Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Kep qoling, saytimni sotaman!

Kep qoling, saytimni sotaman!

Xorijda saytlarni sotishga mo‘ljallangan onlayn-auksionlar juda ko‘p.

Foto: «Telderi.ru»

«UZ domeni» hududida saytlarni ochiq sotishga mo‘ljallangan onlayn-auksionlar qachon paydo bo‘ladi?

Butun dunyoda bo‘layotgani kabi, O‘zbekistonda ham aholi an’anaviy axborot manbalaridan (TV, radio, matbuot) uning «raqamli» muqobillariga o‘tmoqda. Zenith agentligi tahliliga ko‘ra, 2009 yildan buyon internetda o‘tkaziladigan vaqt uch barobarga oshgan (kuniga 48 daqiqadan 149 daqiqaga) va 2019 yilga borib internet butun dunyoda ommaviyligi borasida televideniyeni ortda qoldiradi. Tabiiyki, reklama bozorining internet yo‘nalishidagi ulushi ham oshib boradi.

Mahalliy mutaxassislarimiz tahlillari bo‘yicha, O‘zbekistonning umumiy reklama bozori $25 mln.ni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 3 mln. aholiga ega Armanistonniki bilan teng. Va bu summaning atigi 7-8 foizini internet reklama tashkil etadi.

Ushbu ma’lumotlar, avvalo, bizda hali reklama bozori yaxshi shakllanmaganini, ikkinchidan uning internetdagi ulushi past ekanini anglatadi. Internetdagi ulushning pastligi esa hali milliy kontentimizning taraqqiy etmaganini (ayniqsa, biznes va daromad keltiruvchi manba sifatida), «UZ domeni» barqaror rivojlanishga chiqib ulgurmaganini ko‘rsatadi.

15 milliondan ortiq internet foydalanuvchilari ehtiyojini qondirishga UZ hududidagi 36 ming domendan iborat resurslar (katta qismi resurs sifatida shakllanmagan ham) yetarlimi? Ko‘pgina mamlakatlar bilan solishtirilganda, bu kamtargina raqamga aylanadi.

Milliy kontent rivojlanishida internetda biznes-loyihalarga yanada ko‘proq qulayliklar yaratilishi hal qiluvchi rol o‘ynaydi, nazarimda. Chunki, qanchalik foydali resurslar yaratilmasin, kelajakda uni ushlab turish, rivojlantirish uchun moliyaviy tayanch bo‘lmasa, loyiha o‘z-o‘zidan tanazzulga uchraydi.

Har yili qanchadan-qancha domen nomlari ochiladi, resurslar yaratiladi. Ularning katta qismi bir-ikki yil ham yashay olmay, o‘z xarajatlari girdobida yo‘qolib ketadi. Bunday muvaffaqiyatsizlik ikkinchi bor shu ishga qo‘l urishga ko‘pchilikni cho‘chitib qo‘yadi. Kimlardadir g‘oyalar bor, ammo buni moliyaviy ta’minlashga kuchi yetmaydi. Kimlardir sarmoyaga ega, lekin istiqbolli g‘oya yetishmaydi.

Xorijda internet-loyihalarni, saytlarni sotishga mo‘ljallangan onlayn-auksionlar, maxsus saytlar juda ko‘p. Bizda esa bunaqasi hali yo‘q. «UZ domeni»da yaxshi resurs yaratib, ma’lum auditoriya to‘plab, ammo keyin uni moliyaviy ta’minlay olmay yopilib ketayotgan saytlar qancha. Nega shunday holatda saytni hech bo‘lmaganda qilingan xarajatlarini qoplash maqsadida sota olmaydi, uning muallifi? Chunki buni qayerda e’lon qilishniyu, qay tartibda sotishni bilmaydi u. Qolaversa, odatda sayt sotuvga qo‘yilganida uning domen nomi ham qo‘shib savdoga qo‘yiladi. Ammo bu bilan «UZ domeni»dagi domen nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari buzilmasligi («kiberskvotting», «domen grebbing» kabi holatlar bor) kerak.

Saytlarning ochiq savdolari mavjud bo‘lishi, qaysidir darajada, g‘oya mualliflarining biror yangi resurs yaratishga cho‘chimasdan qo‘l urishini ta’minlaydi.

Saytlarning ochiq savdolari mavjud bo‘lishi, qaysidir darajada, g‘oya mualliflarining biror yangi resurs yaratishga cho‘chimasdan qo‘l urishini ta’minlaydi. Chunki saytni moliyaviy tarafdan ushlab tura olmagan taqdirida, kamida qilingan xarajatlarni qoplash uchun uni sotib yuboradi. Yoki ommabop saytlar yaratib, uni sotish orqali foyda olish tajribasi ham internet-biznesning taraqqiy etishiga xizmat qiladi. O‘z-o‘zidan UZ hududidagi domenlar soni ham keskin oshib boradi, milliy kontent resurslari ko‘payadi. Moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib, kichikroq bo‘lsa-da tayyor loyihalardan  yirik loyihalar yaratish maqsadida bo‘lgan tadbirkorlar uchun ham bu (hammasini «nol»dan boshlashdan ko‘ra) qulaylik tug‘diradi.

Saytlarning ochiq savdolarga qo‘yilishi tajribasi bizda yo‘q, ammo katta auditoriyaga ega resurslarning oldi-sottisi amalga oshirilayotgani qulog‘imizga chalinib turadi. Albatta, hozircha bunday kelishuvlar rasmiy xarakterga ega emas va ochiq e’lon qilinmaydi. Bu nimadan dalolat? Saytlarning onlayn savdolariga talab bor, ammo aniq tartib-qoidalar mavjud emas. Ertami-kechmi bu bosqichni albatta bosib o‘tamiz. Ammo, qachon? Bu – boshqalar o‘tib bo‘lgan yo‘lning o‘zi kelishini kutib turishimiz yoki unga qarab o‘zimiz ildamroq harakat qilishimizga bog‘liq.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring