tkaza olmas ekanlar.

Davra suhbatida faollarga kontaminatsiya (ya’ni dorining ifloslanishi, tarkibida zaharli moddalarning bo‘lishi) hal qilinishi kerak bo‘lgan yagona muammomi, degan savol ham o‘rtaga tashlanadi.

Reddi: Nostandart — sifatsiz dorilarning yana bir keng tarqalgan muammosi bor — ular kerakli darajada samarali ishlamaydigan dorilar. Afsuski, bizda har bir shtatdan raqamlarni taqdim etadigan milliy ma’lumotlar bazasi yo‘q. Shuning uchun biz raqamlar haqida aniq taxmin qila olmaymiz.

— Nima uchun Hindistonda ishlab chiqaruvchilarni tartibga solish juda qiyin?

Reddi : — Hindistonda ishlab chiqarish jarayonlari standartlari mavjud, ammo u AQShdagi kabi ishlamaydi. AQShda ishlab chiqaruvchilar rioya qilishi kerak bo‘lgan keng qamrovli hujjatlar mavjud va bu sifatni ta’minlaydi. Agar hind ishlab chiqaruvchisi bu standartlarga rioya qilmasa, ularning litsenziyasi bekor qilinishi mumkin, ammo ular jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

— Hukumatning farmatsevtikani tartibga solishda, hatto mamlakat ichida ham hushyorligidan xavotirlanishga asos bormi?

Reddi: — So‘nggi o‘n yil ichida Gujarot, Kerala va Maxarashtra kabi uchta shtatdagi sinov natijalari sifat sinovlaridan o‘ta olmagan 7500 dan ortiq namunalarni hujjatlashtirgan.

Agar Tamil Nadu ma’lumotlarini (Axborot olish huquqi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq to‘plangan) va dori vositalarini standart nazorat qilish tashkiloti ma’lumotlarini qo‘shsak, bu raqam 12 000 dan oshadi. E’tibor bering, har bir muvaffaqiyatsiz namuna butun mamlakat bo‘ylab bemorlar tomonidan iste’mol qilingan yuz minglab tabletkalar, siroplar va in’yeksiyalarni aks ettiradi. Bular shisha zarralari va bakterial endotoksinlar bilan ifloslanishgacha bo‘lgan barcha turdagi zararlarni o‘z ichiga oladi.

2014 yilda AQSh va Kanadadagi akademiklar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot empirik ma’lumotlarni taqdim etdi, ya’ni sifatsiz dorilar nazorati sust bo‘lgani uchun Afrikaga oson yo‘l topadi. Gambiyadagi fojia ana shunday misollardan biridir.

Muhokamada qatnashayotganlarning biri Thakurga shunday savol beradi: — Siz yaqinda Tvitterda Maiden Pharmaceuticals LTD tomonidan turli markalar ostida sotilayotgan zararli yo‘tal siroplariga e’tibor qaratib, xavotirga hali ham sabab borligini aytdingiz...

Thakur: — Men ushbu mavzu orqali ko‘rsatishga harakat qilganim shundaki, kompaniya Hindistondagi bolalarga boshqa brend ostida bo‘lsa ham, yo‘tal siropini sotar edi. Endi ularning ishlab chiqarish jarayonlari qanchalik buzilganligi haqida bilganimizni hisobga olsak, bunday siroplar (tarkibi zaharli bo‘lgan) ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan va Hindistonda sotiladigan boshqa yo‘tal siroplariga qo‘shilib ketmasligiga qanday ishonch hosil qilish mumkin?!

***

«Haqiqat tabletkasi»da xuddi o‘sha zaharli dorilar haqida so‘z boradi.

Bu kitobning bong urayotgani va xalqaro darajada muhokama qilinganidan nahotki O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash uchun mas’ul mutasaddilari bexabar bo‘lgan? Oktyabr oyida shov-shuv bo‘lgan bu kitob yoki 70 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘tal siroplari haqida bizda ma’lumot yo‘q edimi?

18 bola hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda JSST endi nima deydi, endi, Hindiston va Gambiya kabi davlatlar ro‘yxatida O‘zbekistondagi bolalar o‘limi bilan bog‘liq raqamlar turadi va tarixga muhrlanadi. Achinarlisi, aholisining tibbiy huquqlari davlat tomonidan kafolatlanmagan, rivojlanmagan, qoloq davlatlar qatorida ekanligimiz shu kunlarda yanada oydinlashdi.

Ma’lumot uchun: The Indian Express nashrida ta’kidlanishicha, oktyabr oyida G‘arbiy Afrika davlatida 70 bolaning to‘satdan o‘limi bo‘yicha Gambiya Milliy Assambleyasining tanlangan qo‘mitasi bolalarning o‘limi ularning yo‘tal siropi iste’mol qilish bilan bog‘liq o‘tkir buyrak shikastlanishi bilan bog‘liq, degan xulosaga keldi. Qo‘mita Hindistonning Maiden Pharmaceuticals LTD farmatsevtika firmasi «ifloslangan siroplar» tufayli qora ro‘yxatga kiritilishini, uning mahsulotlarini Gambiya bozorlarida ta’qiqilashni va kompaniyaga qarshi qonuniy choralar ko‘rilishini, o‘lgan bolalar oilalariga tovon puli to‘lashni talab qildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring