Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Ikki hokimga «ikki» baho: Kitobdagi «Obod qishloq» uch yildan beri obod bo‘lmayapti

Ikki hokimga «ikki» baho: Kitobdagi «Obod qishloq» uch yildan beri obod bo‘lmayapti

O‘ngda Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayev, chapda Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov.

Foto: Xabar.uz

«Bu qishloqqa ega yo‘q, hech kim gapirmaydi...»

Roppa-rosa to‘qqiz oy avval «Obod qishloq»da «dam yeb yotgan» qurilishlar: befarqlik va mas’uliyatsizlik qachongacha davom etadi?» nomli maqola yozilgandi. Unda o‘zim istiqomat qilayotgan Qashqadaryo viloyati, Kitob tumanidagi Katta To‘pchoq qishlog‘ida chala tashlab ketilgan «Obod qishloq» loyihasi bo‘yicha kamchiliklar qalamga olingandi. Mana 2021 yil, oktyabr oyi oxirlashyapti: aqalli bir kesak olinib, qo‘yilgani yo‘q. Qishloq odamlari bir gapirib qo‘yishadi, so‘ng hamma o‘z tirikchiligiga sho‘ng‘ib ketadi. Binoyiday shifoxona binosi buzib tashlangan, o‘rniga g‘ishtli chala imorat qaqqaygan, choldevorlar orasi chiqindixonaga aylangan. 

2019 yil boshlangan qurilish shu taxlitda yotibdi. Foto: Xabar.uz
Foto: Xabar.uz

Koronavirus pandemiyasi va Sardoba voqeasi, yolg‘on bo‘lmasin, ayrim rasmiylarga «chiqish eshigi» vazifasini bajarib berdi. Biron muammo yuzasidan izoh so‘rasang, shu ikki falokatni misol qilib keltirishadi. Mana, Sardoba jarohatlari ham bitdi, virus bilan ham el bo‘lishga ulgurdik, ammo joylarda chala qolgan ishlar, shu jumladan To‘pchoqdagi obodonlik ishlari ham sudralib qolgan. 

Qishloq aholisi bilan suhbatlasharkanman, ular bir so‘zni ko‘p takrorlashdi: «Bu qishloqqa ega yo‘q, hech kim gapirmaydi...»

Balki bu gap rostdir: MFY raisi Jalol Gadoyev uchun go‘yo bu masala mavjud emas. 

«Hokim keldi, ammo tayinli gap gapirmadi...» — mahalliy faol

— Kitob tumani hokimi Alisher Zokirov masaladan xabardor. Ammo negadir bu masalaga befarqroq. Avvaliga hokimning shijoatini ko‘rib, xursand bo‘lgandik, deydi mahalliy aholi vakili Dilshod Qarshiyev.  Shaxsan o‘zim hokimga va uning matbuot kotibi Oqilovga internet orqali materiallar yubordim. Hokim qishloqqa keldi, ammo chala ishlar haqida tayinli gap aytmadi. 

Dilshod Qarshiyev.

Keyin viloyatga, hokim Zoyir Mirzayevning ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qildim, surat va materiallarni yubordim. Hokimning matbuot kotibi Ahror Sodiqovga shu yilning 14 may kuni murojaat qilgandim. Ammo u pinagini ham buzmadi. Hatto salomimga alik ham olmadi (skrinshot ilova qilinadi). 



Hokim Zoyir Mirzayevning barcha rahbarlar toqqa chiqib ketishi haqidagi videosini ko‘rdim. Tog‘dagi muammolarni o‘rganish yaxshi. Ammo quyida, markazroq hududlarda ham ahvolga havas qilib bo‘lmaydi. Qilingan ishlarning ham aksariyati sifatsiz qilingan. Uch yil bo‘lmay qilingan asfaltlar cho‘kib yotibdi. Ko‘chaga yangi simyog‘ochlar, yoritish chiroqlari o‘rnatilmadi. Mana quyidagi Sevaz qishlog‘ini oling. Haqiqiy obod qishloq. Ularga havas qilsa arziydi. 

Gap ko‘p, natija yo‘q 

Muammo haqid so‘rasangiz, rasmiylar allaqanday amalga oshmay qolgan rejalar, mas’uliyatdan bo‘yin tovlagan korxonayu, tashkilotlar haqida gapirishadi. Bir narsa aniq bo‘lib boryapti: MFY binosi bo‘lishi kutilgan ob’yekt rejasiz boshlangan. Afsuski, mas’uliyatsizlik jabrini oddiy aholi tortyapti, chala bino va buzilib yotgan imorat qishloq markazini buzib turibdi. 

Bu so‘zlar tuman va viloyat rahbarlariga qishloq aholisidan jamoaviy murojaatdir: keling, vaziyatni ko‘ring. Prezident tashabbusi bilan boshlangan «Obod qishloq» dasturi gap-so‘zlarga sabab bo‘lmasin. Zero ushbu so‘zlar, muammoga chetdan qaragan emas, uning ichida yashayotgan inson tomonidan yozilmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring