Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Charchab ketdim, opa...» — Gulzuhra normal hayotga qachon qaytadi?

«Charchab ketdim, opa...» — Gulzuhra normal hayotga qachon qaytadi?

Foto: Xabar.uz

  • O‘zbekistonda «Xotin-qizlarga nisbatan zӯravonlikka qarshi 16 kun» aksiyasiga start berildi.

Gulzuhra Saydullayeva haqida ijtimoiy tarmoq, ayniqsa, feysbukdagi faol qatlamning aksariyati bilishadi, bo‘lmaganda, eshitgan chiqishadi. U shu yil ko‘klamida ayol sifatida misli ko‘rilmagan bosimni boshidan kechirgandi.

O‘shanda Gulzuhra Saydullayeva Samarqand viloyati «Hududiy elektr tarmoqlari» mas’ul xodimining ayollarga zo‘ravonlik harakatini fosh qilgandi. Ayol, endi ishdan noqonuniy tarzda ketkazish muammosiga yuzma-yuz bo‘lib o‘tiribdi. Uni ishdan ketkazish kimga va nimaga kerak bo‘lib qoldi? Ne bo‘lganda ham Gulzuhra Saydullayeva, o‘zining aytishicha, hozirda yana haqiqat uchun kurashishiga, kuchli bo‘lishiga, buning evaziga sog‘lig‘ini yo‘qotishiga to‘g‘ri kelyapti.   

Gulzuhra 40 yoshda. 2010 yildan buyon «Hududiy elektr tarmoqlari» («HET») AJ Samarqand hududiy filialida ishlab kelgan. U faoliyatini elektromontyorlikdan boshlagan. Keyin o‘z tirishqoqligi, mehnati orqali pog‘onama-pog‘ona filialning umumiy ishlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari vazifasigacha o‘sib borgan.

Gulzuhra: «Asoslab bering, ӯg‘rimanmi, jinoyat qildimmi?»

«Hali sobiq direktorimiz Qurbonov ketari oldidan bosim boshlandi, ochiqchasiga keting, dedi. Menga Tayloq tumanida elektr bo‘yicha rahbarlikni va’da berishdi. Debitorni tushunmasam, eksplutatsiyani tushunmasam, bormayman, lavozim menga kerak emas, dedim. Shundan keyin, may oyida o‘qishim boshlandi. Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Namangan filialida sirtdan o‘qiyman. O‘sha paytda 3-bosqichni bitirish arafasida Namanganga jo‘nadim. Qaytsam, Umid Nazarov Fayzulla Qurbonovning o‘rniga vaqtinchalik direktor vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yilgan ekan. U kishi bizga kelganiga ko‘p bo‘lmagan, ozroq vaqt moliya bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan edi.

Bir kun selektor yig‘ilishi bo‘layapti. O‘zimizning tashkilotning viloyat, tuman rahbarlari kadr ortida. Shu vaqt Umid Nazarov Gulzuhra opa arizangizni yozing, dedi. Asos nimaligini so‘radim. Keyin aytaman, dedi. Arizani yozdim, lekin sanasini qo‘ymadim. Chiqib ketayotgan edim, ketmay turing-da, xonamga kiring, dedi. Qabulxonada selektor yig‘ilishi tugaguncha kutdim. Keyin «Telefoningizni tashlab kiring», dedi. Shunday qildim. «Iltimos, qarshilik ko‘rsatmang, ketmasangiz bo‘lmaydi» dedi. Men esa «Asoslab bering, o‘g‘rimanmi, bir joyda  jinoyat qildimmi? Meni kim boqadi, mening uchta farzandim bor. Mani boquvchim bo‘lmasa» deya ichimdagini to‘kib soldim. «Yo‘q ketmasangiz bo‘lmaydi. Mayli, sizni boshqa bir tashkilotda yaxshi lavozimga qo‘yamiz» dedi. Men aytdim «Aka, menga lavozim kerakmas, mansab kerakmas, menga ish bering – bo‘ldi». «Yo‘q, ketishingiz kerak!» dedi. Men «Ketmayman!» dedim. «Ketasan! Yeshe kak ketasan!» dedi u. Bu iyunning o‘rtalaridagi voqea. Hayotdagi qiyinchiliklar ta’sirimi, shusiz ham yuragim kasal. Tunda mazam bo‘lmay qoldi... Anchagina davolanishga to‘g‘ri keldi. Zaiflashib borayotgan tanada huv unutilib ketilgan boshqa kasallaring ham o‘zligini ko‘rsatar ekan...

Xullas, qonunga xilof tarzda bo‘lsa ham 27 iyul kuni meni ishdan bo‘shatish haqida buyruq chiqarildi. Boshida qattiq tushkunlikka tushdim. Keyin o‘zimni qo‘lga olib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga murojaat qildim. Advokatim professional darajada ishladi, sud xolislik qildi. 13 oktyabr kuni mening foydamga sud qarori e’lon qilindi. Lekin, hamon ishga tiklanganim yo‘q. O‘yin davom etmoqda.

Opa, to‘rtta kreditim bor. Ayni ishsiz qolgan paytimda qizimni chiqardim, unashtirib qo‘yilgan edi. Qolaversa, men boqimanda emasman. Idoralar eshigi oldida yotib olib, uy talab qilmadim. Kreditga uy olganman. Yaxshi niyatlar bilan shu yoshimda oliygohga kirdim. Kontraktimni ham kredit orqali to‘lab kelayotgan edim.

Qizimni uzatganim bilan uni ham e’tiborsiz qoldirolmayman. Uydagi bolalarim — 9-sinf, 6-sinf. Ularni yeb-ichirishim kerak, ular temir emas-ku. Besh oydan buyon hech bir daromadsiz yashashning o‘zi bo‘ladimi? Gender tenglik deymiz. Prezidentimiz bu masalaga alohida e’tibor beryapti. Lekin, joylarda ularning aytganlariga qo‘l siltovchilar borligini mening misolimda ko‘ravering...»

Direktor: «Buyruqqa men qo‘l qo‘ymaganman»

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filialiga borgan kunim 14 noyabr edi. Sudning Gulzuhra Saydullayevaning ishga tiklash haqida hal qiluvchi qarori chiqqanidan roppa-rosa bir oy o‘tgan kun. Qaror 13 oktyabrda chiqqan. Bu davr ichida apelyasiya va kassasiya tartibida shikoyat berilmagan.

Mavzuni o‘rganmoqchi bo‘lganimni bilgach, filial direktori Umid Nazarov «Yaxshi ayolga o‘xshaysiz. Siz kimni himoya qilayotganingizni bilasizmi?» dedi dabdurustdan. Ochig‘i, o‘shanda Gulzuhra bilan hali ko‘rishmagan edik. (Ayolning yuqoridagi hikoyasi ertasi kuni yozib olindi) Lekin, sudda yutib chiqqani, shunga qaramay ijro hamon bajarilmaganidan xabardor edim. Shuning o‘zi jurnalist surishtiruvi uchun yetarli emasmi?  

Avvaliga «Yozmang» deb ko‘rishdi, keyin sud orqali ishiga tiklanib, bugunda safda bo‘lgan boshqa bir ayol xodimlari haqida yozishni tavsiya qilib ko‘rishdi... Gulzuhra Saydullayevaning mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo‘lgan hujjatlarni so‘radim. Shunda Umid Nazarov «Buyruqqa men qo‘l qo‘ymaganman, men yo‘g‘imda ishdan ketkazilgan. Tiklangan bo‘lsa, marhamat kelib ishlayversin» deb qoldi. Haqiqatdan ham shartnomani bekor qilish haqida buyruq chiqqan 2023 yilning 27 iyul kunida Umid Nazarov Turkiyada dam olayotgan bo‘lgan. Lekin, bundan sal avvalroq, 18 iyulda Saydullayeva mehnat shartnomasini bekor qilishga qaratilgan «HET» Samarqand hududiy filiali kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi nomiga yozilgan taqdimnomani Umid Nazarovning o‘zi imzolagan. (Darvoqe, Gulzuhraga ixtiyoriy-majburiy tarzda yozdirib olingan ariza sana qo‘yilmagani sabab haqiqiy emas deb topilgach, yangi harakatlar boshlangan).  

Taqdimnomada Gulzuhra Saydullayeva yil davomida bir necha marta intizomiy jazoga tortilgani haqidagi buyruqlar raqamlari keltirilgan. Iqtibos: «...buyruqlarni inobatga olib, G.Saydullayeva o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik va sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun Sizdan O‘zbekiston Mehnat Kodeksining 161-moddasi, 4 va 6-bandi — Xodimni o‘z  mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan o‘zga sabablar (asoslar)ga asosan (Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish) Samarqand hududiy filiali umumiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Saydullayeva Gulzuhra Eshmamatovna bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berishingizni so‘rayman... Samarqand hududiy filiali direktori v.v.b. U. Nazarov»

Ana shu taqdimnoma asosida 2023 yilning 21 iyul kunida korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi yig‘ilishi o‘tkazilib, Gulzuhra Saydullayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berilgan.  

Shundan so‘ng, Gulzuhra Saydullayevaning mehnat shartnomasi filial direktori v.v.b A.Norqobilov imzosi bilan O‘zbekiston Mehnat Kodeksining 161-moddasi 4-5-6 bandlariga asosan bekor qilingan (qizig‘i, A.Norqobilovning o‘zi ham taqdimnomada ko‘rsatilgan, qator mas’ul xodimlar intizomiy jazoga belgilanishi haqidagi buyruqlardan birida maoshining 50 foizi miqdorida jarimaga tortilgan.)

«Turing, sud kelyapti!»

Ishni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi Narzulla Muratov olib borgan. Jarayonning birinchi majlisi 15 sentyabrda boshlangan. «HET» hududiy filiali direktori Umid Nazarovning iltimosnomasiga ko‘ra, sud uning ishtirokisiz o‘tgan.  Biroq, ishonchli vakil qatnashgan.

Sud jarayonida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filiali ma’muriyati Mehnat haqidagi qonunni qo‘pol ravishda buzib Saydullayevani ishdan bo‘shatgani isbotini topgan. Korxonadagi mehnat qonunchiligi Nizomi bo‘yicha Gulzuhra Saydullayevani ishdan bo‘shatishda avvalo «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining roziligi bo‘lishi kerak edi. Chunki, Gulzuhra Saydullayeva direktor o‘rinbosari. Biroq, uning mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududiy filial direktori tomonidan amalga oshirilgan.

To‘g‘ri, sud hujjatlari orasida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi imzosi bilan Saydullayeva mehnat shartnomasini bekor qilishga ruxsat berilgani borasida hujjat bor. Lekin, u 29 sentyabr sanasi bilan qayd qilingan. Saydullayeva mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq 27 iyulda chiqqan! Xo‘sh, javobgar tomon bu nomuvofiqlik bilan uzoqqa borib bo‘lmasligini bilmasmidi?

Da’vogar advokati Manzura Hakimova shu jihat ustida alohida to‘xtaldi: «Ular sudda o‘yin qilib ko‘rishdi. Men sudda Saydullayevani ishdan bo‘shatishda aynan respublika «HET» AJ boshqaruv raisi rozilik berganligi haqidagi hujjatni talab qilganimda, ular bu hujjat bor, deyishdi. Keyingi sud majlisida ular 2023 yil iyul sanasi bilan respublika «HET» AJ boshqaruvi raisining roziligi mavjudligi haqidagi ma’lumotni sudga taqdim qilishdi. Men ertasiga respublika «HET» AJ  nomiga o‘zimning advokatlik vakolatim asosida haqiqatdan ham shu hujjat iyul oyida berilganmi deya so‘rovnoma kiritdim. Keyingi sud majlisida «HET» AJning vakili guvoh sifatida so‘ralganda «Yo‘q, bu hujjat bizdan 2023 yil sentyabr oyida berilgan» dedi. Shu joyda sudga javobgar tomonidan qalbakilashtirilgan hujjat taqdim qilingani aniq bo‘ldi».

Sudga qalbakilashtirilgan hujjatni taqdim qilish uchun qayerdan kuch olish mumkin? Sudda javobgar tomondan ishonchli vakil sifatida oddiy xodim emas, yurist Shukur Eranov ishtirok etgan!

Saydullayevaning ishdan bo‘shatilish jarayonida noqonuniylik faqat respublika miqyosidagi rahbarning ruxsati bo‘lmagani bilan cheklanmagan. Sudda, Saydullayeva, yuqorida tilga olingan, xodimning ishdan ketkazishga asos deb aytilgan buyruqlarning birortasi bilan tanishtirilmagani ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, MKning 313-moddasiga ko‘ra, ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilgan kundan e’tiboran uch ish kun  ichida, unga jazoning sabablari ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib e’lon qilinishi lozim. O‘ziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi bo‘lmagan, deb hisoblanishi belgilangan. «Qolaversa, taqdimnomada unga nisbatan oldin qo‘llanilgan intizomiy jazo choralari ko‘rsatilgan, kasaba qo‘mitasi esa uni xulq bo‘yicha ko‘rsatib, shunda ham aynan qaysi nojo‘ya xatti-harakatlar uchun unga intizomiy jazo chorasi qo‘llanganini asoslamay, ishdan bo‘shatishga ruxsat beryapti“, deydi advokat Manzura Hakimova.

Sud qarorida jamiyat kasaba uyushma qo‘mitasi yig‘ilish haqida shunday deyiladi: «...bayonnoma mazmuniga ko‘ra G.Saydullayevaning intizomiy jazolarga tortilganligi ichki mehnat tartibi qoidalarining 4, 5 va 6-bandlarini muntazam ravishda buzib kelganligi qayd qilingan bo‘lsa-da, aynan intizomiy jazoga tortilgan holatdan so‘ng ichki mehnat tartibi qoidalarini qaysi nojo‘ya xatti-harakati bilan sodir qilganligi qayd qilinmagan».

Sud qaroridan:

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filialining 2023 yil 27 iyul kunidagi 97-sonli buyrug‘i bekor qilinsin.

Saydullayeva Gulzuhra Eshmatovna «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filiali direktorining umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga tiklansin...»

Vaqti juda tig‘izligi ko‘rinib turgan, bir suddan chiqib ikkinchisiga kirayotgan Narzulla Muratov bilan qisqagina suhbatlasha oldik: «Boshqa korxonalarni ham qo‘shib hisoblaganda, so‘nggi oylarda 7 nafar xodimni ishga tiklash haqida qaror chiqardik. Lekin, bu degani, ishga tiklanish maqsadida murojaat qilganlarning hammasi ham tiklana oladi, degani emas. Asoslar yetarli bo‘lsa, noqonuniylikni isbotlab berish imkoni taqdim etilganda, da’vogar da’vosi albatta qanoatlantiriladi», dedi sudya.

Sud zalidan tashqaridagi mulohazalar

Aslida maqolani shu joyda ham yakunlash mumkin edi. Lekin, aytilmagan, aytilishi zarur bo‘lgan holatlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Gulzuhraning o‘zi ham, biror yaqini yoki advokati ishtirok etmagan Kasaba uyushmasi qo‘mitasi yig‘ilishi bayonnomasini diqqat bilan o‘qigan kishi, nimalarnidir albatta ilg‘aydi.

Kasaba uyushmasi yig‘ilishidan:

 «HET» AJ Samarqand hududiy filiali xodimlar bo‘limi boshlig‘i Feruz Sattorov: «...U internet tarmoqlarida chiqishlar qilib hammaning ustidan loy ag‘daradi».

Rayhona Sharipova, kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zosi: «Shu ayolni yaxshi bilaman, ko‘nglida kiri yo‘q, ammo tili yomon... Men unga «Facebook»da qanday yomonlagan bo‘lsang, shunday chiqib kechirim so‘ra» deb aytganman».

Mahmud Muzaffarov, kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zosi: «Saydullayeva Gulzuhrani yaxshi taniymiz. Gulzuhra opa o‘zi yaxshi-yu, bir yerda avariya bo‘lsa erkaklar bilan barovar yarim tungacha o‘sha yerda bo‘ladi. Uning ishi zo‘r bo‘lsa ham axloqi haqida bu gaplar aytilyapti. ...Yuqoridagi buyruqlardan ko‘rinib turibdiki, ikki tomonni yarashtirishni imkoni bo‘lmasa, bu ishni qonun doirasida ko‘rib chiqish kerak».

Gulzuhra bilan suhbatda, u garchi umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lsa ham, matbuot kotibligidan qolgan odati, murojaatlar bo‘lganda kunmi, tunmi avariya joyida bo‘lib, videotasvirga olib, ahvolni bor-boricha ko‘rsatishini aytdi. Yuqorida, mas’ul xodimlardan birining ayollarga nojo‘ya munosabati haqida to‘xtaldik. Buning ortidan, korxona boshqaruv tizimidagi kamchiliklar ham ijtimoiy tarmoqlar orqali yoyilgani sir emas.  

Yana bir jihat. Besh kun ishga chiqmagan va kasallik varaqasi bo‘lgan xodim ortidan u rostdan ham kasalmi yoki yo‘qmi deya viloyat sog‘liqni saqlash boshlig‘iga chiqqan kasaba uyushmasi raisi bosimini qanday tushunish mumkin? Ayol 27 iyunda qator tibbiy tekshiruvdan o‘tgani va shu kunda o‘tkir kasalliklar xuruji tasdiqlangan. Ammo, aynan shu kundan boshlab kasallik varaqasi davom ettirilmagan. Buyruqqacha bo‘lgan davrdagi ana shu muallaqlik esa progul deb aytilgan va ishdan chetlatishga yana bir sabab sifatida qo‘llanilgan. Gulzuhra, poliklinika bosh vrachi «Opa, siz uchun bizga bosim bo‘lyapti» deganidan so‘ng u yerga bormay qo‘yganini eslaydi.

Masalaning hazm qilib bo‘lmaydigan yana bir tomoni, O‘zbekiston Respublikasi nomidan e’lon qilingan (13 oktyabrda) hal qiluvchi qaror bugunga qadar, mana shu satrlar yozilayotgan 27 noyabrda ham ijro etilmagan. 

«Xabar.uz»da mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, G.Saydullayeva masalasida Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filiali direktori nomiga talabnomani 8 noyabrda jo‘natgan (!).  Unda yozilishicha, «Saydullayeva Gulzuhra Eshmamatovnaning ishga tiklash haqidagi da’vo talabi bo‘yicha qabul qilingan sudning qarori asosida dargoh ishga qabul qilib hamda ishga tiklanganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirmani zudlik bilan taqdim qilishingiz so‘raladi».

«HET» AJ Samarqand hududiy filiali direktori Umid Nazarov 13 noyabrda ana shu talabanoma asosida «HET» AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev nomiga xat chiqargan. Unda jumladan shunday deyiladi: «...G.Saydullayevani... Umumiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga tiklash to‘g‘risidagi da’vosi qanoatlantirilganligini inobatga olib, mazkur lavozimga tiklash masalasini qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqishingizni so‘rayman».

2400 nafar xodimga rahbarlik qilayotgan Umid Nazarov O‘zbekiston Respublikasi nomidan e’lon qilingan va ijroga qaratilgan sud qarori muhokama qilinmasligi, o‘zgartirilmasligini bilmaydimi?  (Shu o‘rinda, Nazarov sudni uning ishtirokisiz o‘tkazish haqidagi sudya Muratov nomiga iltimosnomasini «...da’vogarning da’vosini rad qilishingizni so‘rayman» deb yakunlagani beixtiyor xayoldan o‘tadi.)

AJ boshqaruv raisi nomiga yozilgan xat shunchaki bildirish nuqtai nazaridan jo‘natilgan bo‘lsa, shunchaki javob qachon keladi? Gulzuhra normal hayot tarziga qachon qaytadi?

Advokat Manzura Hakimova

Advokat Manzura Hakimova so‘nggi yillarda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filialidan qonunga xilof tarzda ishdan bo‘shatilgan 20 dan ortiq xodimni ishga tiklaganini aytadi. «Ularda umuman mehnat qonunchiligi ishlamaydi. Ular xohlagan odamini ishdan bo‘shata oladi. Men hammasini  asoslab berib hal qiluv qarori chiqarganimdan keyin ham qonunni mensimaslikda davom etishadi. Vaholanki, qonunga ko‘ra, ishga tiklash to‘g‘risidagi qaror darhol ijroga qaratilishi va ijro qilinishi lozim», deydi advokat.

Manzura Hakimovaning aytishicha, u ishga tiklagan xodimlar hal qiluvchi qaror chiqqandan so‘ng ham uch oylab, hatto undan ham ko‘proq vaqtda bekor yurgan. «Buyog‘iga endi prokuraturaga yozaverib, yozaverib, oxiri, to‘rt tomondan iskanjaga olinganda, nihoyat, da’vogar mehnat jamoasiga qaytadi».

O‘ylanib qolasan kishi. Ishdan nohaq bo‘shatilgan xodim sudgacha ham qandaydir vaqt bekor yuradi. Undan keyin ham necha oy ishlamasa. Lekin, bir kuni ishga qaytganda 5-6 oylik maoshni to‘plab oladi. Bundan tashqari, ma’naviy zarar, pochta xarajati, davlat boji, videoaloqa va falon-falonlar uchun mablag‘ni Nazarovlar, Eranovlar cho‘ntagidan to‘lamaydi. Ana shuncha mablag‘ davlat xazinasidan sovuriladi. Qiziq, bizda nohaq bo‘shatilib, ishiga qayta tiklanganlar bo‘yicha monitoring olib boradigan biror tashkilot bormi? Mamlakat bo‘yicha shu yo‘sinda qancha moddiy zarar ko‘rayapmiz ekan? 

Gulzuhra bir kuni ishga qaytishiga, maoshlarini olishiga umid qiladi. Lekin, hozircha qiynalayapti... «Ruhan ham ezilib ketayapman» deb yozdi u onlayn suhbatda. Keyin «Eng yomon adolat – kechikib bo‘y ko‘rsatgan adolatdir» degan zarqog‘ozni jo‘natdi.  

Qayerdadir o‘qiganim, «Insonni xo‘rlash uchun uni tutib urish shart emas» degan hikmat yodga tushdi.

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring