Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Binafsha haqida vasiyat, tasbeh daraxti, bir tanada 11 nav – Samarqanddagi «Bog‘i Gulxaniy»da bir kun (birinchi maqola)

Binafsha haqida vasiyat, tasbeh daraxti, bir tanada 11 nav – Samarqanddagi «Bog‘i Gulxaniy»da bir kun (birinchi maqola)

Ko‘klamning hidi bo‘ladimi? Ha, deyishdi. Ariq bo‘yida, o‘ngirlarda ungan maysa hidi bahorgagina xos. Doshqozonda biq-biq qaynagan sumalakning bo‘yi. Balki, halisaning hididir. Qasur-qusur yomg‘irdan keyin quyosh charaqlaganda, zamindan yoyilgan hid...

Men ko‘klam hidini Gulxaniylar bog‘ida, binafsha atrida tuydim. Hovli-boqqa kirib borar ekansiz, hali ostonadayoq nafis, ajib bir hid dimoqqa uriladi...

Shoir haqida ikki og‘iz

Gohida Orif Gulxaniyni masalnavis Sharifxo‘ja Gulxaniy bilan adashtirishadi. Orif Gulxaniy ham she’rlar yozgan, ulardan bir qanchasi hamon qo‘shiq qilib kuylanadi. Tugallanmagan dostoni ma’lum. Lekin, u o‘zini hech qachon shoir, deb aytmagan. Bu, balki, g‘azal-dostonlarini o‘qib, ruhlangan Jomiyu Navoiy, Hofizu Sa’diylar ijodi oldidagi tortinishdir. 1879 yilda Samarqandda tavallud topgan Orif Gulxaniy bir necha madrasada ta’lim olgan. Samarqandda Ulug‘bek va Sherdor, Buxoroda Mir Arab madrasalarida olgan bilimlari uni o‘stirdi, bir umrlik hamrohi bo‘ldi. 

...Orif Gulxaniy uy-muzeyida bizni shoirning nabirasi, 70 yoshdan oshgan Muqimjon Orifiy ochiq chehra bilan kutib oldilar. Muqimjon aka – shoirning to‘ng‘ich farzandi Olim Orifiyning o‘g‘li.

«Bobom atrofda avvalo mulla sifatida tanilganlar. Keyin mana bu bog‘imiz bundan qariyb to‘rt-besh barobar katta bo‘lgan va «Bog‘i Gulxaniy» dovrug‘i Samarqanddan tashqari hududlarga ham yetib borgan ekan», deydi Muqimjon aka.

Suhbatdoshimiz aytishicha, bog‘da boboning o‘zlari mehnat qilgan, shogirdlari ham bo‘lgan.

Boqqa kiraverishda katta hovuz, hovuz bo‘yida ulkan qayrag‘ochlar ostida supalar bo‘lgan ekan.  «Katta onamning aytishlaricha, supalarga tangadek quyosh kuni tushmagan, soya-salqin bo‘lgan. Mushoiralar, olimu fozillar yig‘ilishlari, hammasi mana shu hovuz bo‘yida bo‘lgan. Bu tomoni esa tokzor bo‘lgan».  

– Bobongizni qanday eslaysiz?    

– Bobomni 2-3 lavhada eslayman. Ular 1955 yil sentyabr oyida olamdan o‘tganlar. O‘shanda men 3-4 yoshda bo‘lganman-da. Meni erkalab quchoqlaganlari ko‘z o‘ngimda. Tokzorni eslayman. Bog‘ning hovli qismi gulu gulzor edi, atirgullar ko‘p edi. Bobomning eng yaxshi ko‘rgan guli rayhon ekan, olamdan o‘tgandan keyin rayhonlar qurib qolgani haqida kattalar gapirgani esimdan chiqmaydi,– deydi Muqimjon Orifiy.

Gulxaniy taxallusi bilan bog‘liq har xil taxminlar aytiladi.

– Gulxaniy taxallusining gul so‘ziga aloqasi yo‘q. Qo‘shni bog‘da buyuk inson, naqshbandiya tariqatining davomchilaridan biri bo‘lgan Sayyid Ahmadi Vasliy yashaganlar. U kishi ham she’r, maqolalar yozganlar. U kishining uyi Samarqandga keladigan va Samarqand ziyolilarining maskani, uchrashadigan joyi bo‘lgan. Muqimiy, Furqat, Fazliy Namangoniy ham shu boqqa kelgan. Shunday yig‘inlarda bobomizni hamsoya bolasi sifatida xizmat qilish uchun chaqirganlar. Shoirlar, olimlar, san’atkorlar davrasi bobomga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan, albatta. Keyinchalik davrada o‘zlarining she’rlarini ham qiroat qiladigan darajaga yetganlar. Ustozlari Sayyidi Ahmadi Vasliy, davralarni qizitishing, she’r o‘qishing, odamlarni o‘zingga jalb qilishingdan senga faqat Gulxaniy degan taxallus to‘g‘ri keladi, deb aytganlar.

Ne bo‘lganda ham Orif Gulxaniy gul timsoliga ko‘p marta to‘xtalgan:

Gulshan ichra sarvinozim ayladi azmi xirom,

Gul yuzin oldida gul ming egilib aytur salom.

deb yozadi u.

Boychechak, lola, rayhon... 100 xil bog‘ guli

Yangitdan rang olayotgan, jonlanayotgan bog‘ni kezamiz. Kattagina, qariyb 6 sotixlik maydonda har bir tur tartib bilan, ma’lum bir hududchada ekilgan. Faqat binafshalargina butun bog‘ bo‘ylab tarqalib ketgan. Har yerda to‘p-to‘p, to‘p-to‘p binafsha... Plita yo‘lakka tutashgan yoki qaysidir daraxt ostida va yo issiqxona pliyonkasiga yondashgan to‘p-to‘p binafshalar. Kompozitsiya ataylab shunday yaratilganmikan? Muqimjon aka ichimdagini sezgandek aytib qoldilar: «Rahmatlik otam 1988 yilning fevral oyida, 76 yoshda olamdan o‘tganlar. Binafshaga mehrlari baland edi. Qayerga binafsha chiqsa, tegma, binafshalar mendan nishona bo‘lsin, kim kelsa shuni aytib berasan, deb vasiyat qilganlar. Shuning uchun qayerda chiqsa, tegmayman. Bog‘ning hamma yeriga yoyilgan. Juda barakali gul. Bittasi 50 tagacha urug‘ berib o‘zidan ko‘payaveradi. Samarqand binafshasi, deyiladi. Hidini sezayapsizmi?».

Bu iforni tuymaslik mumkin emas edi...

Lekin, boqqa bahor daragini har gal boychechak keltiradi. «Boychechagimiz ochilib bo‘ldi. Fevralning o‘rtalarigacha uni uchratishingiz mumkin edi. Bizdagi boychechak Qizil kitobga kiritilgan, oq rangli boychechak».

– Qizil kitobga kirgan o‘simliklaringiz ko‘pmi?

– Bilmadim. Men, axir iqtisodchiman-ku. Boychechagimiz Qizil kitobga kirganini Rossiyadan mehmonlar kelganida bilganman. 4-5 nafar sayyoh boychechak ochilgan vaqtda kelib qoldi. Bittasi bilar ekan,  ko‘zlari chaqnab, «E-e-e, bu Qizil kitobdagi o‘simlik» deb oldiga yugurib bordi. Keyin atrofida rosa aylanishdi.

Bog‘ning boshlanish qismida 3-4 dona sariq va gulobi-oq rangli lolalar gullagan. Muqimjon akaning aytishicha, hozirda yerda 3 mingtacha lola piyozi qolgan. Asosan, golland, gibrid lolasi. Keyin 20 xilcha har xil rangdagi lolalar ham bor ekan. «Otam o‘tgan asrning 30 yillarida Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetini bitirgan. Tabiatga oshufta bobom o‘g‘illardan birini biologiyaga, ikkinchisini geografiyaga yo‘naltirgan edi. Otam Yevropadan olib kelingan navlar haqida, ularning asli o‘zimizdan chiqqan, deb aytardi. «Bolam, Ohalik, Omonqo‘tan, boshqa tog‘larimizda ham ajoyib lolalar bor-ku, o‘shalardan vaqtida olib ketilgan va gibridlantirib, mana endi golland lolasi bo‘lib qaytib kelyapti», derdi. Keyinchalik adabiyotlarni o‘qib qarasam, olimlar haqiqatan ham gibrid lolalarning tarixi Eron, Markaziy Osiyo bilan bog‘liq deb xulosa berishyapti».

Tizib qo‘yilgandek lolalar erta-indin sizni hayratga solishga tayyorlanayotgandek. Havo yaxshi kelganda, aprelning 15-20 kunlarida lolalarning hammasi birdan gullaydi. O‘shanda boqqa keluvchilar soni ko‘payadi. «Lola sayli»ga keldik deyishadi ular.   

Bog‘da bizning bog‘dorchiligimiz uchun yangi bo‘lgan gullar ham kam emas. Ularni Muqimjon akaning dadalari, keyinchalik o‘zlari, qaysi mamlakatga borsa, o‘sha yerdan olib kelgan.

«Mana bu moroznik, deyiladi. Bu ham boychechak bilan oldin-keyin gullaydi, bahor elchilaridan biri. Kavkazdan olib kelingan. Dekabr oyidan gullay boshlaydi, mana hozir gulbarglarini to‘kishni boshlagan. Qorning ostidan ko‘rinish beradigan bu gulning bizda 3-4 xili bor».  

«Bu giatsint, binafsha emas. Sharq giatsinti, deyiladi».  

– Bu-chi, bu qanaqa gul?

– Bu yukka. Yukka guli oppoq bo‘lib ochiladi. Gullamagan paytida savsan gulga o‘xshab ketadi. Lekin guli o‘rtasidan baland bo‘lib chiqadi. Shunda piramidaga o‘xshab chiroyli ochiladi. Bunisi, odatdagi plyush, ya’ni, pechak.

«Pastdagi gullar barvinok maliy, deyiladi. Yaltadan olib kelingan». Molodilo degani esa qishda qizg‘ish, yozda yashil tus olarkan. Uni tuvakda ham, yerda ham o‘stirsa bo‘larkan.

Xullas, hovlida ekilgan bog‘ gullarining tur va xillari soni 100 ga yaqin ekan. Xona gullari, ya’ni tuvakda o‘sayotgan gullar xili esa 300 dan ko‘proq deyishdi.

«Shu kichikroq bog‘da 100 atrofida mevali daraxt va butalar ham bor.  Jami  500 tur va xildagi o‘simlik parvarish qilinayapti» – deydi Muqimjon aka.

 Yaxshidan bog‘ qolar...

Orif Gulxaniy davrida tabiiyki, Amriqoyu Kavkazdan olib kelingan o‘simliklar bo‘lmagan. Shoirdan qolgan meros asosan bog‘, xilma-xil turdagi mevali bog‘, o‘nlab navlardagi uzumzor. Lekin, o‘sha bog‘dorchilik mehri farzandlari, nabiralari singgani tufayli asrlar osha bog‘ bog‘ligicha qolayapti.

Bog‘da yagona uchratgan sabzavotim anzur piyozi bo‘ldi. U ham har joy, har joyda ekani e’tiborimni tortdi. Muqimjon aka yana qiziq ma’lumot bilan o‘rtoqlashadi: «O‘shanda bolaman, otam bilan bog‘da ishlayapmiz. Hamma meva daraxtlari ostida shu anzur piyozini ko‘raman. Nimaga kerak bu deyman. Bilsam, daraxt atrofida anzur piyozi bo‘lsa, hidi o‘tkir-ku, qurtu chumoli, boshqa-boshqa hashoratlarni yaqinlashtirmay, daraxtni himoya qilar ekan. Tabiiy muvozanatni saqlash uchun kerak bo‘larkan. Bobomiz ana shuning uchun har bir daraxt ostida anzur piyozini o‘tqazib ketgan».

Asrlar o‘tayapti, Orif Gulxaniy o‘zi ekkan daraxtlar qarib, qurib borayapti. Undan bugunda qolgani – bitta g‘o‘lingi o‘rigu, bitta shohtut. Daraxtlarni xonadonda ko‘z qorachig‘idek asrashadi. Yana bir katta o‘rik daraxti ichi g‘ovak tortib, shoxlari qars-qurs sinib, boshqa yashnamaydigan bo‘lganda esa, loaqal kundasini asrab qolish uchun, ochilib qolgan joylariga bo‘yoq surtishdi, manzarali qiyofa berishdi. Baribir boboning qo‘li tekkan, tabarruk daraxt-da...

Avvaliga Olimjon Gulxaniy (ular ham she’rlar yozgan), keyinroq Muqimjon aka bog‘ni muntazam yangilab bordilar. «Mana bu daraxtga qarang, bir tomoni gullayapti, boshqa shoxi hali uxlayapti, uchinchi shox esa endi gullash oldidan. Bu o‘rik daraxtida 5 xil nav payvand qilingan». Bunisi hali holva ekan. Bog‘ etagidagi o‘rikda 11 xil nav payvandlangan: mohtobi, ruhijonon, xasakisi, qandak... Bularning barini Muqimjon Orifiyning o‘zi payvand qilgan. «Hammasi bir yilda payvand qilinmagan. Har yili qo‘shib-qo‘shib borilavergan. Ba’zilari pishib tugagan vaqtda, kechpishari yetilib kelayotgan bo‘ladi. Mana bunda ham to‘rt xil o‘rik bitta daraxtda. Anavinisida ikki xil navdagi o‘rik».  

Bog‘bon faqat olmalarini kasallik yengayotganidan taassufda. O‘rtapishar golden olmasiga 12 xil olma navini payvand qilganini shunday eslaydi: «Men unga kechpishar, ertapisharlarini ham payvandladim, ko‘tarolmadi. Kasal bo‘ldi. Shunda tirik shoxlari yo‘qolib ketmasin deb, novdalarni olib alohida o‘tqazdim. Vaysinab degan olmamiz juda chiroyli bo‘ldi. Biroq, ikkinchi, uchinchi yili vaysinab ham xuddi o‘sha kasallik bilan qurib ketdi».

«Boburnoma»da Samarqand olmasi ta’rifini eslaysizmi? Shu navni erinmasdan Boysundan topib, olib kelgan shu Muqimjon aka bo‘ladi. Buyog‘ida olmalari endi kasal bo‘lmasin.

Gulxaniy bog‘idagi noyob daraxtlardan biri Tasbeh daraxti. Tanasi qip-qizil. Yog‘ochidan yaxshi mebel chiqarkan. Mevasi qobig‘i ochilganda, ichidan tayyor, igna o‘tkazsa bo‘ladigan teshigi bor tasbeh donasi chiqadi. «Italiyada Taskana degan vodiy bor. O‘sha vodiyda o‘sadi bu daraxt. Italiyada bo‘lganimda bir necha dona urug‘i, ya’ni tasbeh donasini olib kelganman. Ekdim, hosil qilardi. O‘tgan yili qish qattiq kelganida sovuq urdi, lekin mana tagidan yana chiqayapti». Ma’lum bo‘lishicha, bitta urug‘dan (deylik, munchoqdan) 3-4 ta ko‘chat unarkan. Muqimjon aka har yili o‘rkazadigan xayriya tadbiri doirasida Tasbeh daraxtining yuzlab urug‘ini tarqatgan.

Gulxaniy bog‘ida o‘rmon yong‘og‘i – funduk ham gullagan. Fundukdan har yili meva olinayotgani, bizning sharoitda funduk bo‘lmaydi degan fikrlarga qarshi isbot tariqasida aytildi.    

Bog‘dan yapon anori, forzitsiya, buzina, Xitoy bambuki kabi o‘nlab butalar ham joy olgan. Ularning har birining o‘zligi bor. Masalan, huuv, gilosga yaqinroq joydagi Xitoy bambugi – Pandaning yemagi...

(Davomi bor)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring